Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda mamlakatda zargarlik tarmog‘ini sanoatning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va ularning savdosi bo‘yicha faoliyatni qo‘llab-quvvatlash muhim sanaladi. Shu bois tadbirkorlik sub’yektlarining xomashyoga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish maqsadida qonun bilan Soliq kodeksiga zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan qimmatbaho toshlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Qonun bilan Soliq kodeksini kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylarining va dam olish zonalarining mazkur yo‘nalishdagi xizmatlarni ko‘rsatishdan olgan foydasi foyda solig‘idan ozod qilinishi to‘g‘risidagi norma bilan to‘ldirish ham nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, «Turizm to‘g‘risida»gi qonunga kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylari va dam olish zonalari majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilyapti.
Ta’kidlanishicha, mazkur qonun mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarni xomashyo resurslari bilan ta’minlashga va ularning eksport salohiyatini oshirishga, shuningdek, turizmni rivojlantirishga va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.