AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning saylovoldi shtabi siyosatchi agar u Oq uyga qaytsa, Ukrainani Qrim va Donbassni Rossiyaga berishga majburlash niyatida ekanini rad etdi, bu haqda avvalroq The Washington Post (WP) xabar qilgan edi. Trampning saylovoldi shtabidagi maslahatchi Jyeyson Miller bu ma’lumotni «The Washington Post’ning feyk xabari deb atadi. «Ular buni shunchaki o‘ylab topdi», dedi u 7 aprelda chop etilgan New York Post gazetasiga bergan intervyusida.
U, shuningdek, Tramp Ukrainada «qotilliklarni to‘xtatish haqida gapirayotgan yagona odam» ekanini aytdi. Bundan tashqari, Millerning ta’kidlashicha, AQSh prezidentligiga qaytishi mumkin bo‘lmaguncha, Tramp Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha «tinchlik rejasi» ustida ishlamaydi.
WP: Tramp Kiyevni Qrim va Donbassni Rossiyaga berishga majburlamoqchi
Shu kuni The Washington Post gazetasi Trampning rejalari bilan tanish manbalariga tayanib, AQSh sobiq prezidenti Ukraina hukumatini Rossiyaga hududiy yonbosishga majbur qilib, urushni tugatish niyati haqida yozdi. Bu masalani Oq uyning sobiq rahbari yoki uning maslahatchilari bilan muhokama qilgan nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, taklif Kiyevga Qrim va Rossiyaga qo‘shib olingan Donbassni berishi uchun bosim o‘tkazishdan iborat. Bunday yondashuv Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlash va Rossiya agressiyasiga qarshilik ko‘rsatishga urg‘u bergan AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden siyosatiga tubdan ziddir, deya qayd etadi WP.
Tramp shaxsiy suhbatda Rossiya ham, Ukraina ham mavjud vaziyatdan «o‘z yuzini saqlab qolishni, chiqish yo‘lini istashiga» ishonishini va Ukrainaning ba’zi hududlari aholisi Rossiya bir qismi bo‘lishga qarshi emasligini aytdi, dedi gazetaga sobiq prezident bilan suhbatlashgan shaxs.
Trampning ayrim tarafdorlari uni bu yondashuvdan voz kechishga ishontirishga harakat qildi, chunki Ukraina bir qismi ustidan Rossiya nazoratini tan olish Rossiya prezidenti Vladimir Putin ta’sir doirasini kengaytiradi, deb yozadi The Washington Post.
Kiyev har qanday hududiy imtiyozlarni rad etadi
2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasining asosiy nomzodi bo‘lgan Tramp avvalroq, agar saylansa, prezidentlikka kirishishdan oldin ham «24 soat ichida» Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokara olib borishi mumkinligi haqida bir necha bor maqtangan edi. Biroq, u buni qanday qilishni rejalashtirganini ochiq aytishdan bosh tortdi.
Ukraina hukumati Rossiyaga hududiy imtiyozlar berishni istisno qilmoqda va Oq uy sobiq rahbariga mamlakatga tashrif buyurishni, shu jumladan front chizig‘iga borishni taklif etdi. Prezident Volodimir Zelenskiy Trampni muammoni 24 soat ichida hal qilib bo‘lmasligiga ishontirish uchun 24 daqiqa yetarli ekanligini aytdi. U Amerika sobiq prezidentiga «avval o‘ylab, keyin gapirishni» maslahat berdi. Kiyev muzokaralarni boshlash sharti sifatida 1991 yilgi chegaralarni tiklashni talab qilmoqda.