Rossiyada reklama shaklidagi spam-qo‘ng‘iroqlar uchun jarima joriy etildi

Jahon 21:02 / 06.04.2024 5183

Rossiyada spam-qo‘ng‘iroqlar va kreditlarning to‘liq qiymati ko‘rsatilmagan reklama uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi, tegishli qonun prezident Vladimir Putin tomonidan imzolandi.

Spam qo‘ng‘iroq — mijozning roziligisiz unga qo‘ng‘iroq qilib, turli tovarlar va xizmatlarni taklif etish.

Endi bunday qonunbuzarlik uchun fuqarolar 10-20 ming rublgacha (1,3 mln – 2,7 mln so‘m), mansabdor shaxslar 20-100 ming rublgacha (2,7 mln – 13,6 mln so‘m), yuridik shaxslar 300 mingdan 1 million rublgacha (41 mln – 137 mln so‘m) jarima to‘laydi.

«Spam-qo‘ng‘iroqlar amaliyoti kompaniyalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, kredit va mikromoliya tashkilotlari o‘rtasida keng tarqalgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi fuqaroga ma’lumotni to‘liq emas, balki qisman berish orqali noqonuniy boyishdir», deyiladi hujjatda.

Shuningdek, qonun bilan kreditning foiz stavkalari, to‘liq qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bir xil shrift o‘lchamida taqdim etmaslik uchun ham javobgarlik joriy etildi. Ushbu talabni buzganlik uchun kompaniyalar uchun jarima 600 mingdan 1,6 milliongacha, mansabdor shaxslar uchun - 40-100 ming rublni tashkil qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: