Rossiyada 50 dan ortiq kishiga «FBK» bilan aloqasi bo‘yicha jinoiy ish ochildi

Jahon 13:07 / 10.04.2024 2709

«Xolod» jurnalistlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyada «ekstremistik hamjamiyat» deb tan olingan va 2021 yilda tugatilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi («FBK») bilan aloqalar bo‘yicha ochilgan jinoiy ishlar doirasida hozirgacha kamida 53 nafar ayblanuvchiga ayblov e’lon qilingan. Nashrning 9 aprel, seshanba kuni yozganidek, bu faqat ommaviy axborot vositalarida ma’lumotlar e’lon qilingan holatlar, biroq haqiqatda bundan ham ko‘proq kishi ta’qibga uchragan bo‘lishi mumkin.

«Xolod»ning hisob-kitoblariga ko‘ra, «FBK» ekstremistik ishi» bo‘yicha 53 nafar ayblanuvchining 18 nafari allaqachon sudlangan, 19 nafari qo‘lga olinishidan oldin xorijga chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan: ularning deyarli barchasi sirtdan hibsga olingan va qidiruvga berilgan. Yana 16 nafar sudlanuvchi hukm chiqarilishini kutmoqda (12 nafari tergov hibsxonasida, biri joyni tark etmaslik to‘g‘risida tilxat yozib bergan, yana biri ozodlikda, ikki kishining maqomi noma’lum). Bunday ishlarga aloqador barcha shaxslar haqiqiy qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Bundan tashqari, «Xolod» ta’kidlaganidek, ular orasida nafaqat Aleksey Navalniyning sheriklari, balki «ijtimoiy tarmoqlarda repost qilgani, qorga yozuv yozgani yoki 200 rubl xayriya qilgani uchun ta’qibga uchragan» oddiy va ba’zan tasodifiy odamlar ham bor.

Nashr hukm chiqarish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni tahlil qilib, sudlar «FBK»ni moliyalashda ayblanganlar bilan eng oson ish tutishini ta’kidlaydi - ularga odatda jarima solinadi. Ekstremistik faoliyatni tashkil etish va qatnashishda ayblangan, o‘z safdoshlariga qarshi ishda aybiga iqror bo‘lgan va ayblov tarafini olgan bir necha sudlanuvchiga shartli qamoq jazosi tayinlangan.

Ayblanuvchilarning aksariyati terrorchi va ekstremist deb tasniflangan

Ellikdan ortiq ayblanuvchilarning aksariyati terrorchilar va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritilgan - shuning uchun ularning Rossiyadagi bank hisoblari bloklangan.

Shu bilan birga, sudlanuvchilarga «ekstremistik» moddalardan tashqari, ko‘pincha voyaga yetmaganlarni ular uchun xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan faoliyatga jalb qilish, fuqarolarning shaxsi va huquqlarini buzuvchi notijorat tashkiloti faoliyatida ishtirok etganlik uchun ayblov qo‘yiladi.

SotaVision jurnalisti Antonina Favorskaya (Kravsova) ustidan bo‘lib o‘tgan sud «FBK» faoliyatida ishtirok etishda gumon qilinganlar bo‘yicha so‘nggi shov-shuvli ishlardan biri bo‘ldi.

Advokat, «Komanda 29» va «Pervyy otdel» inson huquqlari loyihalari asoschisi Ivan Pavlov so‘zlariga ko‘ra, jinoiy ishlarning asosiy maqsadi jamiyatni qo‘rqitish va Navalniyning sheriklarini qo‘llab-quvvatlashdan mahrum qilishdir. «[Xavfsizlik kuchlarining] vazifasi qo‘rqitishdir. Buning uchun ko‘p odamlarni panjara ortiga tashlash shart emas. Bir nechta, ammo sezilarli bo‘lganlarni hukm qilish kifoya. Mustaqil OAV maqsadli auditoriyaga ma’lumotlarni yetkazadi - shu tariqa, bu repressiyalar ommaviy ekaniga o‘xshash samaraga erishiladi», - deya «Xolod» uning so‘zlarini keltiradi.

Ko‘proq yangiliklar: