Yig‘ilishda yirik davlat korxonalarining xarajatlarini maqbullashtirish, energiya resurslarini tejash borasida qilinayotgan ishlar natijadorligi ko‘rib chiqildi. Dunyo bozoridagi murakkab sharoitda eksport tushumlarini oshirish, korxonalarning to‘lov qobiliyatini mustahkamlash, debitor qarzdorligini kamaytirish, xarajatlar asossiz o‘sishining oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Alohida e’tibor tarmoq va hududlarning eksport imkoniyatlarini to‘la ishga solish masalalariga qaratildi. Buning uchun tadbirkorlarga tashqi bozorlarga chiqishda qulay ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini yaratib berish, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Davlat rahbari ichki bozorda narx-navo barqarorligi masalasiga alohida to‘xtalib, kundalik iste’mol tovarlarini mahalliylashtirishni kengaytirish, korxonalarning quvvatini oshirishga ko‘maklashish zarurligini ta’kidladi.
Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda hududlardagi sanoat zonalari hamda kooperatsiya imkoniyatlaridan keng foydalanish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash kerakligi qayd etildi. Asosiy e’tiborni qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash, ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.