Rossiyaning Ukrainadagi keng ko‘lamli urushi davomida Yevropa Ittifoqi davlatlari 500 ga yaqin rus josuslarini chiqarib yuborgan, Germaniyada esa to‘rtta Rossiya konsulligi yopilgan. Biroq, 7 aprel, yakshanba kuni kechqurun Germaniyaning NDR, WDR va Süddeutsche Zeitung ommaviy axborot vositalari qo‘shma surishtiruviga ko‘ra, Rossiya josuslik usullarini qayta tuzib, zamonaviy texnologiyalar va «safar agentlari»ga tayanmoqda.
Ularga ko‘ra, yigirmaga yaqin rossiyalik josus hamon Germaniyada diplomat sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan. Biroq, bu endi murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun yetarli emas - ularning shaxsi Germaniya Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasiga ma’lum, deyiladi surishtiruvda. Germaniya kontrrazvedkasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya diplomatik xodimlarining uchdan bir qismi haqiqatda agent bo‘lishi mumkin, ammo Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli hujumidan oldin nemis siyosatchilari Moskva bilan munosabatlarni keskinlashtirmaslik uchun josuslik faoliyatini bostirishni istamagan.
Rossiya 2023 yilda Germaniyaning jami vakolatxonasini 350 nafar diplomat, ilmiy xodimlar va fond xodimlari bilan cheklaganidan keyin Germaniya hukumati konsulliklarni yopishni buyurdi. «Rejim faqat Berlindagi elchixona va Bonndagi bosh konsullikni qoldirishga qaror qildi», - deya ta’kidlaydi jurnalistlar.
Urush boshlanganidan beri Rossiyaning josuslik operatsiyalari sezilarli darajada qo‘pollashdi
Nemis ommaviy axborot vositalari tomonidan olib borilgan surishtiruv shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi ikki yil ichida Rossiya operatsiyalari sezilarli darajada qo‘pollashgan: agentlar qo‘lga olinishi mumkinligini avvaldan hisobga olyapti. Kremlparast OAV 1 mart kuni Germaniyada janjalga sabab bo‘lgan TAURUS haqida nemis zobitlari o‘rtasidagi suhbatni e’lon qilganini misol qilib keltirish mumkin.
Nemis jurnalistlari, shuningdek, Rossiyaning Bonndagi bosh konsulligini eslatib o‘tdi, u «Rossiya josusligida alohida rol o‘ynashi mumkin». Germaniya Mudofaa vazirligi muhim qismi hali ham Germaniyaning sobiq poytaxtida ishlamoqda, shuningdek, shaharda faoliyati Moskvani qiziqtirgan ko‘plab xalqaro tashkilotlar joylashgan.
Shu bilan birga, Bonndan xodimlar tezda Fransiya, Niderlandiya, Lyuksemburg yoki Belgiya kabi qo‘shni davlatlarga ko‘chib o‘tib, u yerda «faol faoliyat» olib borishi mumkin, deyiladi ma’lumotda. Rossiya Federatsiyasi «safar agentlari»dan o‘ziga xos xalqaro bo‘shliq sifatida foydalanishi mumkin, chunki ular elchixona xodimlari sifatida akkreditatsiya qilingan joyda ishlamaydi, ya’ni ehtimoliy qo‘lga olish diplomatik janjalga olib kelmaydi, deb yozadi NDR, WDR va Süddeutsche Zeitung materialida.
Rossiya foydasiga josuslikda ayblanganlardan biri ma’lumot berdi
Berlinda nemis razvedkasi xodimi va uning asli rossiyalik sherigiga qarshi josuslik bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. 10 yanvar kuni ayblanuvchilardan biri, Volgograd viloyatida tug‘ilgan Artur E. sudda so‘zga chiqdi, u 1990-yillarning o‘rtalarida ota-onasi bilan Germaniyaga nemis muhojiri sifatida ko‘chib o‘tgan. U sudda Moskvada yashaganini, Dubayda dam olganini, Monakoda pul sarflaganini va Afrikada biznes aloqalari borligini aytdi.
O‘z bayonotida u Federal razvedka xizmati (BND)ning yuqori martabali xodimi Karsten L. bilan muloqot qilish tarixini tasvirlab berib, uni nemis davlat sirlariga qiziqqan moskvalik biznesmen Visa M. bilan tanishtirganini aytdi. Qayd etilishicha, moskvalik tadbirkor 2004 yildan beri Germaniyada yashash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan va Germaniya fuqarosiga uylangan. Sud surishtiruvi davom etmoqda.
Rossiya josusligi sababli Avstriyada milliy xavfsizlik kengashi chaqiriladi
Avstriya kansleri Karl Nexammer Konstitutsiyani himoya qilish va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha federal idora (BVT) sobiq xodimi Egisto Ott Rossiya Federatsiyasi foydasiga josuslikda gumonlanib ushlanganidan keyin milliy xavfsizlik kengashini chaqirtirdi. Bu haqda 1 aprel kuni dpa agentligi xabar berdi. «Rossiya josuslik tarmoqlari siyosiy partiyalar yoki birlashmalarga kirib borish yoki ularni ekspluatatsiya qilish orqali mamlakatimizga tahdid solmoqda», dedi kansler. Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishi 9 aprelga belgilangan.
«Josuslik bo‘yicha jiddiy ayblovlar bor. Bir tomondan, bu ayblovlar sud tomonidan aniqlashtirilishi kerak, ikkinchi tomondan, bu ayblovlarning Avstriyadagi xavfsizlik holatiga ta’sirini baholash va tushunish zarur. Shuning uchun 9 aprel kuni men milliy xavfsizlik kengashini chaqirtiraman», - deb yozdi Nexammer X ijtimoiy tarmog‘ida.