“Yaponiyada olgan bilimlarim bir paytlar O‘zbekistonga kerak bo‘lmagandi” - o‘zbek elchisi bilan suhbat

O‘zbekiston 21:37 / 02.04.2024 14051

– Yaponiya siz uchun nima?

– Ikkinchi vatandek. O‘z yo‘limni topishda, oyoqqa turishimda yordam bergan davlat. Bu yerga kelganimga 20 yil bo‘ldi. Elchilik faoliyatimga 2 yilu 4 oy bo‘ldi.

Dastlab Yaponiyaga 1998 yilda magistraturada o‘qish uchun kelganman. O‘qish tugab, bir muddat o‘tgach, 2004 yilda O‘zbekistonga qaytganman. Ilmiy izlanishim “O‘tish jarayonidagi davlatlarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish” edi. Shu bo‘yicha faoliyat olib bormoqchi bo‘lganman O‘zbekistonda. Lekin u vaqtda bu O‘zbekistonga kerak bo‘lmagan ekan... Bozor sharoitlari yetarli bo‘lmagani uchun bo‘lsa kerak.

Keyin 2006 yilda Yaponiyaga qaytib, universitetda ishladim, so‘ng tadbikorlik qildim.

– Yaponiya rivojlanishining asosiy omili nimada deb o‘ylaysiz?

– Jamoaviy ishlashda. Bu narsa Yaponiyada yuqori darajada. Aniq maqsadlar qo‘yilib, o‘sha maqsadlar tomon birgalikda harakat qilinadi.

– Aytishlaricha, kollektivizim individualizmni cheklaydi. Qanday qilib yaponlar kollektivizm bilan odamlarning individualligini uyg‘unlashtira oldi?

– Qiyin savol, ammo javob berishga urinib ko‘raman. Ha, Yaponiyada kollektivizm kuchli, ko‘chada nima istasangiz qila olmaysiz, jamiyatning bosimi sezib turasiz. Ammo ishga kelganda shaxsning fikrlari eshitiladi va rag‘batlantiriladi. Shu tarzda kollektivizm va individualizmni birlashtira olishgan.

– Davlat va xalqning o‘zaro munosabati qanday Yaponiyada?

– Bizdagi ayollar, yoshlar daftari kabi Yaponiyada ham aholi daromadiga qarab davlat tomonidan beriladigan yordam bor. Ijtimoiy masalalarda Yaponiya rivojlangan davlatlarning eng oldilaridan deb o‘ylayman.

Bola puli beriladi bu yerda ham. Murojaat qilinsa, daromadga qarab, yordam pullari ajratiladi yoki davolanish uchun xarajatlarning asosiy qismini qoplab berish kabi qo‘llovlar bor. Xalq davlatga juda ishonadi, chunki doimiy qo‘llab-quvvatlov bor.

Odamlarni kambag‘al yoki boy ekanini ko‘chada yurib bilish qiyin, hamma deyarli bir xil yuradi, o‘zini tutishi ham bir xil.

– Xalq davlatga ishonganiga yarasha, davlat ham xalqni eshitadi, shunaqami?

– Viloyat gubernatorlari, shahar merlarini xalq saylaydi. Qonun va qarorlar ham xalqning manfaati uchun bo‘ladi, agar biror rahbar xalq manfaatiga ters qaror chiqarsa, uning mansabda bo‘lishi o‘zoqqa bormaydi.

– So‘z erkinligi qanday Yaponiyada? Xalq va hukumat muloqot mexanizmi qay tarzda ishlaydi?

– So‘z erkinligi bor Yaponiyada. Lekin erkinlik bor, deb har narsani ham gapiraverishmaydi. Aniq faktlar, yechimlar bo‘lsa gapiriladi odatda.

Turli petitsiyalar bor. Parlament oldida to‘planishadi ham. Kichik guruhlar to‘plansa ham, shularning ham so‘zlari eshitiladi. Asosan mahalliy hokimiyatlar orqali yuqori hokimiyatga yetib boradi xalq xohish-istagi.

– O‘zbekiston va Yaponiya munosabatlari: qanday potensial bor, nimalarga erishildi, nimalarga hali erishilmadi?

– Katta potensial bor, albatta. Yaponiyada yoshi katta insonlar aholining ko‘p qismini tashkil qiladi. O‘zbekistonda esa mehnatga layoqatli yoshlar qatlami katta, shuning uchun mehnat bozorida hamkorlik qilsa bo‘ladi. Yoshlarimiz Yaponiyada ishlab, tilni, madaniyatini, ish olib borishni o‘rganib kelishsa, foydali bo‘ladi.

Yaponiya bilan 1992 yilda diplomatik aloqalar o‘rnatganmiz. O‘rtadagi masofa 6 ming km. Asosiy bog‘lovchi – havo yo‘llari. Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida haftada bir marta qatnaydigan reys bor. Logistik muammolar sabab eksport va import hajmi pastroq.

Yaponiya bilan bog‘lanish uchun asosiy yo‘l shimoliy koridor edi. Lekin hozir bu yo‘ldan foydalanish ancha qiyinlashgan. Afg‘oniston orqali o‘tuvchi yo‘lakni taklif qilgandik, Yaponiya hali unashmayapti. Yana bitta yo‘nalish Qirg‘iziston va Xitoy orqali o‘tish, lekin bu yo‘ldan o‘zlarini tortib turishibdi. Faqat Transkaspiy koridori orqali o‘tuvchi yo‘lga qiziqishyapti.

– Elchi sifatida o‘z oldingizga qo‘ygan maqsadlaringiz?

– O‘zbekistonda haqiqiy yapon universiteti ochilishini istardim. Yaponlar faqat Misr, Malayziya va Turkiyada o‘z universitetlarini ochgan, boshqa mamlakatlarda yo‘q.

Yaponiya ta’lim tizimini O‘zbekistonga olib kirish uchun Farg‘onada 19 ta shahar va tumanlarda bittadan maktabni tanlab olib ish olib borilyapti. Yapon mutaxassislari jalb qilingan.

Ikkinchisi – O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yapon kompaniyalari sonini 100 tadan oshirish, hozir 70 taga yaqin kompaniya bor. Masofa uzoqligi va logistik muammolar to‘siq bo‘lyapti ko‘proq. Shu paytgacha yaponlar O‘zbekistonga kuchli ishonch bilan qarashmagan, lekin har bir viloyatga borib, yapon tadbirkorlariga O‘zbekistondagi imkoniyatlarni targ‘ib qilishga harakat qilyapmiz. Har hafta 10-15 ta yapon kompaniyasi O‘zbekistonni o‘rganyapti. O‘zi yaponlar tez qaror qabul qilmaydi, obdon o‘rganib chiqishadi.

– Yaponiyada o‘qiyotgan o‘zbekistonlik yoshlarga maslahatlaringiz.

– Yaponiya o‘qish uchun qulay mamlakat. Ko‘p narsalarni o‘rgansa bo‘ladi. Bu yerdagi vatandoshlarimzga doim 3 ta narsani aytaman. Birinchisi, har bir o‘zbekistonlik Yaponiyada yurganda O‘zbekiston vakili ekanini his qilishi kerak, chunki ularga qarab o‘zbeklarga baho beriladi.

Ikkinchisi, o‘qish uchun kelgan yoshlar asosiy e’tiborni o‘qishga qaratsin, o‘ziga yetarli darajada ishlashsa yetadi. 3-5 yil qiyinchilik bo‘lishi mumkin, lekin yaxshi mutaxassis bo‘lishsa, keyin oson bo‘lib ketadi.

Uchinchisi, vatandoshlar bir-biriga to‘g‘ri maslahat berib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib yurishsa, yaxshi natijalarga erishishadi.

Elchixonamiz vatandoshlarimz bilan yaqindan ishlaydi. Agar biror bir masala bo‘lsa, savollar bo‘lsa, bemalol bizga murojaat qilishlari mumkin. Telefonlar doimiy ravishda ishlab turadi. Saytimiz – uzbekistan.jp

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: