1962 yilda Ruanda mustaqillikka erishgach, mamlakatda hokimiyat tutsi qabilasi qirollik sulolasidan xutular hukumatiga o‘tadi. Tutsilarning bir qismi mamlakatdan qochib ketadi va 1980-yillar oxirida qo‘shni Uganda hududida Ruanda vatanparvarlik frontini tuzadi.
1994 yil 6 aprelda Ruanda prezidenti Jyuvenal Xabiarimananing samolyoti poytaxt Kigalidagi aeroportga qo‘nish arafasida yerdan uchirilgan raketa bilan urib tushiriladi. Ruanda vatanparvarlik fronti vakillari bo‘lgan tutsilar ham, tinchlik jarayoniga qarshi bo‘lgan radikal xutular ham ushbu hujumga aloqadorlikda gumonlanadi.
Prezident Xabiarimananing o‘limidan bir necha soat o‘tgach butun mamlakat bo‘ylab tutsilarga hamda mo‘’tadil xutularga hujumlar boshlanadi. Qotilliklar va zo‘rlashlarda nafaqat harbiy xizmatchilar va politsiyachilar, balki ko‘ngilli guruhlar ham ishtirok etadi.
Ruanda vatanparvarlik fronti sulhga amal qilishni to‘xtatadi va BMTning yangi muzokaralar o‘tkazishga urinishlariga qaramay, mamlakat ichkarisiga yurish boshlaydi. 4 iyul kuni RPF kuchlari poytaxt Kigalini egallaydi. Ikki million atrofidagi xutular qo‘shni mamlakatlarga, birinchi navbatda Zairga (hozirgi nomi — Kongo Demokratik Respublikasi) qochadi.
Ruandaning yangi hukumati ommaviy qotilliklarda gumonlab 100 mingdan ortiq kishini hibsga oladi. Ishlarni ko‘rib chiqish jarayonini tezlashtirish uchun 2001 yilda gakaka sudlari tashkil etiladi, ular uchun sudyalar oddiy fuqarolardan tanlanadi. Gakaka sudlarida millionga yaqin ish ko‘rilgan. BMT Ruanda bo‘yicha Xalqaro tribunal ta’sis etgan, unda genotsidga aloqador bo‘lgan 96 nafar yuqori martabali shaxslarga ayblov qo‘yilgan.