Amir Temur shohko‘chasidagi davlat idoralari binolari biznes loyihalariga beriladi

O‘zbekiston 14:20 / 03.04.2024 16413

Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi sessiyasida Yunusobod tumanidagi davlat muassasalarining eski binolarini tadbirkorlik loyihalari uchun berishni taklif etdi.

«Yunusobod poytaxtning eng qulay qismida joylashgani uchun kredit olmasdan, o‘z sarmoyasini kiritib, ish o‘rni yaratishga intilayotgan tashabbuskorlar juda ko‘p. Lekin ularni eng qiynaydigan masala — tumanda bo‘sh joy topish.

Amir Temur shohko‘chasi so‘nggi yetti yilda tadbirkorlar uchun eng jozibador ko‘chaga, hududning o‘sish nuqtasiga aylandi. Lekin ko‘chaning 6 kilometr qismida eskirgan qiyofadagi 3–4 qavatli 8 ta davlat idoralari joylashgan.

Bu binolarni yerosti avtoturargohi bor ko‘p qavatli savdo, xizmat va ovqatlanish obektlari, ofis va mehmonxona shaklida qayta qurish sharti bilan loyihalar amalga oshirilsa, tadbirkorlar va ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish mumkin», – deya prezidentdan iqtibos keltiradi uning matbuot kotibi.

Shunday loyihalarni bank filiallari o‘rnida hamda davlat tashkilotlari egallab turgan 24,5 gektar negizida ham amalga oshirish mumkinligi ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, Amir Temur maydonidan katta halqa yo‘ligacha boradigan Amir Temur shohko‘chasida Yunusobod tumani hokimligi, Toshkent moliya instituti, FHDYo arxiv binosi, tuman soliq bo‘limi, Majburiy ijro byurosi va boshqa obektlar joylashgan.

Ko‘proq yangiliklar: