AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Xitoy banklariga agar Rossiyaga Ukrainadagi urushda moddiy yordam ko‘rsatsa, «jiddiy oqibatlar» haqida ogohlantirdi. Bu haqda Bloomberg yozdi.
«Rossiya mudofaa sanoatiga harbiy yoki ikki maqsadli mahsulotlar yetkazib berish imkonini beruvchi yirik tranzaksiyalarni amalga oshiradigan har qanday banklar AQSh sanksiyalari xavfiga duchor bo‘ladi», dedi u Pekinga to‘rt kunlik tashrifidan so‘ng.
AQSh Moliya vazirligining xalqaro miqyosda faoliyat yuritayotgan banklarga qarshi asosiy quroli ularni Amerika dollaridan foydalanish huquqini cheklab qo‘yishdir.
Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, AQSh moliya vazirligi rahbarining sanksiyalar tahdidi haqidagi bayonoti kutilmaganda va g‘ayrioddiy tarzda ochiq-oydin bo‘ldi. Bu so‘zlar Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Xitoyga uchib ketgan kuni yangradi.
2023 yil dekabr oyida AQSh prezidenti Jo Bayden sanksiyaga uchragan rossiyaliklar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga yordam berganligi yoki Rossiya harbiy sanoati bilan bog‘liq operatsiyalarni osonlashtirgani uchun xorijiy banklarga qarshi sanksiyalar qo‘llash vakolatini beruvchi farmonni imzoladi. Ehtimoliy cheklovlar qatorida hujjat AQSh banklaridagi vakillik hisoblarini taqiqlash va hatto xorijiy moliya institutlari mulkini butunlay bloklab qo‘yishni nazarda tutadi.
2024 yil yanvarida Bloomberg Xitoy davlat banklari rossiyalik mijozlar uchun xizmat shartlarini kuchaytirishi mumkinligini yozgan edi. Jumladan, kamida ikkita bank sanksiyalarga duchor bo‘lgan mijozlar bilan munosabatlarni uzishni rejalashtirayotgani va Rossiya harbiy sektoriga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatishi ta’kidlangan edi.