2024 yil O‘zbekiston birinchi marta xalqaro TALIS tadqiqotida qatnashadi – MMTV

O‘zbekiston 16:59 / 01.04.2024 8666

1 aprel kuni AOKA agentligida o‘tgan matbuot anjumanida shu haqda xabar berildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Strategik rivojlantirish va xalqaro reytinglar boshqarmasi boshlig‘i Laziz Xo‘jaqulovning aytishicha, bugungi kunda o‘qituvchilarning ruhan zo‘riqish holatlari ta’lim muassasalaridagi bor masala bo‘lib turibdi. 

“Bu faqat O‘zbekistonda emas, balki butun dunyoda o‘qituvchilarning sotsial va emotsional bo‘yicha [muammolari] mavjud. Vazirlikda nima ish qilinyapti deganda ikkita narsani aytish kerak. 

Birinchidan, xalq ta’limi tizimidan boshlanib, maktabgacha va maktab ta’limi tizimigacha davom etib kelyapti, xalqaro TALIS tadqiqotlari bor, shu tadqiqotlarda o‘qituvchilarning kasbiga bo‘lgan munosabati, bunga qanday ta’sirlar ko‘rsatilayotgani o‘rganilyapti. Bu – bizga ham yangi narsa. 

Ikkinchisi, YuNeSKO tashkiloti bilan hamkorlikda o‘qituvchilarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish yo‘nalishida sotsial-emotsional holatlari ustida ishlash bo‘yicha qo‘shma loyiha [imzolash] ham reja qilinyapti”, – dedi u. 

Xo‘jaqulovning qo‘shimcha qilishicha, o‘qituvchilarni ruhiy stress va zo‘riqish holatlarini yengish bo‘yicha ham malaka oshirish kurslarida alohida ishlar olib borish ko‘zda tutilgan. 

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabovning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston maktablari 2024 yilning aprel va may oylarida birinchi marotaba TALIS tadqiqotida ishtirok etadi. Bunda ham xuddi PISA tadqiqoti uchun tanlab olingandek, respublikaning 210 ta maktabi saralangan. Tadqiqotlar so‘rovnoma ko‘rinishida tashkil qilinadi. 

Ma’lumot uchun, TALIS (Teaching and Learning International Survey) xalqaro tadqiqotida o‘qituvchilar, maktab rahbarlarining kasbiy va pedagogik faoliyati, mehnat sharoiti va maktabdagi ta’lim muhitini o‘rganilib, unga tegishli tahlillar bo‘yicha ishonchli va taqqoslanadigan ma’lumotlar ishlab chiqiladi. Tadqiqot 2008 yildan beri Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan har 6 yilda so‘rovnoma ko‘rinishida o‘tkaziladi. 

So‘nggi marta 2018 yilda bo‘lgan TALIS xalqaro baholashlarida 48 ta davlat qatnashgan, natijalari 2020 yilda iyun oyida e’lon qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: