AQSh Gurjistonda «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun ilgari surilayotganidan xavotirda

Jahon 14:45 / 06.04.2024 3381

AQSh Davlat departamenti hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasining bir yil avval mamlakatdagi norozilik namoyishlari tufayli qaytarib olingan «chet el agentlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini parlamentga qayta kiritish niyatidan chuqur xavotirda. Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller 5 aprel, juma kuni X ijtimoiy tarmog‘ida bu qonun «Gurjistonni Yevropa yo‘lidan chetlashtiradi va fuqarolar hayotini yaxshilaydigan jamoat tashkilotlariga zarar yetkazadi», deb yozdi. U Gurjiston rasmiylarini «YeIga qo‘shilish harakatlarida to‘xtamaslikka» chaqirdi

Avvalroq «Gurjiston orzusi» partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari Mamuka Mdinaradze «partiya siyosiy kengashi bilan maslahatlashuvlar natijasida» yangilangan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishga qaytarishga qaror qilinganini bildirgandi. Gurjistonning «Formula» telekanaliga ko‘ra, uning matnidagi yagona o‘zgarish - «chet el agenti» atamasi «xorijiy davlat manfaatlari yo‘lida faoliyat yurituvchi tashkilot» iborasi bilan almashtirilgan. 

Gurjiston bosh vaziri Kobaxidze Shols bilan uchrashadi 

Germaniya hukumati, xuddi Qo‘shma Shtatlar kabi, «Gurjistonning o‘zida, shuningdek, xorijdagi jamoatchilik so‘zsiz salbiy reaksiyasiga qaramay», mamlakat rasmiylari bahsli qonun loyihasini muhokama qilishga qaytganidan afsusda ekanligini bildirdi. 

«Matbuot va ommaviy axborot vositalari erkinligi har qanday demokratiya va YeIga kirish uchun muhim shartlar asosidir», - deya ta’kidlab o‘tdi Germaniya TIV matbuot kotibi Sebastyan Fisher.

Bu mavzu, boshqalari qatori, katta ehtimol bilan Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening 12 aprel, juma kuni Germaniyaga bo‘lajak tashrifi chog‘ida muhokama qilinadi. Berlinda u federal prezident Frank-Valter Shtaynmayyer bilan uchrashishi va kansler Olaf Shols bilan tushlik doirasida muzokara olib borishi rejalashtirilgan.

Qonun bir yil avvalgi namoyishlardan so‘ng qaytarib olingandi

«Gurjiston orzusi» partiyasi mamlakat siyosiy hayotida demokratik qadriyatlardan ko‘ra, Kreml kun tartibiga o‘xshash pozitsiyani ilgari surgani uchun bir necha bor tanqid nishoniga aylangan. 

«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun 2023 yilda RFning Ukrainaga hujumi boshlanganidan ko‘p o‘tmay «Gurjiston orzusi» sobiq deputatlari tomonidan asos solingan va aniq G‘arbga qarshi pozitsiyani egallagan «Xalq kuchi» ijtimoiy harakati tomonidan ko‘rib chiqish uchun parlamentga taqdim etilgan edi. Bir qator ekspertlar «Xalq kuchi»ni Gurjiston hukumatining loyihasi, deb hisoblaydi. 

Qonun loyihasi matnida mamlakatda 20 foiz moliyalashtirishni xorijiy homiylardan oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini o‘z ichiga olishi kerak bo‘lgan reyestr yaratish ko‘zda tutilgan. Reyestrga kiritilgan tashkilotlar va jismoniy shaxslar soliq deklaratsiyasini taqdim etishi, bundan tashqari, ularga davlat organlaridan har qanday ma’lumot olish taqiqlanishi ko‘zda tutilgan edi. Shunga o‘xshash choralar RFdagi shu kabi qonun bilan solishtiriladi.

Qonun loyihasi parlamentda birinchi o‘qishda «Gurjiston orzusi» va «Xalq kuchi» tomonidan ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi. Biroq bu mamlakatda ommaviy norozilik to‘lqiniga olib keldi, shundan so‘ng hujjatning keyingi muhokamasi kun tartibidan olib tashlandi. 

Ko‘proq yangiliklar: