G‘azoda Isroil bosqini davom etayotganiga yarim yil to‘ldi. O‘tgan vaqt davomida 33 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, BMT bir necha bor Isroil harakatlariga qarshi rezolyutsiyalar qabul qildi, Xalqaro jinoyat sudida ham bu masala ko‘rildi. Biroq urush haligacha tugamadi. Kun.uz siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Farhod Karimov bilan G‘azo atrofidagi so‘nggi yangiliklar yuzasidan suhbatlashdi.
— Bayden Isroilga harbiy yordamni cheklash bilan tahdid qilishi ortidan gumanitar yo‘lak ochilishi aytildi. AQShning Isroilga nisbatan sabri qaysi chegaragacha?
Farhod Karimov: — Bu Bayden va Netanyahuning birinchi suhbati emas, oldin ham bo‘lgan, AQSh davlat kotibi [Entoni Blinken] Isroilga kelganida bu masalani ko‘targan. Yaqin Sharq, G‘azo bo‘yicha boshidan bo‘lgan kelishuvlar bor, menimcha, Netanyahu AQShning rejalaridan chiqib ketyapti. Lekin AQSh qo‘llovni to‘xtata olmaydi, boshidan kelishilgan strategiya bu.
AQShning Isroilni qo‘llashi ichki beqarorlikni ham keltirib chiqaryapti, saylov ham yaqin. Saylovda Bayden uchun eng katta bosimlardan biri – hukumatning Isroilga nisbatan munosabati. Tramp ham ayni shu nuqtalardan foydalanib, o‘z statusini ko‘tarib olyapti.
Yana bir tomondan dunyo va Yevropa hamjamiyati fikri, pozitsiyasi o‘zgaryapti. Isroil harakatlari genotsid ko‘rinishiga qarab ketyapti. BMT va shunga o‘xshash xalqaro institutlarning qarorlari oldin ham sust edi, hozir esa umuman bajarilmayapti. Bu narsa xalqaro tashkilotlarning boshqa davlatlarga nisbatan ta’sirini ham tushirib yuboryapti, Afrika va Janubiy Amerikada oldin Isroil talablarni bajarsin, keyin biz qilamiz, degan chiqishlar paydo bo‘lyapti. Mana shunday ichki va tashqi bosimlar AQSh Isroilga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishiga sabab bo‘lyapti, lekin bu konseptual, strategik o‘zgarish bo‘lmaydi.
Kamoliddin Rabbimov: — AQShning Isroilga shakllangan munosabatida aniq kontekst bor. O‘tgan bir haftada AQShni g‘azablantirgan 2 ta yirik voqea bo‘ldi: birinchisi, Isroil Eronning Suriyadagi konsulligiga hujum qildi, ikkinchisi, G‘azoda xalqaro gumanitar tashkilotga hujum qilingan va tashkilotning yevropalik, kanadalik va avstraliyalik faollari o‘ldirilgan. Tashkilot rahbari bu ataylab qilingan hujum bo‘lgani, bunday xato bo‘lishi mumkin emasligi, guruh qayerda bo‘lishi haqida aniq ma’lumot berilganini aytdi.
Isroilning insoniyatga qarshi jinoyati AQShga ham og‘irlik qilyapti. Natijada Vashington Isroilga signal berdi. Bayden va Netanyahu suhbatida Isroilga ultimatum qo‘yilgan. Isroil AQShning Yaqin Sharqdagi birinchi ittifoqchisi, unga signallar berilgan, lekin Netanyahu qabul qilmadi. Ultimatum detallariga e’tibor berish kerak. Bir necha oydan beri AQSh Senatida Ukraina, Isroil va Tayvan uchun 100 mlrd dollar miqdoridagi yordam paketi muhokama qilinyapti, shundan 14 mlrd dollar Isroilga ajratilishi ko‘zda tutilgan. Endi AQSh siyosatchilari bu yordamni ikkiga bo‘lib, Ukrainanikini ma’qullab, Isroilga yordamni to‘xtatish haqida gapiryapti. Ikkinchidan, G‘arbiy sohildagi yahudiy aholi manzillariga nisbatan sanksiyalar joriy qilish orqali Netanyahuga signal berilyapti.
Netanyahuning siyosiy texnologiyasi juda oddiy. Bayden va demokratlar bosim qilyaptimi, respublikachilar bilan aloqani kuchaytirishimiz kerak, degan qarashda ish olib boryapti. Demokratlar gumanitar yordam eshiklarini ochish, asirga olingan falastinliklarni qo‘yib yuborish va harbiy amaliyotni to‘xtatish talabini qo‘yyapti. Netanyahu bunga rozi bo‘lsa, siyosiy va tarixiy yengilgan bo‘ladi. Chunki barcha bayonotlarida urush davom ettirilishi, HAMAS yo‘q qilinishi haqida gapirgan, agar Vashington talabiga ko‘nsa, maqsadlariga erisholmay chekingan bo‘ladi.
— BMT Isroilga qurol yetkazishni cheklovchi rezolyutsiyani qabul qildi, AQSh bu rezolyutsiyaga amal qiladimi?
Farhod Karimov: — Pokiston tashabbusi va BMT huzuridagi Inson huquqlari tashkiloti e’tiroziga ko‘ra, BMT rezolyutsiya qabul qildi va uni ko‘pchilik davlatlar yoqladi. Unga ko‘ra, Isroil bilan harbiy qurol-yarog‘ va qismlar yetkazib berish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatiladi.
Isroilga nisbatan oqibati qanday bo‘ladi? Isroilning o‘zi qurol ishlab chiqaruvchi kam sonli davlatlardan biri. Shu nuqtayi nazardan bu rezolyutsiya Isroil uchun katta ahamiyatga ega bo‘lmaydi, u butun iqtisodiyotini harbiylashtirishga erishgan. Hatto mintaqaga bemalol xavf tug‘dira oladigan kemalar ishlab chiqara oladi.
Shu ishlab chiqarishda ham detallar kerak bo‘ladi, shu ma’noda ham hamkorlikni to‘xtatish talabi qo‘yilgan. Lekin Isroilning eng katta hamkori AQSh hisoblanadi. Isroil AQShning katta loyihasiga aylanib bo‘lgan. Shuning uchun ham AQSh bu mintaqadagi eng katta loyihasini to‘xtatib qo‘ymaydi deb o‘ylayman. Netanyahu alohida masala, aynan Isroil AQShning loyihasi va bundan yuz o‘girmaydi.
AQSh bir paytning o‘zida qurollanish masalasida arab davlatlari bilan ham yaxshi hamkorlikka ega bo‘lgan. Sekin-sekin arab davlatlari AQShga ta’sir o‘tkazadigan darajaga chiqyapti. Shu ma’noda arab davlatlari ham AQShga ma’lum bir bosim o‘tkazib, urushni to‘xtatish masalasi qo‘yilyapti.
Uchinchidan, budjet masalasi bor. Shundoq ham senatorlar tomonidan moliyalashtirish masalasi bahslarga sabab bo‘lyapti. Agar saylovdan so‘ng hokimiyatga respublikachilar kelsa, BMT rezolyutsiyasini moliyalashtirishni qisqartirishga asos qilib ko‘rsatishi mumkin. Lekin ayni paytda bu rezolyutsiya Isroilga ko‘p ham ta’sir qilmaydi.
Kamoliddin Rabbimov: — Rasmiy Vashingtonda Netanyahu bilan munosabatlar o‘ta sovuq. Obama davrida Yaqin Sharqda Isroil va Saudiyaga e’tibor pasaygan edi. Chunki Obama ko‘proq uzoq vaqtdan buyon AQSh bilan salbiy munosabatda bo‘lgan davlatlar bilan munosabatlarni me’yorlashtirish yo‘lidan borgan: Kubada elchixona ochgan, Eron bilan kelisha boshlagan. Eron bilan hattoki yadroviy dastur atrofida to‘liq kelishuvga erishgan edi va bu avvalambor Isroilni, keyinchalik Saudiyani qattiq qo‘rqitgandi.
Ya’ni bu yerdagi geosiyosiy formula qaytadan ko‘rib chiqilayotgan edi. Tramp kelishi bilan bu vaziyat kardinal, mutlaq teskarisiga o‘zgardi. U birinchi bo‘lib o‘z davlat tashrifini Saudiyaga amalga oshirib, Saudiyadan chiqib, Isroilga uchib borgan edi.
Bugungi kunda Vashingtonda demokratlarning Netanyahuga munosabati o‘ta sovuqlashib ulgurdi. Demokratlar lideri Chak Shumer (o‘zi etnik yahudiy) Netanyahu mutlaq adashib ketgani va Isroil rahbariyati o‘zgarishi kerakligini aytib bayonotlar beryapti. Ya’ni AQShning asosiy loyihasi shundan iboratki, Isroil davlatini qo‘llab-quvvatlash bilan birgalikda qolgan davlatlar: Arab davlatlari, jumladan Falastin yoki musulmon dunyosi bilan munosabatlarda muvozanatga erishish uchun Isroilda ashaddiy millatchilarni hokimiyatdan ketkazib, nisbatan markazga yaqinroq bo‘lgan, ya’ni kompromiss, konsensus tarafdori bo‘lgan siyosatchilarni hokimiyatga olib kelish loyihasi bor. Lekin bunday loyihalarni amalga oshirish – juda tez va samarali bo‘lishi mumkin emas. Vashington tomonidan Isroilga bosim juda kuchli, ayni paytda qo‘llab-quvvatlash ham juda yuqori. Isroil ichkarisida, Isroil va arab, musulmon davlatlar o‘rtasida fundamental ziddiyatlar allaqachon shakllanib ulgurgan. Shuning uchun Amerika bir vaqtning o‘zida Isroilni qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘ylashimcha, bu yerda spekulyatsiya qilinadi, ya’ni signallar beriladi – biz rezolyutsiyaga amal qilishimiz mumkin, moddiy yoki moliyaviy yordamni to‘xtashimiz mumkin, deyiladi. Isroil harbiy mashinasi AQShning harbiy mashinasi bilan chambarchas bog‘liq, ba’zi texnologiyalarda Isroil haqiqatan kuchli. Lekin Isroil to‘laqonli mustaqil harbiy mashina emas, ya’ni AQShning harbiy mashinasi yordam bermaydigan bo‘lsa yoki yordamiz pasaytiradigan bo‘lsa, Isroil og‘ir ahvolga tushadi.
— Isroil Eronning konsulligiga tutash binoga aviazarba berishining sababi nimada?
Farhod Karimov: — Bu doimiy ravishda amalga oshirayotgan harbiy operatsiyalardan bittasi, oldin ham bo‘lgan. Livandagi «Hizbulloh» qarorgohida ham xuddi shunday bo‘lgandi. Isroil mintaqada davlatlardan ko‘ra, bir qancha tashkilotlardan ko‘proq qo‘rqadi, xususan, «Hizbulloh»dan.
«Hizbulloh» bugungi kunda mintaqada Isroilga qarshilik ko‘rsata oladigan, ta’sir ko‘rsata oladigan tashkilotga aylanib bo‘lgan. De-fakto Livanda hokimiyatni qo‘lga olgan tashkilot hamdir. Ularning o‘ziga xos qo‘llab-quvvatlovchilari bor, eng katta qo‘llovchisi – Eron. Ya’ni Isroil o‘ziga kattaroq tahdid sifatida «Hizbulloh»ni ko‘radi, ularda yaxshi qurol-yarog‘ bor, tahdid bo‘la oladi. Shuning uchun vaqti-vaqti bilan «Hizbulloh» va Eron o‘rtasidagi ko‘priklarni uzib turadi. Bu tashkilotlar kuchayib ketmasligi uchun xalqaro huquq normalarini buzib bo‘lsa ham, harbiy amaliyotlar amalga oshiradi.
1 aprel kuni [Isroilda] «Hizbulloh»ning katta yo‘lboshchilari va [Islom inqilobi muhofizlari korpusi generali] Muhammad Zohidiy Damashqqa kelgani to‘g‘risida ma’lumot bo‘lgan va zarba bergan. Diplomatik vakolatxonaligi, xalqaro huquq inobatga olinmadi. Hattoki urush bo‘lib turgan paytda ham davlat elchilarga va diplomatik vakolatxonaga zarba berib bo‘lmaydi. Urush qoidalariga ham zid bu. Hatto yaqin hamkori AQSh ham gap topolmay qolyapti bu vaziyatda. Hamma bilib turibdi «Hizbulloh» vakillari bo‘lgani, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi muhim figurasi bo‘lgan Zohidiy bo‘lgani uchun shunday qilinganini. Isroil bu ishni juda qo‘pol tarzda qildi. Endi Eron uchun Isroilga qarshi harakatlarga asos paydo bo‘ldi, agar shunday qilsa, AQSh ham keskin pozitsiya bildira olmaydi. Isroilning o‘zi buzdi qoidalarni, boshqa bir davlat hududida uchinchi davlat vakolatxonasiga zarba berdi.
— Isroil yakkalanib qolayotgani uchun Eron omilini olib chiqqan bo‘lishi mupkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: — Shunday fikr bor, bu fikr tarafdorlari ko‘p. Isroil bugun anchagina yakkalanib qoldi va uning dunyo hamjamiyati darajasida asosiy homiysi AQSh, keyin Britaniya. Shu fonda Eronni provokatsiya qilish va Eron tahdidi fonida g‘arb davlatlari koalitsiyasiga qaytadan qo‘shilish uchun mana shunday provokatsiya amalga oshirildi, degan fikr haqiqatan mavjud.
Eron bunday provokatsiyalarni ko‘p marta qilgan. Aytish kerakki, buni G‘arb davlatlarining o‘z ham qilgan, masalan, Yugoslaviya urushi paytida yoki Xitoy elchixonasiga hujum bo‘lgan edi.
Shunday holatlar bo‘lib turadi. Bu yerda biz bilmaydigan, ma’lum bir yillardan keyin chiqishi mumkin bo‘lgan maxsus xabarlar, maxsus informatsiyalar ham bo‘lishi mumkin. Lekin nima bo‘lganda ham Isroilning provokatsiyasi to‘liq amalga oshmadi, ya’ni AQShning o‘zi bu hujumni qoraladi. Aytganimizdek, xalqaro gumanitar yordam tashkilotiga hujum qilish kabi holatlarni sodir etgan bir paytda Netanyahuni tushunish, uni himoya qilish iikonsiz AQSh uchun ham.
— Ultraortodoksallar armiyaga chaqirilishi sabab Isroil koalitsiyasi parchalanishi mumkinmi?
Farhod Karimov: — Isroil hukumati koalitsiyaga asoslangan, ya’ni Netanyahuning mutlaq ustunlik asosida hukumat shakllanmagan, u yerda bir qancha siyosiy partiyalar va siyosiy kuchlar bor. Koalitsiyalar ichida kam bo‘lsa ham ortodoksallarni qo‘llab-quvvatlovchi vakillari bor.
Ikkinchidan, endi Isroilga askarlar kerak bo‘lyapti, tashqaridan yordam kamaymoqda, aholisi kam. Mudofaa vaziri 18 ga kirgan barcha isroilliklar armiyaga borishi kerakligini aytdi. 1948 yilgi kelishuvga ko‘ra, ortodoksallar Tavrot bo‘yicha o‘z qarashlari bilan yashashadi. Ular yahudiylarning mustaqil davlati bo‘lishini qo‘llamaydi, butun dunyo bo‘ylab yashashni targ‘ib etadi.
2017 yilda 1948 yilgi kelishuv muddati tugadi va hukumat bunday qarashli kishilar armiya va hukumatga kelishining oldini olish uchun kelishuvni 5 yilga cho‘zdi, ya’ni 2022 yilgacha. Armiyaga ular ham borishi kerak degan fikrlar bo‘ldi o‘sha yili.
Lekin Netanyahu ularning armiyaga borishidan manfaatdor emas, chunki beqarorlik bo‘lishidan qo‘rqadi. Endi Netanyahu yangi qarorga ortodoksallarni harbiy xizmatga jalb qilmaslik bo‘yicha band kiritdi, harbiy generallar bunga qarshi chiqdi. Shu sabab Netanyahu harbiylarni ko‘paytirish uchun harbiy xizmat yoshini 35 yoshgacha ko‘tarmoqchi bo‘ldi, ammo bu ham harbiylar o‘rtasida norozilikka sabab bo‘ladi. Mudofaa vaziri shunday bo‘lsa, koalitsiyadan chiqishini aytdi. Koalitsiyadan chiqish qaytadan saylovga olib keladi, bunda esa Netanyahu hokimiyatga qaytib kelmasligi mumkin.
Isroil jamiyatida Netanyahuga nisbatan ishonchsizlik bor. O‘ng ortodoksallar g‘oyalari jamiyatga ham ta’sir qilyapti. Shunday ziddiyatli holat Netanyahu koalitsiyasida bo‘linishni yuzaga keltiryapti. Harbiy xizmat yoshini ko‘tarsa, norozilik bo‘ladi, ortodoksallarni harbiy xizmatga olsa, ular ta’sirida urushga qarshilar ko‘payadi. Netanyahu «Hizbulloh»dan qanchalik hayiqsa, ichkaridagi shunday holatdan ham shunchalik qo‘rqadi.
Kamoliddin Rabbimov: — Yaqinlari asirlikda qolayotgan namoyishchilar Isroil parlamentiga bostirib kirgan. Isroil ichida ham, Netanyahu atrofida ham inqiroz ancha kuchli. Yildan yilga Isroilda hokimiyat vertikali kuchayyapti, huquqiy davlatchilik darajasi pasayyapti. Umuman, Isroilni xuquqiy davlat deb bo‘lmaydi. Arab fuqarolar ikkinchi darajali fuqarolar, yahudiylarning o‘zida ham so‘llar, o‘nglar va ultra o‘nglar bor. Netanyahu hukumati ultra o‘ng hisoblanadi. Sionistik tuzum dinga emas, yahudiy millatchiligiga e’tiqod qilishimiz kerak, deydi. Shuning uchun ham diniy va dunyoviy qatlam o‘rtasida ziddiyat bo‘ladi.
Davlat parlamentar boshqaruvda, prezident davlatni tashqi dunyoga taqdim etadi. Lekin davlatni hukumat boshqaradi. Hukumatni saylovlarda qaysi partiyalar ko‘proq o‘rin olsa, o‘shalar shakllantiradi (50 foizdan ko‘p ovoz olgan partiya mutlaq o‘zi shakllantirishi mumkin). Lekin hech qachon Isroilda bitta siyosiy partiya to‘laqonli monopolistik hokimiyatni, hukumatni shakllantira olmagan. Shuning uchun doim koalitsiya bo‘lgan va bir nechta partiya kelishib, birgalikda hukumat tuzadi, kimdir bosh vazir bo‘lsa, yana biri mudofaa vaziri, tashqi ishlar vaziri va shunga o‘xshash holat.
Isroilda mana shu parlamentar boshqaruv siyosiy inqirozlarning kuchli bir sababchisi ham. Isroil mana bu davlat tizimini o‘zgartira olmaydi. Chunki qolganlar rozi bo‘lmaydi. Parlamentar boshqaruv Isroilda hokimiyatning tezda yig‘ilishiga va ichkaridagi siyosiy inqirozlarga va tez-tez bo‘lib turadigan saylovlarga sababchi bo‘lgan. Bir tomondan, Isroil demokratik davlat, ikkinchi tomondan uning demokratiyasi ichki segregatsiyaga asoslangan. Hindistonda musulmonlarni segregatsiya qilish, Isroilda falastinlik yoki etnik arab bo‘lgan Isroil fuqarolarini segregatsiya qilish holati mavjud. Lekin ichkarida demografik vaziyat sekin-sekin o‘zgarib boryapti. Ya’ni Isroilda inqiroz bir qancha qavatdan iborat va Netanyahu hukumati mana shu inqirozlardan qanday chiqishni bilmasdan ham tashqi dushman obrazini yaratishda ko‘pincha manfaatdor bo‘lgan.
— Hozirgi vaqtda Netanyahu hokimiyatiga tashqi bosim kuchlimi yoki ichki bosim?
— Ikkisi ham misli ko‘rilmagan darajada kuchli. Bir vaqtlar sovetlar ittifoqi davrida dunyo ikki qutbdan iborat edi va u paytdagi Isroil hukmdorlari bugungi kundagi kabi ashaddiy inson huquqlarini buzish darajasiga chiqmagan, jinoyatlar qilgan, lekin bugungidek emas. 7 oktyabrdan beri 30 mingdan ortiq tinch aholi o‘ldirildi. Xalqaro tashkilotlarning vakillari ochiq-oydin o‘ldirilyapti. Isroil o‘zining hayotiyligini ta’minlash uchun jinoyatlardan boshqa yo‘l topa olmayapti va ayni paytda u kelajakdagi inqirozlarini borgan sari oshirib boryapti.
Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi