O‘zbekistonda elektromobillarga o‘tish tendensiyasi qanday ketyapti? Tadbirkorlar bilan suhbat

O‘zbekiston 17:55 / 03.04.2024 9702

Xo‘sh, oxirgi 3 yilda elektromobillar bozorida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi? Oxirgi yarim yilda pasaygan narxlarning keyingi dinamikasi bo‘yicha qanaqa kutilmalar bor?

Bu kabi savollarga “Did Motors” avtosaloni rahbari, avtobloger Dilshod Abdullayev, “AJ Motors” avtosaloni ta’sischisi Jamshid Qosimov va savdo direktori Akmal Ziyoyev, “King Motors” avtosaloni rahbari, avtobloger Xurshid Mahamadov javob berishdi.

— Oxirgi vaqtlarda elektromobillarga talab dinamikasi qanaqa bo‘ldi?

Dilshod Abdullayev: Boshida sal kamroq edi, odamlar cho‘chidi. Bizda hamma joyda ham tok kuchlanishi 220 volt emas. Lekin hozirgi kunga kelib talab juda oshgan, chunki benzin muammosi, ko‘pchilik gazda navbatda turishdan charchagani uchun to‘liq elektromobilga o‘tib ketyapti. Uzoq yo‘lga yuradiganlar esa gibrid – ham tokda, ham benzinda yuradigan avtomobillarni xarid qilishyapti.

Jamshid Qosimov: Talab dinamikasida ancha o‘sish bor. Bunga asosiy sabab – O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan Chevrolet avtomobillariga raqobatbardosh avtomobillar kirib kela boshladi. O‘zbekistonda yoqilg‘i – benzin, gaz muammosi qiyinlashib borishi oqibatida elektromobilga talab oshmoqda. Endi shakllanib borayotgan soha bo‘lgani uchun bu faqat o‘sishda davom etadi.

Xurshid Mahamadov: Dinamika har doim o‘sishga qarab ketyapti, chunki bu yangilik. Elektromobil bozorimiz hali bo‘sh, benzinli mashinalarga solishtirganda 10 foizga ham yetmadik. Talab yildan yilga o‘sib boradi.

2024 yilda talab qanday bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

Dilshod Abdullayev: Albatta, oshadi deb o‘ylayman, chunki butun dunyo shu narsaga o‘tyapti. Eng qimmat sport mashinalar ham, dvigatel bilan dunyo rekordlarini urgan Ferrari avtomobillari ham elektromobillarga o‘tyapti. O‘ylaymanki, O‘zbekistonda ham elektromobillar keskin ko‘payadi. Bu havoga ham foyda bo‘ladi. Odamlar benzin, gaz quyishdan baribir charchagan.

Xurshid Mahamadov: Benzin narxi qimmatlashib boryapti, odamlar elektrni tanishni boshlayapti. Yon-atrofidagi odamlar olyapti, ulardan maslahatlashishyapti. Haqqoniy fikrlarni haydovchilardan olishyapti.

– Narxlar dinamikasi bo‘yicha kutilmalaringiz qanday?

Akmal Ziyoyev: Narx tushadimi yoki qoladimi degan savoldan oldin narx nimaga tushdi, degan masala ko‘rib chiqilishi kerak. 2022 yilda Xitoyda elektromobillar tannarxining 40 foizini batareya tashkil qilgan. 2023 yilda bu 25-30 foizga tushdi. Batareyaning narxi 10-15 foizga arzonlashdi. Nima sababdan arzonlashdi? Unga qo‘shiladigan asosiy komponent – karbonat litey jahon bozorida arzonlashdi. 2022 yilda karbonat liteyning narxi taxminan 69 ming dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023 yilda narx 22 ming dollarga tushib ketdi. Ya’ni farqini ko‘ryapsizlar. Tabiiyki, xomashyoning narxi tushganiga batareyaning narxi tushdi, batareya narxlari arzonlashishi esa elektromobil narxlari tushishiga olib keldi. Bu biz o‘zimiz bilgan birinchi faktor.

Ikkinchisi, Xitoyning BYD kompaniyasi misolida oladigan bo‘lsak, u ishlab chiqarishni keskin oshirdi. Ishlab chiqaruvchilar mahsulotlar sonini oshirish tannarxni tushirishini yaxshi bilishadi. Ishlab chiqarish hajmi oshgani bois narxlar yana tushdi. 2022 yilda BYD 1 mln 900 mingta elektromobil ishlab chiqargan bo‘lsa, 2023 yilda shu son 3 milliontagacha oshdi.

Bu katta ko‘rsatkich. BYD'ning hozirgi paytda olib borayotgan siyosati shuki, jahon bozorida o‘zining ulushini egallash. Bu qanday yo‘l bilan amalga oshirilyapti? Albatta, narx. BYD kompaniyasi ehtiyot qismlarining deyarli 100 foizini o‘zi ishlab chiqaradi, shuning hisobiga jahon bozorida narx borasida raqobat qila olyapti. Tabiiyki, bu holat boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarni ham BYD'ning narx siyosati bilan hisoblashishga majbur qilyapti. Ular ham yo foydasidan, yo boshqa tomondan narxni tushirishga majbur qilyapti. BYD'ning narx siyosati nafaqat ichki bozorda, balki Yevropa avtosanoatiga ham ta’sir qilayotganini ko‘rib turibmiz.

Shu faktorlardan kelib chiqib, narx tushadimi-yo‘qmi, hech kim aniq bilmaydi deb javob berish mumkin. Bu xomashyoga, ishlab chiqarish potensialiga bog‘liq. Jahon bozorida xomashyo narxi oshadigan bo‘lsa, tabiiyki, narx oshadi, tushsa, tushadi. Bular biz bilgan omillar, albatta, boshqa omillar ham bor. Yillar davomida kuzatganlarimizdan olgan xulosalarimiz shular.

Xurshid Mahamadov: Boshidan kelsak, 2021 yilda Covid'dan keyin transport juda qimmat edi, logistika qimmatga tushardi. Keyinchalik bu optimizatsiya bo‘ldi. Bizda QQS oldin 15 foiz edi, keyin 12 foizga tushdi, bu ham plyus bo‘ldi. Yuanning kursi ham ta’sir qildi: oldin 1 dollar 6 yuan bo‘lsa, hozir 7-8 yuanga qarab ketyapti. Bizda dollarda to‘langani uchun kuchi ko‘proq. Shuning hisobiga narxlar arzonroq tushyapti. Xitoyning o‘zida ham raqobat juda kuchli, har doim demping qilishadi. Bir biridan arzonroq va sifatliroq narsa berishga harakat qilishadi. Bu narsani Tesla boshlab bergan, narxni birdaniga 30 foizga tushirgan. Bu narsa haligacha davom etyapti, narxlar tushib boryapti. Ammo bu narsa bir kun to‘xtaydi baribir. Masalan, Lixiang kompaniyasi bu yil narxni tushirish o‘rniga ko‘tardi. Oldingi chiqqan mashinalar 5000 dollarga qimmatladi. Ya’ni o‘sishi ham mumkin, doim pastga qarab keta olmaydi.

Dilshod Abdullayev: Narxlar yana tushadi deb o‘ylayman, bizda ham ishlab chiqarishni boshlashsa kerak. Yil oxiriga borib Xitoyda narxlar tusharkan. Yil boshida 10 ming dollarga sotilgan mashinalar narxlari yil oxiriga borib 6 ming dollarga tushib qolarkan. Menimcha, narxlar yildan yilga tushadi.

O‘zbekistonda BYD ishlab chiqarish boshlanishi ichki bozorda elektromobillar narxlariga qanaqa ta’sir qiladi, deb o‘ylaysiz?

– Shu yurtda tug‘ilgan, yashovchi fuqaro sifatida biz ham xalqimiz uchun qulay, arzon, xalqni qiynamagan shartlarda mashina ishlab chiqarilishi tarafdorimiz. Ikkinchi tarafdan bu bizni shu sohaga investitsiya kiritgan tadbirkor sifatida biroz cho‘chitadi. Hech kimga sir emas, ilgari Chevrolet Lacetti'ni Koreyadan o‘zingiz uchun olib kelmoqchi bo‘lsangiz, bojxonada qiyinchilikka duch kelardingiz. Agar raqobat sog‘lom bo‘lsa, monopol ko‘rinishda bo‘lmasa, bizning cho‘chiydigan joyimiz yo‘q. Jahon miqyosida Xitoy eng katta ishlab chiqaruvchi bo‘lsa, Xitoy 500 ga yaqin turli modellardagi avtomobillar ishlab chiqaradi. BYD bularning ichida eng rivojlangani bo‘lsa, rivojlanib kelayotgan boshqa kompaniyalar ham bor. Balki biz ularni olib kelishni boshlarmiz. Raqobat sog‘lom bo‘lsa, cho‘chimaymiz, bo‘lmasa ahvolimiz og‘ir bo‘lishi mumkin.

Xurshid Mahamadov: Bu umuman ta’sir qilmaydi. Hali bizda [yetarlicha mahalliylashtirilgan holda] ishlab chiqarilishiga mening ko‘zim yetmaydi. Ishlab chiqarildi ham deylik, lekin ta’sir qilmaydi. Ular ham narxlarni stabil ushlab turishga harakat qilishadi. Ulardagi asosiy qulayliklardan biri bu – kafolat. Ya’ni 5-6 yilga kafolat berishyapti.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: