O‘zbekiston bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi o‘rtasida imzolangan moliyalashtirish bitimi doirasida "O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasini amalga oshirish uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga jami 142 million AQSh dollari miqdorida qarz mablag‘lari ajratiladi. Progreen trast jamg‘armasi hamda Koreya Respublikasining KWPF jamg‘armasi o‘rtasida tuzilgan grant bitimlari doirasida jami 11 mln AQSh dollari miqdorida grantlar jalb etiladi.
Loyihaning umumiy qiymati 205,45 mln AQSh dollarini, shu jumladan Loyihadagi O‘zbekistonning ulushi 52,45 million AQSh dollarini tashkil etadi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘rmon xo‘jaligi agentligi loyihaning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi, muvofiqlashtirilishi va boshqarilishi hamda jalb etilgan qarz mablag‘lari va grantlardan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun mas’ul ijro etuvchi organlar hisoblanadi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
● "O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasining texnik-iqtisodiy parametrlari;
● "O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasini amalga oshirish doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasining qarz mablag‘laridan foydalanish, uni qaytarish, komissiya va foiz to‘lovlarini to‘lashning prognoz jadvali;
● "O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasini amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi";
● loyiha doirasida Jizzax, Namangan, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar.