O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga germaniyalik o‘qituvchilarni jalb etish rejalashtirilyapti

O‘zbekiston 13:39 / 03.04.2024 2596

O‘zbekiston elchisi Dilshod Ahadov Germaniyaning Bonn shahrida qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo".

Elchinining Bonn shahri hokimi Katya Dyorner bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Bonn shahri bilan o‘zaro turizmni rivojlantirish, madaniyat, ayollarni tadbirkorlikka jalb etish loyihalarini ishlab chiqish, atrof-muhitni muhofaza qilish va energetika sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro delegatsiyalar almashinuvini jadallashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muloqotda birodarlashgan Bonn va Buxoro shaharlari o‘rtasida 2003 yilda o‘rnatilgan aloqalar doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘tgan yillarda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan Sustainable Bukhara ("Barqaror Buxoro") kabi loyihalarni qaytadan yo‘lga qo‘yish takliflari bildirildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston elchisi Germaniyaning bir qator tashkilotlariga ham tashrif buyurdi va ular bilan ikki tomonlama manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.

Katta ekspertlar xizmati (SES) ijrochi direktori Mixael Blank va uning ekspertlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Bettina Xartmann bilan kechgan muloqot chog‘ida SES tashkiloti orqali malakali nemis tili o‘qituvchilarini yurtimiz maktablari va til o‘rgatish o‘quv markazlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Germaniya akademik almashinuvlar xizmati (DAAD) jamg‘armasining ushbu shaharda joylashgan Markaziy ofisiga tashrif chog‘ida stipendiyalar ajratish bo‘yicha direktor Birgit Klyuzener va Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlari uchun stipendiyalar dasturi rahbari Hayko Shmidt bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekistonga ajratilayotgan grantlar sonini ko‘paytirish, ikki mamlakat universitetlari o‘rtasida ilmiy va akademik almashinuvlar sohasida hamkorlikni kengaytirish hamda yurtimiz oliy ta’lim muassasalarida germaniyalik o‘qituvchilarni jalb etish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yaqin kelajakda "El yurt umidi" fondi bilan hamkorlikka oid kelishuvlarni hayotga tatbiq qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Germaniya kasb-hunar ta’limi federal instituti Xalqaro kasbiy ta’lim bo‘yicha departament direktori Birgit Tomann va mamlakat hukumatining ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik bo‘yicha markaziy idorasi (GOVET) rahbari o‘rinbosari Peter Rexmann bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasida samarali hamkorlikni kuchaytirish masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazildi.

Tomonlar professional ta’lim, mutaxassislar malakasini oshirish sohalarda Germaniya bilan tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, bu yo‘nalishlarda muayyan loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Navbatdagi ikki tomonlama uchrashuv Bonn universiteti huzuridagi Rivojlanish tadqiqotlari markazida muassasa direktori professor Kristian Borgemayster va mutaxassislari bilan bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish va qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari xususida fikr almashdi.

Ko‘proq yangiliklar: