G‘azoda o‘lgan g‘arblik oshpazlar. Ular kim edi?

Jahon 11:59 / 07.04.2024 17638

Isroil tomonining iddaosiga ko‘ra, TsAXAL harbiylari oshpazlar konvoyini HAMAS jangchilari bo‘lgan yuk mashinasi bilan adashtirib, nishonga olgan. Xatoni sodir etganlar dron operatorlari bo‘lgan. Isroil mudofaa armiyasiga ko‘ra, gumanitar mashinani nishonga olib o‘qqa tutishga buyruq bergan ofitserlar ishdan olingan.

Qizig‘i, World Central Kitchen guruhi G‘azodagi harakatlarini Isroil armiyasi bilan muvofiqlashtirib borganiga qaramay, TsAXAL zarbasiga uchragan. Oshpazlar G‘azoga dengiz orqali yetkazilgan 100 tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlarini Dayr al Balahdagi omborxonaga joylab qaytayotgan bo‘lgan. Isroil armiyasi tomonidan otilgan raketa mashinalardan birining qoq o‘rtasidan teshib o‘tgan. Konvoy ichida bo‘lgan 7 nafar oshpazlar guruhining barchasi vafot etgan.

Isroil raketasi teshib o‘tgan World Central Kitchen gumanitar tashkiloti mashinasi
Foto: AFP

G‘azo missiyasi yakunlandi

Guruh asoschisi bo‘lgan bosh oshpaz Xose Andres g‘amdan ado bo‘lganini aytib, Isroilni kimligini ajratmay odam o‘ldirishni bas qilishga chaqirdi. Oshpaz guruh G‘azodagi missiyasini yakunlashini e’lon qildi.

«Bugun World Central Kitchen'dagi bir nechta birodarlarimizni yo‘qotdik. G‘amdan ado bo‘lyapman. Ularning oila a’zolariga, oshxonamiz oilasiga ta’ziya izhor qilaman. Isroil hukumati bunaqa odam ajratmay o‘ldirishni bas qilishi kerak. Ular tinch aholi vakillari, gumanitar tashkilotlar a’zolarini o‘ldirishni, oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanishni to‘xtatishi shart.

Bu farishtalar... Yagona aybi insonlarni ovqatlantirish bo‘lgan farishtalar... Men ular bilan Ukrainada, G‘azoda, Turkiyada, Marokashda, Baham orollarida, Indoneziyada birga xizmat qildim. Ular nomsiz insonlar emas, ularning nomlari bor edi. Hammasini hoziroq to‘xtatish kerak. Tinchlik biz insoniylik ulasha boshlaganimizda boshlanadi», deb yozdi Xose Andres o‘z sahifasida jamoasi vakillari o‘lgani ma’lum bo‘lgach.

Tashkilot asoschisi Xose Andres ABC News telekanali efirida

Qurbon bo‘lganlardan 4 nafari oshpaz yordamchilari, 3 nafari guruhning xavfsizlik xodimlari bo‘lgan. Ular 25 yoshli falastinlik Sayfiddin Issam, 43 yoshli avstraliyalik Lazami Frankom, 35 yoshli polshalik Damian Sobol, 33 yoshli AQSh va Kanada fuqaroligiga ega Yakob Flikingre, 57 yoshli britaniyalik Jon Chapman, 33 yoshli britaniyalik Jyeyms Henderson va 47 yoshli britaniyalik Jyeyms Kirbi edi.

Foto: World Central Kitchen rasmiy sayti

Isroil raketa zarbasi berilgan vaqtda ularning barchasi tashkilot nomi tushirilgan maxsus zirxli nimchada bo‘lgan. Konvoydagi mashinalarning yon tomonlaridan tashqari, aynan havodan raketa nishoniga aylanmasligi uchun tom qismida ham World Central Kitchen tashkiloti logotipi tushirilgan bo‘lgan.

«Ular kimga zarba berayotganini bilgan»

5 aprel kuni BMT Xavfsizlik kengashining ushbu hodisaga bag‘ishlangan yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda chiqish qilgan Falastin vakili Riyad Mansur Isroil gumanitar konvoyga bilib turib zarba berganini aytgan.

«Isroilning nishoni urush qonunlarini himoya qiladiganlardir. Buni bir necha oydan buyon ko‘rib turibsiz. Isroil kimga hujum qilayotganini juda yaxshi bilgan, chunki uchta avtomobil uch xil joyda turgan bo‘lgan va ularning barchasi hujumga uchragan. Vaholanki, ularning harakatlanishi Isroil bilan kelishilgan bo‘lgan», degan elchi.

BMT Xavfsizlik kengashining G‘azoda oshpazlar o‘limi muhokama qilingan yig‘ilishi vaqtida Nyu-Yorkda zilzila sodir bo‘lib, yig‘ilish bir muddat to‘xtatilgan ham.

Yig‘ilishda chiqish qilgan BMT Gumanitar masalalar koordinatsiyasi boshqarmasi raisi Ramesh Rajasingxam hozirgacha G‘azoda 220 nafar gumanitar ishchilar qurbon bo‘lgani, ularning 179 nafari BMT xodimlari bo‘lganini eslatdi.

World Central Kitchen qanday tashkilot o‘zi?

Bir necha yillardan buyon tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotiga nomzod sifatida qaraluvchi mashhur oshpaz Xose Andres 2010 yil World Central Kitchen gumanitar tashkilotiga asos soladi. O‘shanda guruh Haitida vayronkor zilziladan zarar ko‘rgan insonlarga ovqat tarqatishni yo‘lga qo‘yadi.

Xose Andres Haitida ofatdan jabrlanganlarga ovqat tarqatmoqda
Foto: World Central Kitchen

Keyinchalik guruh dunyoning o‘nlab mamlakatlarida turli ofatlar sabab jabr ko‘rganlarga ovqat tarqatishga kirishadi. Masalan, Ukrainada urush boshlanib, ko‘plab ukrainlar qochoqqa aylangach, Xose Andres mamlakatning Polsha bilan chegarasida World Central Kitchen tashkilotining oshxonalarini ishga tushirdi.

2022 yil avgust oyida Zelenskiy amerikalik oshpazning guruhi Ukrainadagi 500 dan ortiq manzillarda 130 million porsiyadan ortiq tushlik tarqatgani haqida xabar bergandi. O‘sha yil noyabr oyida Kiyevdagi jasorat alleyasida Xose Andresning nomi ham paydo bo‘ladi.

Guruh AQShning janubiy chegaralarini noqonuniy kesib o‘tib hech vaqosiz qolgan migrantlarga ham ovqat tarqatib keladi. Shuningdek, koronavirus pandemiyasi vaqtida turli davlatlardagi shifokorlarga taom yetkazib turgan. Xose Andres tashkil etgan ko‘ngillilar guruhi dunyoning istalgan qismiga mahalliy odamlar tanovul qiladigan taomlarni tez va ko‘p miqdorda tayyorlay olish imkoniga ega.

Xose Andres urush boshida ukrainaliklarga ovqat tarqatmoqda
Foto: WCK

Hozir World Central Kitchen asosiy e’tiborini Ukraina va G‘azoga qaratgan. Har qanday xatardan qo‘rqmaydigan Xose Andres hatto Isroil zarbalari oqibatida ko‘chada qolgan livanliklarga ham ovqat yetkazib berishni uddalagan.

G‘azoliklar uchun 43 million porsiya tushlik

World Central Kitchen G‘azoda 68 ta oshxona ochgan bo‘lib har kuni o‘rtacha 170 ming porsiya tushlik taom tarqatmoqda. Ular urush boshidan buyon g‘azoliklarga 43 million porsiyadan ortiq tushlik tarqatgan.

Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘lgan astraliyalik oshpaz Lazami Frankom G‘azoda ovqat tarqatmoqda
Foto: Anadolu via Getty Images

Tashkilot G‘azodagi faoliyatini ayniqsa Ramazon oyida kuchaytirdi. Xose Andres Ramazonning ilk kunlarida katta ehtimol Misrdagi G‘azo chegarasida masjid oldida turib g‘azoliklarni islom olamining muqaddas oyi bilan tabrikladi. Uning jamoasi Ramazonda g‘azoliklarga 92 mingtadan ortiq oziq-ovqat solingan qutilar tarqatdi.

Birinchilardan bo‘lib aynan World Central Kitchen G‘azoga dengiz orqali 100 tonna oziq-ovqat mahsulotlari olib kirdi. Aynan shu tashkilot AQSh hukumatidan G‘azoga dengiz orqali gumanitar koridor ochishni so‘rab kelayotgandi. Axir Jo Bayden tashkilot rahbari Xose Andres bilan shaxsan tanish va uni qattiq hurmat qiladi.

World Central Kitchen dengizdan G‘azoga olib kelgan yordam yuklari
Foto: WCK

Xose Andres jamoasi G‘azoni tark etishi bo‘lgadagi oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Chunki tashkilotning Kiprdan G‘azo tomon yo‘lga chiqqan kemalari Isroil zarbasi oqibatida oshpazlar halok bo‘lganidan keyin allaqachon ortga qaytib bo‘ldi. Ular G‘azoga 240 tonna oziq-ovqat olib ketayotgandi.

«Muhtojlarga issiq ovqat kerak. Ertaga emas, bugunoq»

Bosh oshpaz Andresning aytishicha, World Central Kitchen tashkilotini ochish g‘oyasi unda xotini bilan gaplashib o‘tirgan vaqtida paydo bo‘ladi. «Odamlar och qolayotganda ularga issiq ovqat berish kerak. Ertaga emas, bugunoq», degan gap orasida oshpaz rafiqasi Patrisiya bilan gaplashib turgan vaqtida. O‘sha vaqtda Haitida dahshatli zilzila sodir bo‘lgandi va guruh birinchi bo‘lib shu davlatdagi muhtojlarga ovqat tarqatishni boshlaydi.

Foto: WCK
Foto: WCK
Foto: WCK

Tashkilot mahalliy restoranlar bilan hamkorlik qilib, ularni ish bilan ta’minlaydi. Masalan, Andres jamoasi Ukrainadagi 10 ta restoranni ularga turli xil buyurtmalar berib, o‘z missiyasiga jalb qiladi va yopilib ketishdan saqlab qoladi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada urush boshlangach, dastlabki 7 oy ichida World Central Kitchen ukrainlarga ovqat tarqatish uchun 380 million dollar sarflagan.

Foto: WCK

Andres guruhi borgan mamlakatda mahalliy oshpazlar bilan hamkorlikda ishlaydi. U qaysi mamlakatda ishlasa, ko‘ngilli oshpazlardan iborat bosh oshpazlar maktabiga asos soladi. Hozirgacha uning oshpazlari AQSh, Turkiya, Suriya, Ukraina, Dominikan, Nikaragua, Zambiya, Peru, Kuba, Uganda, Kamboja, Baham orollari va G‘azoda odamlarga ovqat tarqatishga ulgurdi. Oshpaz Xose Andres ko‘p marta o‘zi qilayotgan ishdan faxrlanishini aytgan...

Foto: WCK
Ko‘proq yangiliklar: