Panamada 8 aprel, dushanba kuni 2016 yilgi «Panama hujjatlari» bilan bog‘liq bo‘lgan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va pul yuvishda gumon qilingan shaxslar ustidan sud jarayoni boshlandi.
Sudlanayotganlar ro‘yxatida 27 kishi bor. Xususan, ular orasida advokatlar Yurgen Mossak va Ramon Fonseka ham bo‘lib, ularning Mossack Fonseca yuridik firmasi shubhali ofshor hisoblari haqidagi ma’lumotlar oshkor etilishi markazida edi. Sud majlisida Mossak o‘z aybini tan olmadi. Sud jarayoni 26 aprelga qadar davom etishi kutilmoqda. Ayblanuvchilar 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
«Panama hujjatlari»da yuzlab taniqli shaxslar
2016 yilning aprel oyida dunyoning bir qator yirik ommaviy axborot vositalari ofshor kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullangan Panamaning Mossack Fonseca yuridik firmasi ichki hujjatlari tahlili asosida surishtiruvni e’lon qildi. Hujjatlarda siyosatchilar, ishbilarmonlar va dunyoning boshqa mashhur shaxslariga shubhali tranzaksiyalardan o‘nlab milliard dollar ishlab olish imkonini beruvchi kompaniyalar haqida ma’lumotlar bor edi. Umuman olganda, «Panama hujjatlari»ga 140 ta davlat rahbarlari va taniqli siyosatchilar, shuningdek, 200 ta davlatdan 240 ming ofshor kompaniyalar kiritilgan.
2019 yilda Germaniyaning NDR, WDR ijtimoiy-huquqiy mediakompaniyalari va Süddeutsche Zeitung gazetasi olib borgan hisob-kitoblarga ko‘ra, «Panama hujjatlari»ning e’lon qilinishi natijasida yuzaga kelgan ofshor mojarosi tufayli jami 1,07 milliard yevro jarima va qo‘shimcha soliqlar sifatida to‘langan.
«Panama hujjatlari»ning eng ko‘zga ko‘ringan shaxslaridan biri o‘zini Rossiya prezidenti Vladimir Putinning do‘sti deb atagan violonchelchi Sergey Roldugin edi. E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, u shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan bir necha milliard dollarlik aylanmaga ega uchta ofshor kompaniyaga egalik qilgan.