AQShga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

O‘zbekiston 20:30 / 01.04.2024 5667

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborishini aytib odamlardan pul olgan shaxslarni qo‘lga oldi.

Departamentning Jizzax viloyati Zafarobod tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.Q. fuqaro B.B.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida AQShga ishga yuborishi evaziga 20 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida Navoiy shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.T. fuqaro M.Sh.ning ishonchiga kirib, uni Meksika orqali AQShga ishga yuborishi evaziga 14 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan .

Bu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mart oyi o‘rtalarida bunday shaxslardan biri Toshkentda 16 ming dollar bilan ushlangandi.

AQSh tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning oktyabridan 2023 yilning oktyabriga qadar Qo‘shma Shtatlar chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringan 13 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan.

Ko‘proq yangiliklar: