Og‘ir iqtisodiy vaziyat va ko‘plab tovarlarga bo‘lgan talabning kamligi Yevropa kompaniyalarini yangi xodimlarni yollashdan cheklamoqda yoki ishdan bo‘shatishlarga olib kelyapti.
Norvegiyaning DNB kreditori foiz stavkalarining pasayishi va raqobatning kuchayishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun olti oyda 500 nafar ish o‘rnini qisqartirishini ma’lum qildi. Ispaniyaning Santander banki esa Britaniyadagi bo‘linmasining 1,4 mingdan ortiq xodimi ishdan bo‘shatilishini ma’lum qildi. UniCredit kompaniyasi bo‘lsa kasaba uyushmalari bilan 1000 nafar xodimni o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shatish va 500 nafar yangi ishchini yollashga kelishib oldi.
Avtomobil ehtiyot qismlarini yetkazib berish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblangan Bosch 2027 yil oxiriga qadar 3,5 ming ish o‘rnini qisqartirmoqchi. Fransiyaning Michelin shina ishlab chiqaruvchisi mamlakat g‘arbidagi ikkita zavodini yopadi — bu 1250 nafar xodimni ishsiz qoldiradi. Avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi Germaniyaning Schaeffler zavodi 4,7 mingta ish o‘rnini qisqartirish, Avstriya va Buyuk Britaniyadagi ikkita zavodini yopish rejalarini ma’lum qildi.
Stellantis avtokonserni Angliya janubidagi Vauxhall furgonlar zavodini yopmoqchi — bu 1000 dan ortiq ish o‘rni qisqarishini anglatadi. Fransiyaning Valeo avtomobil ehtiyot qismlarini yetkazib beruvchisi esa Yevropada mingga yaqin ish o‘rnini qisqartiradi.
Shvetsiyaning Northvolt akkumulyator ishlab chiqaruvchisi 1,6 ming xodimini ishdan bo‘shatish rejasi bilan bo‘lishdi. Thyssenkrupp po‘lat quyish bo‘linmasi 2030 yilga borib 5 ming ish o‘rnini qisqartiradi.
Fransiyaning Auchan supermarketlar tarmog‘i o‘z do‘konlarida trafik tushib ketgani fonida 2 mingdan ortiq xodimini qisqartiradi. Shvetsiyaning Husqvarna bog‘dorchilik uskunalari ishlab chiqaruvchisi esa iste’mol harajatlari cheklangani tufayli 400 ga yaqin xodimi bilan hayrlashadi. Shuningdek, Telia telekom-operatori 2024 yilda 3 mingga yaqin ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirgan.
Airbus aerokosmik guruh 2026 yil o‘rtalariga borib Defence and Space bo‘linmasidagi 2,5 mingga yaqin xodimini ishdan bo‘shatmoqchi ekanini ma’lum qildi. Norvegiyaning neft, gaz va qayta tiklanuvchi energiyalar ishlab chiqaruvchi Equinor kompaniyasi qayta tiklanuvchi energetika bo‘linmasidagi 20 foiz xodimi qisqarishini e’lon qildi.
Shvetsiyaning Idorsia farmatsevtika kompaniyasi restrukturizatsiya doirasida 270 ga yaqin xodimi ishdan bo‘shatilishini ma’lum qildi. Lufthansa administrativ xodimlarini bosqichma-bosqich 20 foizga qisqartirishi kutilmoqda. Britaniyaning Mondi qadoqlar ishlab chiqaruvchisi Bolgariyadagi qog‘oz fabrikasini yopadi — bu 300 ga yaqin xodimni ishsiz qoldiradi.
Quyosh energetikasi uchun ehtiyot qismlar yetkazib beruvchi SMA Solar kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab 1,1 ming ish o‘rnini qisqartirishini bildirdi. Belgiyaning kimyoviy moddalar ishlab chiqaruvchi Sensqo kompaniyasi Fransiya, AQSh, Belgiya va Italiyadagi 300-350 nafar xodimini ishdan bo‘shatadi.
Finlyandiyaning EPM yengil sanoat guruhi Germaniyadagi zavodini yopadi — bu 154 ish o‘rniga ta’sir ko‘rsatadi, shuningdek, o‘zining Fibres Finland bo‘linmasida 110 ta ish o‘rnini qisqartiradi. Norvegiyaning Yara o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchisi Belgiyadagi zavodida 115 ga yaqin xodimini ishdan bo‘shatishini ma’lum qilgan.