Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, quyidagi qo‘shimchalar kiritildi:
“Hamkorlik shartnomalari”ga asosan “20 ming tadbirkor –500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlarga (bundan Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlari mustasno) ayrim soliqlarni hamda aylanmadan olinadigan soliqni ushbu tadbirkorlar yaratgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab quyidagi muddatlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi:
- 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda – 3 oygacha;
- 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda – 6 oygacha;
- 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratilganda –12 oygacha.
Shuningdek, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik sub’yektlari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini 2025 yil 1 yanvargacha quyidagi miqdorda pasaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi:
- 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 50 foizi;
- 101 dan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 75 foizi;
- 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilganda – ushbu soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.