Shveytsariyalik pensionerlar tashkiloti o‘z mamlakatlari hukumatiga qarshi sudda g‘alaba qozondi, ular davlatni global isishga qarshi kurashda yetarli choralar ko‘rmaganlikda aybladi. 9 aprel, seshanba kuni Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Shveytsariya rasmiylari Inson huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani, xususan, da’vo arizasi bergan iqlim faollarining shaxsiy va oilaviy huquqlarini buzgan deb topib, da’vogarlar foydasiga qaror chiqardi.
Shveytsariyada Greenpeace tashabbusi bilan tashkil etilgan pensiyadagi ayollar uyushmasi - Klimaseniorinnen a’zolari, yoshi ularni iqlim o‘zgarishiga, ayniqsa haddan tashqari issiqlik davrlari tufayli ayniqsa sezgir qilishini ta’kidladi. Greenpeace ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilotda Shveytsariya bo‘ylab 2500 dan ortiq ayollar bor, ularning o‘rtacha yoshi - 73 yosh.
Axborot agentliklarining ta’kidlashicha, ushbu sud jarayoni IHeS Katta palatasi tomonidan ma’lum bir mamlakatda CO2 tashlamalari bilan bog‘liq da’vo, shuningdek, iqlimni muhofaza qilish qanchalik inson huquqiga taalluqli ekani haqidagi da’voni birinchi marta ko‘rib chiqdi. Bu qaror kelajakda iqlim bilan bog‘liq sud jarayonlari uchun pretsedent bo‘lishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Strasburg sudida iqlimni muhofaza qilish bilan bog‘liq yana ikkita da’vo rad etildi. Xususan, IHeS olti nafar yosh portugaliyalikning Yevropaning 32 davlatiga qarshi da’vosi bo‘yicha qaror chiqarishdan bosh tortdi, chunki ular o‘z mamlakatlaridagi qonuniy imkoniyatlarni tugatmagan deb topildi. Bundan tashqari, sud Fransiyaning qirg‘oqbo‘yi shaharlaridan birining sobiq meri tomonidan iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha berilgan da’voni rad etdi.