3 aprel kuni Tayvanda 25 yil ichidagi eng kuchli zilzila ro‘y berib, minglab kishilar jarohat oldi. Zilzila kuchi 7,4 magnitudaga teng bo‘lgan va 770 ta bino zarar ko‘rgan. Biroq shu binolar ichida dunyoda balandligi bo‘yicha 11-o‘rinda turadigan Taipei 101 eng kam zarar ko‘rgan inshootlardan biri bo‘ldi. Qanday qilib 508 metrli binoga deyarli zarar yetmadi?
Hammasiga Taipei 101da o‘rnatilgan mayatnik yordamlashgan. U tilla rangida bo‘lgan 660 tonna keladigan po‘lat shar bo‘lib, yerdan 305 metr balandlikda bino markazida 87- va 92- qavatlar orasida o‘rnatilgan.
Bu mayatnik zilzila yoki kuchli shamol paytida binoning harakatiga qarshi turish uchun tebranadi va shu bilan binoning tebranishini 40 foizgacha kamaytiradi. Olimlarning aytishicha, mayatnik binoning tebranishlarini muvozanatlashtirib, zilzila paytida yerdan keladigan to‘lqin bilan garmoniya hosil qila oladi. Natijada osmono‘par binoning qulashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mayatnik 41 ta qatlamdan iborat bo‘lib, ularning har biri qalinligi deyarli 13 santimetrdan, diametri taxminan 549 santimetrni tashkil qiladi. Qurilmani osib qo‘yish uchun har birining kengligi 9 santimetr va uzunligi 4 metr bo‘lgan to‘qson ikkita po‘lat kabel ishlatilgan. “Tuned Mass Damper” deb ataladigan bu mayatnik dunyoda eng kattasi hisoblanadi.
Taipei 101 osmono‘par binosi 2004 yilda qurilgan bo‘lib, Jahon moliya markazi sifatida mashhur bo‘lgan. Bino 101 qavatdan iborat va qurilgan vaqtida dunyoning eng baland binosi deb e’tirof etilgan. 2010 yilda Burj Halifaning qurilishi Taipei 101 dan eng baland bino statusini olib qo‘ydi.
Taipei 101ning zilziladan yaxshi holatda chiqishiga sabab bo‘lgan mayatnik Italiyaning Padua shahri Selvassano provinsiyasida Fip Mec kompaniyasi tomonidan qurilgan. Kompaniya 1974 yildan beri ko‘priklar va binolarni himoya qilish uchun antiseysmik qurilmalar chiqarib keladi.
Mayatnik padualik professor Renato Vitaliani tomonidan sinovdan o‘tkazilgan. Vitaliani mayatnikning ishlashini tekshirgan va u seysmik zilzilalar va kuchli shamol urishlarini muvozanatlashtirish qobiliyatini tasdiqlagan.
Mayatnik binoga faqatgina zilzila emas, kuchli shamollarda ham yordam beradi. Shamol vaqtida mayatnik qanday ishlashini ko‘rish uchun Taipei 101ga sayyohlar tashrif buyurib turadi.
“Mayatnik minoraning tebranishlariga teskari fazada ishlab, ularni sezilarli darajada kamaytiradi. Uning atrofida energiyani tarqatuvchi, zilzila tugaganidan keyin mayatnikni bloklovchi tizimlar joylashgan”, – deb qo‘shimcha qiladi Vitalian.