“Soniya farq qilganda hayotimizdan ayrilardik” – mashinani tez boshqarib o‘limdan qolgan haydovchi hikoyasi

Jamiyat 12:23 / 09.04.2024 17847

«Hayotiy hikoyalar» turkumidan berib borilayotgan hikoyalarning navbatdagi qahramoni bir paytlar mashinani juda tez boshqarish oqibatida “avariya”ga uchrab bir o‘limdan qolgan inson.

“Bir paytlar mashinam yo‘qligida yo‘llarda “avariya”larga ko‘zim tushar yoki tanishlarimning boshiga shu kun tushgani haqida eshitardim. O‘shanda bunday hodisalarga parvo qilmasdim.

Birgina xato nafaqat haydovchining, balki yo‘lovchilarning, piyodalarning hayotiga zomin bo‘lishini o‘ylamasdim. Qachonki, o‘zim “avariya” sodir etib, bir o‘limdan qolganimdan so‘ng ko‘zim ochildi. O‘shandan keyin mashinani ehtiyot bo‘lib boshqara boshladim.

Bugun yaxshi eslayman, 2000-yillar boshlari, iqtisodiy qiyinchilik hukm surgan yillar edi. Endi savdo bilan shug‘ullana boshlaganman, qozog‘istonlik mijozlarga quruq meva jo‘nataman. Ishlarim yaxshi bo‘lib qo‘lim pul ko‘rgach Nexia sotib olishga qaror qildim.

O‘sha paytda Asakadagi avtozavod ishga tushgan, u yerda Tico, Damas va Nexia ishlab chiqarilardi. Odamlarda uncha pul yo‘qligi uchun har uchala mashina avtosalonlarda turar, ularning pulini to‘lagan zahoti minib chiqib ketish mumkin edi.

Tico va Damas narxi bozor kursi bo‘yicha (u paytlarda Markaziy bank va bozor kursi 2-3 barobar farq qilardi) 2 ming dollardan sal baland, Nexia esa 3,5-4 ming dollar baholansa ham odamlarda pul yo‘q, ko‘pchilik olib mina olmasdi.

Toshkentga borib avtosalondan Nexia’ning lyuks variantini sotib oldim. So‘ng bir necha kun uni shahar ko‘chalarida minib yurdim.

Avvallari “Ulovning shaytoni yomon bo‘ladi” deyishsa hayron bo‘lardim. Toshkentda mashina minib yurib shunga o‘zim amin bo‘ldim. Maqtanish uchun Nexia’ni minib hamma tanishlarnikiga birma-bir bordim.

Shuningdek, mashina boshqaruviga o‘tirganimda ichimda kimdir “gazini bos” derdi. Yangi Nexia bilan Toshkentda bir haftacha yurgan bo‘lsam juda ko‘p marta qoidalarni buzdim.

U paytlarda yo‘llarda, shahar ko‘chalarida qoidabuzarliklarni qayd etadigan kameralar yo‘q, YPX xodimlarining soni kam, shu uchun birov nima qilyapsan demasdi.

Tez yurib bir necha marta boshqa mashinalar bilan to‘qnashib ketishimga oz qoldi. Omadmi, taqdirmi bilmadim, har holda Xudo meni ko‘ngilsiz hodisalardan asradi. Biroq shunda ham aqlimni yig‘madim.

Yangi mashinani 10 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazishim, unga davlat raqami olishim kerakligi uchun o‘zim yashaydigan viloyatga qarab otlandim. Shunda bir hamqishlog‘im “qizim bilan meni ham olib ket” deb qoldi, ularni mindirib yo‘lga tushdim.

Shahardan chiqib Toshkent-Termiz yo‘liga tushib olgach Nexia’ni juda katta tezlikda boshqara boshladim. Maksimal tezlik soatiga 100 km bo‘lgan joylarda ham, aholi punktlarida ham spidometr soatiga 130-140 km tezlikda ketayotganimizni ko‘rsatib turardi.

Yonimda o‘tirib ketayotgan hamqishlog‘im bir necha marta sekinroq yurishimni so‘radi. Biroq o‘sha paytda uning gaplari qulog‘imga kirmas va mashina tezligini battar oshirardim.

Shunda u bir necha marta “Uka, ulovning shaytoni bo‘ladi. Bos, bos deb ketaveradi. Shundan ehtiyot bo‘l. Har-har zamonda “Quvilgan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so‘rayman deb takrorlab qo‘yaver”, dedi.

Avvaliga uning bu gaplariga e’tibor bermadim. Bir necha bor takrorlayvergach hamqishlog‘imning “nasihati” g‘ashimga tega boshladi. O‘zida mashina yo‘q, meni ko‘ra olmayapti shekilli deb o‘ylay boshladim va tezlikni pasaytirmadim.

Chinozdan o‘tib, Toshkent viloyatidan chiqdik va Sirdaryo viloyatiga kirdik. U paytlarda M-39 yo‘lining Qozog‘iston hududidan o‘tgan qismi ochiq edi, bir zumda u yerdan ham o‘tib oldik.

Haydovchilar tilida “17-post” (sovet davrida bu yerda 17-sovxoz bo‘lgani uchun u shunday nom olgan) deb ataladigan YPX maskanidan o‘tganimizdan so‘ng Jizzaxgacha aholi punkti qariyb yo‘q edi.

Endi mashinani bemalol tez haydayversa bo‘ladi, hech narsa xavf solmaydi deb gaz pedalini yanada qattiqroq bosdim. Gaplarini inobatga olmaganimdan so‘ng hamrohim indamay qo‘ydi. Lekin ko‘rinishidan juda qattiq xavotirlanib ketayotgani bilinib turardi.

Inson bir zumdan keyin nima bo‘lishini bilmaydi, xavf yo‘q deb adashgan ekanman. Yomon ko‘rgilik meni aynan Jizzaxgacha bo‘lgan yo‘lda kutayotgan ekan.

Tez ketib borar ekanmiz oldinda, yo‘lning o‘ng tomonida ikkita tirkama taqib olgan traktor ko‘rindi. U o‘z yo‘lidan ketyapti, mening yo‘lim ochiq-ku deb tezlikni pasaytirmadim.

Traktorga yetib olishimizga qancha qolgani esimda yo‘q, ancha yaqinlashib qolgandik birdaniga u yo‘lning chap tomoniga qarab burildi. O‘sha yerda qayrilib olish joyi bor edi.

Demak traktor ikkita tirkama bilan chap yo‘lakdan borib burila olmasligini bilib o‘ng yo‘lakdan qayrilyapti. Lekin ortga bir qarab qo‘ymaydimi?

Jon holatda tormozni bosdim. Hamrohim ikki qo‘llab eshik tepasidagi tutqichni ushlab oldi va qiziga “tutqichni mahkam ushla” deb baqirdi.

Mashina yangiligi uchun tormozi yaxshi ushladi. Biroq Nexia’ning og‘irligi uni surib ketdi. Traktor sekin harakatlanib ro‘paramizga chiqqan, tirkamalari hali o‘ng tomondan endi qayrila boshlagan edi.

O‘sha holda borsak aniq tirkama ostiga kirib ketardik va birontamiz sog‘ qolmasdik. Traktorga yaqinlashganimizda traktorchining yuziga ko‘zim tushdi. U dahshatdan qotib qolgan, o‘sha holatda nima qilishini bilmay qolgan edi.

Nexia juda katta tezlikda surilib bordi va traktorning orqa katta g‘ildiragiga urildi. Zarba shunchalik kuchli bo‘ldiki, yaxshi dam urilgan g‘ildirak mashinani orqaga qaytarib 10 metrcha joyga irg‘itib yubordi. Nexia ag‘darilib ketdi.

Agar traktorga bir necha soniya kech yetib borganimizda uning g‘ildiragiga urilmasdik, aniq tirkama ostiga kirib ketardik. Shu joyda uch kishining hayotini bir necha soniyalar hal qildi. Xudoga aytganimiz bor ekan, jonimiz omon qoldi.

Darhol o‘tkinchi mashinalar to‘xtay boshladi. Bizni Nexia ichidan sug‘urib olishdi. O‘shanda Xudo bizga rahm qildi shekilli, uchalamiz ham jiddiy jarohat olmagan edik.

Traktor va traktorchiga esa hech narsa qilmagan, u ham boshqa haydovchilar kabi bizga yordam berishga urinardi. Ko‘p o‘tmay YPX xodimlari yetib kelishdi va hodisa tafsilotlari yuzasidan yozuv-chizuv qilishdi. Ularga bo‘lgan hodisani aytib berdim.

Hujjatlarda meni tez harakatlanganim qayd etilmadi. Avariyaga traktorning ikkinchi qatordan keskin qayrilgani sabab bo‘lgani yozildi. Traktor va mashinani jarima maydoniga olib ketishdi.

Hamrohim va qizini o‘tkinchi mashinalardan biri olib ketdi. Men esa hujjatlar bilan bog‘liq ish va YPX xodimlarining surishtiruvi tufayli qoldim.

O‘shanda hamqishlog‘imga avariya haqida hech kimga indamaslikni iltimos qildim. Qarang, bir o‘limdan qoldim, shunda ham kibr meni tark etmagan va xayolimda “Avariya qilganimni eshitishsa odamlar nima deb o‘ylaydi?” degan fikr aylanardi.

Oxir-oqibat avariyaga traktor haydovchisi aybdor deb topildi. Unga menga yetkazilgan zararni qoplash yuklatildi. Lekin traktorchida umuman pul yo‘q ekan, da’vomdan kechdim.

Hali ham esimdan chiqmaydi, avariya sodir bo‘lar ekan, bir zumda butun hayotim ko‘z oldimdan o‘tdi. Hamrohlarimda qanday kechinmalar bo‘lgani menga qorong‘i.

Keyinchalik o‘sha kuni yonimda bo‘lgan hamqishlog‘im shunday dedi:

“O‘shanda sizni kibr butunlay egallab olganini, men zo‘r haydovchiman, mashinam zo‘r yuradi degan o‘yda bo‘lganingizni ko‘rdim. Bir necha marta gapirdim, biroq o‘sha paytda sizga nasihat kor qilmasdi. O‘sha kuni sezdingizmi yo‘qmi, sizga nasihatim kor qilmagach ichimda tinmay kalima qaytarib turdim. Agar o‘shanda yonimda qizim bo‘lmasa yarim yo‘lda mashinadan tushib qolardim. Qizim bilan yo‘lda sarson bo‘lmaylik deb bunday qilmadim. Biroq baribir qishloqqacha sizning mashinangizda ketish taqdirimga yozilmagan ekan, boshqa transport bilan yetib oldik”.

Bari rasmiyatchiliklar tugagach mashinani biryoqlik qilish harakatiga tushdim. Uning kuzovi pachaqlanib ketgandi. Sirdaryolik ustalarga aytsam juda arzon narxlashdi.

Shundan so‘ng o‘zimning viloyatimdan tanish ustalarni chaqirdim. Narxini kelishdik, ular pullarni berib mashinani ortib ketishdi. Men esa Toshkentga qarab jo‘nadim.

Avariya haqida hech kim, hatto ota-onam ham bilishini xohlamayotgandim. Shu sababli uyga yangi mashina minib borishim kerak deb o‘yladim. Toshkentdan yana yangi Nexia xarid qilib darhol uyga jo‘nadim. Bu safar ancha ehtiyot bo‘lib yurdim.

Hamrohim va’da berganiga qaramasdan qishloqqa borib avariya haqida kimlargadir gapiribdi va hodisa haqida hamma eshitibdi. Bir tomoni odamlarning gap-so‘zi, ikkinchi tomondan otamning savollariga nima deb javob berishni o‘ylardim.

Otam yangi mashinada borganimni ko‘rib oshiqcha savol bermadi. Chunki hammasini bilib turardi. O‘shanda u ancha nasihat qildi:

“O‘g‘lim, mashina o‘z oti bilan texnika. U istalgan paytda pand berishi mumkin. Mashinada his qilish, sezish, fikrlash, xulosa chiqarish degan xislatlar yo‘q. Bularning barchasi uni boshqaruvchi odamda bor. Demak, yo‘llarda xavfsiz yurish ham insonning o‘ziga bog‘liq. Yana bir gap, qadimda ham yaxshi ulovga ega bo‘lgan odamlarning ayrimlari kibrga berilishgan. Hozir ham shunday. Ota-bobosi eshak aravadan boshqa ulov ko‘rmaganlar mashina olgach osmonga uchgisi kelyapti. Sen ham o‘shalardan bo‘lma. Kamtarroq bo‘laver”.

Bir tomondan dahshatli avariya asoratlari, ikkinchi tomondan otamning gaplari menga qattiq ta’sir qildi. Boshimdan o‘tgan hodisadan to‘g‘ri xulosa chiqardim.

O‘shandan keyin hatto shoshilsam ham tez yurmaydigan bo‘ldim. Keyinchalik pulim ko‘payib qimmat mashinalar mindim, biroq zinhor kibrga berilmadim.

Aytishadi-ku, hayotning o‘zi eng yaxshi ustoz deb. Menga ham hayotning o‘zi dars berdi. O‘shanda o‘zim va hamrohlarim tirik qolganimiz uchun hanuzgacha Allohga hamd aytaman, shukr qilaman.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: