Senatning ellik birinchi yalpi majlisi 30 mart kuni chaqiriladi

O‘zbekiston 16:49 / 28.03.2024 2926

Unda Senatning ellik birinchi yalpi majlisini 2024 yil 30 mart kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ta’kidlanganidek, video-konferens-aloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

“Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi, “Ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona  sud amaliyotini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, yalpi majlis kun tartibida “Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi to‘g‘risidagi Bitimga hamda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi budjetini shakllantirish va ijro etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi bayonnomani (Toshkent, 2022 yil 1 iyun) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun ham o‘rin olgan.

Senatorlar “Xalqaro mehnat tashkilotining Ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi 156-sonli konvensiyasini (Jyeneva, 1981 yil 23 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni ham ko‘rib chiqadi.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi.

Yalpi majlisda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi muhokama qilinishi ham rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, senatorlar Senat kengashining bir qator qarorlarini tasdiqlash masalasini ham ko‘rib chiqadi.

Ko‘proq yangiliklar: