«O‘g‘rilikni kasb qilgandim, qamalgach ko‘zim ochildi» - sobiq o‘g‘rining tazarrulari (Hayotiy hikoya)

Jamiyat 14:56 / 03.04.2024 18951

«Hayotiy hikoyalar turkumidan berib borilayotgan hikoyalarning navbatdagisi yoshligida o‘g‘ri bo‘lgan va qo‘lga tushib qamalib chiqqan kishi haqida.

U qamoqdaligida ozodlikka chiqsa halol yashashga ahd qilgan, jazo muddatini o‘tab chiqqach so‘zida turib «eski hunar»ini tashlagan ekan.

«Birinchi marta qachon o‘g‘rilik qilganimni eslay olmayman. Maktabning boshlang‘ich sinflarida o‘qib yurgan paytlarimdayoq bolalarning ruchkasini o‘g‘irlardim. Bu ishni menga sinfdoshim o‘rgatgandi.

Bugun o‘sha ishimdan endi taajjublanaman. Chunki o‘g‘irlangan ruchkalarni na sotib bo‘lardi, na ishlatib. Egasi tanib qolishi mumkin. Qolaversa o‘zim ishlatay desam ruchkalarim yetarli. Shu sababli ularni tashlab yuborardim.

Ota-onam oddiy ishlarda ishlashardi. Ular kuni bilan ishda bo‘lgani uchun men qarovsiz qolardim. «Yomon xulqli» sinfdoshimga o‘sha paytda qo‘shilib qolganman.

U bilan maktabdan keyin rosa ko‘chalarda tentirardik. Qarovsiz qolgan narsalarni olib ketardik. O‘g‘irlangan narsalardan foydalanmasdik, aksariyati tashlab yuborilardi. Birovlarning keraksiz narsalarini nega olib ketardik, haligacha tushunmayman.

Keyinroq yuqori sinflarda o‘qib yurganimda o‘sha bola bilan cho‘ntak kesishga o‘tdik. Bizning cho‘ntakkesar ekanimizni maktabda ham, mahallada ham hech kim bilmasdi. Sherigim «biz jyentlmen o‘g‘rilarmiz, nazokat bilan cho‘ntak kesamiz» deb qo‘yardi.

Biron marta qo‘lga ham tushib qolmaganmiz. Shu tariqa maktabni tugatdik. Men tayinli biron ishning boshini tutish yoki oliy ta’limda o‘qish o‘rniga «o‘z kasbimni» davom ettirdim. Shahardagi barcha bozorlar, vokzallar o‘zaro taqsimlanib olingandi. Temiryo‘l vokzali mening doimiy ish joyim bo‘ldi.

Bir marta so‘rab qolishganda ota-onamga vokzalda «gruzchiklik» qilyapman dedim. Ularga bu ishim yoqmadi. Ota-onam oliy ma’lumotli bo‘lishimni va bironta jiddiyroq ishning boshini tutishimni xohlashardi.

Ularga ishim juda daromadli ekanini, biroz pul jamg‘arib institutga kirib o‘qishimni aytdim, ishonishdi. Aslida esa hech qachon unday niyatim bo‘lmagan.

Vokzaldan qo‘nim topganimning sababi bu yerda cho‘ntak kesish, qarovsiz qolgan sumkalarni, turli yuklarni o‘marib ketish oson edi. Vokzal aravakashlari bizga sherik emasdi. Biroq qarovsiz qolgan og‘irroq sumkani o‘marar ekanmiz, uni panaga olib chiqish kerakligini bilishardi va yordam berishardi.

O‘g‘irlangan sumkani yoki qandaydir yukni aravaga ortgandan so‘ng aravakashlarning ortidan borish shart bo‘lmasdi. O‘zlari qayerga olib borib tushirib kelishni bilishardi.

Keyinroq vokzalga yaxshilab o‘rnashgach atrofimga bir-ikki nafar yosh yigitlarni oldim. Ular bir o‘zim eplay olmaydigan ishlarda yordam berishar, men esa ularga ish haqi to‘lardim. Keyinroq guruh bo‘lib ishlashga o‘tdik.

Yoshim o‘ttizga yaqinlashib qolgan bo‘lsa-da hali ham uylanmagan edim. Shu orada o‘g‘rilarning tili bilan aytganda o‘ta kulgili ish qilib qo‘lga tushdim va qamalib yetdim.

Kunlardan bir kun bir ayol yigirmatacha qopga yarim qilib solingan yuk bilan kelib qoldi va kuzatuvchi bilan gaplashib qoplarni vagonga orta boshladi.

Aravakash vagonga chiqarib qo‘yar, ayol qoplarni ichkariga tortardi. Shu paytda vagonga kirish yo‘lagi to‘silib qoldi. Ayol aravakashni tepaga yordamga chaqirdi.

Shu paytda men yordamchilarimga imo qilgandim bir zumda to‘rtta qopni o‘marib, voqea joyidan yo‘q bo‘ldik. U paytlarda hozirgiday hamma yoqda kuzatuv kameralari yo‘q edi. Shu sababli ishimizni birov sezdi, birov sezmay qoldi.

«Sklad»ga (o‘g‘irlangan mollar vaqtincha saqlanadigan joyni shunday atardik) borsam yigitlarning ensasi qotib o‘tiribdi. Qarasam qoplarda quritilgan mayiz bor ekan. Yordamchilarning ensasi shunga qotayotgan ekan.

Qoplarni chamalab ko‘rsam har birida 30-35 kilogrammdan mayiz bor. Demak hammasi 120-140 kilogramm chiqib qoladi. Bir necha kun avval Chorsudan olgandim, shunaqa mayizning narxi taxminan 2 dollar atrofida edi. 250 dollar bo‘larkan, yomonmas deb o‘yladim.

Shundan so‘ng mayizni qanday sotish masalasi ko‘ndalang bo‘ldi. Albatta biz uni bozorda o‘tirib sotmasdik. Birontasiga ko‘tara berib yuborish kerak. Biroq ularni qaysi bozorga olib boramiz?

O‘sha paytda barcha narsaning ulgurji savdosi Qo‘yliq bozorida bo‘lardi. Mayiz o‘sha yerdan sotib olingan bo‘lsa tanib qolishlari mumkin. Shu uchun Qo‘yliqqa borib bo‘lmasdi. Oloy eng qimmat bozor bo‘lgani uchun mayizni o‘sha yerga olib borishga qaror qildik.

Yordamchilarimdan biri bilan kira qiladigan mashina gaplashib, mayizlarni ortdik va Oloyga olib bordik. Avtoturargohga kirgach haydovchiga biroz kutsa yana qo‘shib berishimni aytgandim, u rozi bo‘ldi.

Mayizdan bir hovuch olib bozor oraladik. Quruq meva rastasidan yurib sotuvchilarga mayiz bor, olmaysizlarmi deb so‘ray boshladik. Aksariyati o‘zimnikini sotolmayapman, kerakmas derdi.

Bozor o‘rtasiga borganda polvonkelbat bir yigit «qani ko‘rsat-chi deb qoldi. Darhol unga qo‘limdagi mayizni tutqazdim. So‘ng ular tashqarida mashinada turganini, kelishsak olib kirib berishimni aytdim.

Shunda yigit «Gapingdan toshkentlikka o‘xshayapsan, har holda mayizni domda yetishtirmagansan, buni qayerdan olding?» deb so‘rab qoldi. Unga bir oshnam qarz o‘rniga hisoblab berganini aytdim.

Yigit negadir savdolashib ham o‘tirmadi, aytgan narximga rozi bo‘ldi. Borib mayizni olib keldim. Kelsam yigitning atrofiga boshqa sotuvchilar to‘planib turishibdi.

Yigit qoplarni ochdi va eng avval uning ichidagi mayizga emas, qopning ustiga qo‘yilgan belgilarga qaradi. Men esa bir ishkal chiqmasin-da deb unga xavotirlanib qarab turardim.

Bir payt u qo‘limdan ushladi va peshtaxta ichkarisiga boshladi. So‘ng tartib bilan terib qo‘yilgan qoplarni ko‘rsatib gap boshladi:

«Uka, mana bu qoplardagi belgiga qara. Katta harflarda «AB» harflari bilan belgi qo‘yilgan. Bu belgini bir paytlar otam o‘z nomi va familiyasining bosh harflaridan olib tanlagan. Endi sen olib kelgan qoplardagi belgilarga qara, u yerda ham xuddi shunday belgilar bor. Bu mayizni kecha ayol mijozimga sotganman, sen ularni vokzalda o‘g‘irlagansan».

Yigit men olib kelgan qoplarni ko‘rsatgan edi, ularda ham «AB» harflari bor ekan. Uning gaplaridan o‘zimni yo‘qotib qo‘yayozdim. Men unga mayizlarni hech kimdan o‘g‘irlamaganimni, qarzga hisoblab olganimni aytdim.

«Men senlarni alifbongni yaxshi bilaman. Falonchadan qarzga olgandim, falon qilgandim degan «dejurniy» gaplaringni katta xolangga borib aytasan. Qancha gaping bo‘lsa uchastkavoyga gapirasan», dedi u.

Yigit imo qilgandi sotuvchilar men va yordamchimni o‘rab olishdi va qattiq ushlashdi. Yigit avval uchastkavoyga odam yubordi. So‘ng qo‘liga ro‘molcha o‘rab cho‘ntagimni kovlagandi u yerdan ikkita chopqi, lezviya va qarta chiqdi.

Lezviya va o‘tkir tig‘li chopqini cho‘ntak va sumka kesishda ishlatardim. Ikkinchi chopqi kattaroq bo‘lib, har ehtimolga qarshi olib yurardim. Yigit ularni ko‘rsatib «men senlarni qadam bosishingdan taniyman, kimni aldamoqchi bo‘lyapsan?» dedi.

O‘sha paytda umuman chorasiz qoldim. Eng yomoni o‘zim tergab, so‘kib ishlatib yurgan yordamchimning oldida obro‘yim bir pul bo‘layotgani edi. U ham «holing shu ekan-ku, bizga boshliqlik qilishga balo bormidi?!» deganday qarab turardi.

Ko‘p o‘tmay uchastkavoy yordamchilari bilan keldi. Yigit unga nima bo‘lganini tushuntirdi va cho‘ntagimda chopqilar borligini aytdi. Shundan so‘ng uchastkavoy ratsiya orqali bo‘limdan xodimlarni chaqirdi.

Xodimlar bizni va daliliy ashyo bo‘lgan mayizni olib ketmoqchi bo‘lishdi. Biroq yigit mayizni ularga bermadi.

«Tergovda va sudda meni guvohlikka chaqirsanglar aytgan vaqtlaringda yetib boraman. Biroq mayizni bermayman. Keyingi hafta uni sotib olgan opa keladi, egasiga topshiraman», dedi u. IIB xodimlari indamay ketishdi.

Tergov bir necha oy davom etdi. Vokzalda sodir bo‘lgan va ochilmagan o‘g‘riliklarimizni bo‘ynimizga oldik. Hatto biz qilmagan ishlarni ham gardanimizga ilishdi. Boshqa choramiz yo‘q edi.

Ota-onam qilib yurgan ishimdan ilk qo‘lga tushgan kunimdayoq xabar topishdi va hayron bo‘lishdi. Otam boshini changallagan, onam esa yig‘lardi. Biroq g‘isht qolipdan ko‘chgan, ular qobil deb bilgan o‘g‘il jinoyat ustida qo‘lga tushgandi.

Biz guruh bo‘lib ko‘plab o‘g‘riliklarni sodir etishda aybdor deb topildik. Sud bizga bir necha yildan qamoq jazosi berdi. Voyaga yetmagan «shogirdlar»im shartli jazo olishdi. Ularning ota-onasiga ham chora ko‘rildi.

Qamoqda o‘tirar ekanman o‘tgan umrimni sarhisob qildim. Yoshim o‘ttizga yaqinlashib qoldi, biron ishni boshini tutmadim, oila qurmadim. O‘zi nega yashab yuribman?

Shundan so‘ng o‘g‘rilik qilib bir umr yashab bo‘lmaydi degan xulosaga keldim. Qamoqdan chiqqach odamga o‘xshab yashayman deb o‘zimga so‘z berdim. Bir so‘z bilan aytganda Xudo insof berdi.

O‘sha kun ham keldi, qamoqdan chiqdim. Avval Qo‘yliq bozoriga borib arava surdim. So‘ng o‘sha yerda u, bu narsa olib sota boshladim. Bu orada uylandim. Keyin savdoni kengaytirib firma ochdim. Hozir oilam, farzandlarim bor. Tinchgina yashab yuribman.

So‘nggi paytlarda o‘g‘rilik, firibgarlik qilib qo‘lga tushgan yosh yigitlar, o‘smirlar haqida o‘qib qolaman. Ularga aytar so‘zim, bu hayot kishiga bir marta beriladi. Jinoyat sodir etib hayotingizni panjara ortida o‘tkazmang. Halol kun kechirsangiz ham kuningiz o‘tadi».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: