Mahallangizga ichimlik suv bormaganmi? Unda Telegram-botga yozing

O‘zbekiston 07:58 / 05.04.2024 9359

Boshqa ko‘plab davlatlar singari O‘zbekiston ham ichimlik suv va oqava suv ta’minoti sohasida muammolarga duch kelmoqda. Aholini sifatli ichimlik suvi va sanitariya-gigiyena sharoitlari bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston hukumati ichimlik suv ta’minoti va oqova suv infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan maqsadli dasturlarni amalga oshirmoqda. Quyida biz ichimlik va oqova suvlari loyihalari to‘g‘risidagi tarqoq ma’lumotlarni to‘plashga qaror qildik.

Ushbu ma’lumotlar fuqarolarga qachon va qayerda suv bilan ta’minlash reja qilinayotganini tushunishlariga yordam beradi, loyihalarni amalga oshirish sifatini nazorat qilishga undaydi.

Ichimlik va oqava suv ta’minoti loyihalari budjet mablag‘lari yoki kreditlar hisobidan amalga oshiriladi.

1. Budjet mablag‘lari asosida. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 oktabrdagi PQ-343-son “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirishning 2024-2026 yillargi dasturlari belgilangan.

Qarorga ko‘ra, suv ta’minoti og‘ir ahvolda bo‘lgan 813 ta mahalla aniqlangan. Ulardan “O‘zsuvta’minot” AJning manzilli dasturlari doirasida 590 ta mahallada, Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihalari doirasida 130 ta mahallada, mahalliy hokimliklar tomonidan mahalliy va tashabbuskor budjet doirasida 93 ta mahallada suv ta’minoti yaxshilanishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan, “O‘zsuvta’minot” AJ loyihalari doirasida 2024 yilda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 83 ta mahalla va bir qator aholi punktlarida suv ta’minoti va oqava suv tarmoqlari bo‘yicha umumiy summasi 6,8 trln so‘mga teng bo‘lgan 76 ta loyiha (shundan 67 tasi 2024 yilda foydalanishga topshiriladi) amalga oshiriladi. “O‘zsuvta’minot” AJ ma’lumotlariga ko‘ra mahallalar bo‘yicha mazkur loyihalarning jamlanma jadvali bilan ushbu havolada tanishish mumkin.

Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan 2024 yilda 35 ta mahallada ichimlik suv ta’minoti loyihalari, ya’ni 8 ta hududdagi 26 ta mahallada 11,6 mlrd so‘mga suv chuchuklashtirish qurilmalari o‘rnatish ishlari, 6 ta hududdagi 9 ta mahallada 50 mlrd so‘mga ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini yaxshilash ishlari davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihalari doirasida amalga oshiriladi. Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining ushbu loyihalar bo‘yicha yig‘ma jadval bilan ushbu va ushbu jadvallarda tanishish mumkin.

2. Kredit mablag‘lari asosida. “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan Xalqaro moliya institutlari ishtirokida respublikaning 63 ta tuman va shaharlaridagi 1656 ta mahallada umumiy qiymati 2 milliard 350 million AQSh dollari, shundan 1 milliard 980 million AQSh dollari ushbu XMI kredit mablag‘lari hisobidan bo‘lgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda 4 ta loyihani yakunlash rejalashtirilgan. “O‘zsuvta’minot” ma’lumotlariga ko‘ra, mahallalar bo‘yicha mazkur loyihalarning jamlanma jadvali bilan ushbu havolada taqdim etilgan.

Monitoring

Davlat loyihalarini amalga oshirishda shaffoflik va samaradorlikni ta’minlash fuqarolar manfaatlarini ta’minlashda asosiy o‘rin tutadi. Loyihani amalga oshirishning borishi va natijalari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda aholining faol ishtirok etishi ushbu maqsadga erishishning kuchli vositalaridan biridir. Bu borada har bir fuqaro o‘zi yashaydigan tuman, shahar va mahallalarda amalga oshirilayotgan ichimlik suvi va kanalizatsiya loyihalari bilan tanishishi, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun qo‘llanma bilan tanishishi va aniqlangan qoidabuzarliklar haqida Telegram-botga xabar berish mumkin.

Shuningdek, ushbu Telegram-bot orqali ichimlik suvi mavjudligi borasida so‘rovnomada ishtirok etish mumkin. Yig‘ilgan ma’lumotlar mas’ul idoralarga yetkaziladi va mahalliy ichimlik suvi ta’minoti holatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Ma’lumotlar Strategik islohotlar agentligining Natijalarga erishish ofisi (Delivery Unit) tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, u 2026 yilga qadar sog‘liqni saqlash, maktab infratuzilmasi va ichimlik suvi sohalarida 12 ta ko‘rsatkichga erishishga qaratilgan.

Maqsadlardan biri – “O‘zsuvta’minot” AJ bilan birgalikda 5,2 mln kishiga ichimlik suvini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazish bilan bog‘liq.

Ofis muntazam ravishda muhim tashabbuslarni jamoatchilik bilan baham ko‘rishni, ularni muloqotga taklif qilishni va sharhlarda takliflar almashishni rejalashtirmoqda. Yaqin kelajakda jamoatchilikka maqsadlarga erishish yo‘lidagi taraqqiyotni kuzatish imkonini beruvchi onlayn deshbord ishga tushiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: