Turkiya G‘azodagi urush tufayli Isroilga eksportni chekladi

Jahon 11:17 / 10.04.2024 4126

Turkiya G‘azo sektoridagi urushda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini e’lon qilinmaguniga qadar Isroilga eksportni cheklamoqda. Cheklovlar 54 toifadagi tovarlar, jumladan po‘lat, kerosin, o‘g‘itlar, qurilish texnikasi va mashinalar eksportiga kiritilmoqda, deb xabar qildi Savdo vazirligi 9 aprel, seshanba kuni Anqarada cheklov choralari darhol kuchga kirishini ta’kidlab.

«Ushbu qaror Isroil xalqaro huquqdan kelib chiqadigan majburiyatlari doirasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilmaguncha va bu mintaqaga yetarli miqdorda gumanitar yordamning to‘siqsiz yetib borishini ta’minlamaguncha kuchda qoladi», — deyiladi Turkiya Savdo vazirligi bayonotida. 

Turkiyaning Isroilga qarshi birinchi jiddiy chorasi

Turkiya bu cheklovlarni Isroil G‘azo sektoriga falastinlik tinch aholiga havodan insonparvarlik yordami yetkazishda ishtirok etish so‘rovini rad etganidan keyin kiritdi. Bu Turkiyaning G‘azo sektorida olti oydan ortiq davom etayotgan butun urush davomida Isroilga qarshi birinchi jiddiy chorasidir.

Anqara Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi harakatlarini keskin tanqid qildi, biroq qattiq ritorikaga qaramay, Isroil bilan savdo aloqalarini uzmoqchi emas. Shu bois Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakat aholisi tomonidan qattiq tanqid ostiga olindi.

6 aprel kuni politsiya Istanbulda Turkiyaning Isroil bilan savdo aloqalarini uzish talabi bilan chiqqan o‘nlab namoyishchilarni qo‘lga oldi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 33 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: