Rossiya va Qozog‘istonda suv toshqinlari tufayli 100 ming kishi evakuatsiya qilinyapti

Jahon 07:27 / 10.04.2024 8019

Rossiyaning Ural va Sibirdagi kuchli suv toshqinidan jabr ko‘rgan hududlarida, shuningdek, Qozog‘istonning to‘qqizta viloyatida jami 100 mingga yaqin odam evakuatsiya qilinmoqda, deb xabar berdi Reuters 9 aprel, seshanba kuni. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, suv toshqini so‘nggi 70 yildagi eng kuchlisi bo‘ldi. 

Rossiya Federatsiyasida suv toshqini Kurgan va Tyumen viloyatlariga tahdid solmoqda. Kurgan viloyatida Tobol daryosida suvning tez ko‘tarilishi kuzatilmoqda, to‘rt mingtagacha uy suv toshqini zonasida bo‘lishi mumkin; Rogidromet prognozlariga ko‘ra, Kurgan shahrida suv toshqini cho‘qqisi 11-14 aprelda kutilmoqda. Tyumen viloyatida suv Ishim daryosiga ketyapti. 

Qozog‘istonda suv toshqinlari Aqto‘be, Qo‘stanay, G‘arbiy Qozog‘iston, Aqmola, Qarag‘anda, Atirau, Pavlodar va Shimoliy Qozog‘iston viloyatlari hamda Ulitov viloyatida qayd etilgan. Qozog‘istonning birgina Rossiya Federatsiyasi bilan chegaradosh bir qancha viloyatlarida 80 mingga yaqin odam evakuatsiya qilingan.

Orenburgdagi suv sathi xavfli darajadan oshib ketdi

Orskdagi to‘g‘on yorilganidan keyin suv toshqini Ural daryosidan 280 kilometr pastda joylashgan Orenburgga yetib keldi. U yerdagi suv sathi 931 santimetrga yetdi, bu xavfli ko‘rsatkichdan ortiq, deb yozdi Orenburg viloyati gubernatori Denis Pasler o‘zining Telegram-kanalida. Rossiyaning «Interfaks» agentligi gubernator matbuot xizmatiga tayanib aniqlik kiritishicha, mahalliy vaqt bilan soat 22:00 holatiga ko‘ra, suv sathi xavfli chegaradan 1 smga oshgan.

Paslerning so‘zlariga ko‘ra, «Ural va Sakmara bo‘ylab barcha binolar suv toshqini zonasiga tushishi mumkin». Gubernator suv toshqini xavfi bo‘lgan hududlarda yashovchilarni «uylarini tark etishga va suv toshqini cho‘qqisini xavfsiz joyda kutishga» chaqirdi. Orenburg va Orenburg viloyatida evakuatsiya qilinganlar uchun vaqtinchalik joylashtirish markazlari tashkil etilgan, dedi Pasler. Avvalroq sel suvlari M-2 «Ural» federal avtomagistraliga yaqinlashgani, u bo‘ylab harakatlanish hali to‘xtatilmagani xabar qilingandi.

Orsk rasmiylari suv sathining pasayishi haqida xabar berdi 

Shu kuni Orsk meri Vasiliy Kozupitsa o‘zining Telegram-kanalida «Ural sathi bir sutkada 39 smga tushib, 928 smni tashkil etgani» haqida xabar berdi. Avvalroq bu ko‘rsatkich 956 smga yetgani ma’lum qilingan edi. Shaharda 260 ta ko‘cha va 6 929 ta turar joy binolari suv ostida qolmoqda, 45 ta uydan suv chekindi, dedi hokim. 

Kozupitsaning so‘zlariga ko‘ra, Orskda 15 ta vaqtinchalik turar joy markazlari joylashtirilgan, ularda 1485 kishi istiqomat qilyapti, jumladan 242 nafar bolalar. «Interfaks» xabariga ko‘ra, Orskdagi suv bosgan uylardan jami 2493 kishi, xususan, 797 bola evakuatsiya qilingan. 

Rossiya FVV kutilayotgan suv toshqini haqida bir oy oldin bilgandi 

The Moscow Times tahririyat ixtiyoridagi hujjatga tayanib yozganidek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bir oy oldin yaqinlashib kelayotgan kuchli suv toshqini haqida ma’lumotga ega bo‘lgan holda, Orenburg viloyatidagi suv toshqinining oldini olmagan. Biroq, suv toshqini yetkazgan zararni kamaytirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmadi, natijada 2 aprel kuni Orskdan Ural bo‘ylab 60 km yuqorida joylashgan Iriklin suv omboridan suvning keskin chiqishi boshlandi, uning oqimiga to‘g‘on bardosh bera olmadi, deyiladi nashr qilingan materialda. 

5 aprel kuni Orskda to‘g‘on yorildi, shundan so‘ng butun Orenburg viloyatida favqulodda holat joriy etildi. Orskdagi to‘g‘onning yorilishi natijasida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi. 

Ko‘proq yangiliklar: