“Xalqlarimizni yagona din, o‘xshash madaniyat va mushtarak tarix bog‘lab turadi” - Pokiston elchisining xonadoniga tashrif

O‘zbekiston 17:26 / 26.03.2024 8047

Kun.uz'ning xorijiy mamlakatlar elchilari bilan navbatdagi suhbati noodatiy tarzda kechdi: Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Ahmad Faruq 23 mart – pokistonliklarning milliy bayrami munosabati bilan Ramazon kunlarida samimiy suhbat qurish va iftorlik uchun muxbirimizni o‘z rezidensiyasiga taklif etdi.

“Siz va jamoangizni uyimizda ko‘rishdan g‘oyat mamnunman. Ayniqsa, Mohi ramazonda mehmonim bo‘lganingiz meni quvontirdi”, – dedi bizni oila a’zolari bilan kutib olgan elchi janoblari.

Ahmad Faruq bizni rafiqasi va ikki farzandi bilan tanishtirdi. Ularning o‘g‘li Muhammad Mustafo O‘zbekistonni boy madaniyat va tarixga ega davlat sifatida tanigani, qizi Maryam esa mamlakatimizdagi islom madaniyati unga yoqqanini aytdi.

“Meni nihoyatda ta’sirlantirgani – O‘zbekiston yoshlarining boshqa tamaddunlarga bo‘lgan qiziqishi bo‘ldi. Har gal Toshkent va O‘zbekistonning turli joylarida bo‘lganimizda yosh bolalar va o‘smirlar bilan muloqotga kirisharkanmiz, Pokiston haqida ko‘proq bilishni istayotganlariga shohid bo‘lamiz”, – deydi diplomatning turmush o‘rtog‘i Lina Faruq.

49 yoshli elchi Ahmad Faruq Pokistonning Lahor shahrida, ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Otasi – Yevropa tarixi bo‘yicha professor va yurist, onasi – ingliz adabiyoti professori. Suhbatdoshimiz bizga onasi tomonidan yozilgan ikkita kitobni ko‘rsatdi – biri Alloh subhanahu va taoloning ismlari haqida, boshqasi esa Muhammad s.a.v. hayotlari haqida ingliz tilida chop etilgan.

Ahmad Faruq uyidagi kitoblari orasidan Alloma Iqbolning asarini ajratib ko‘rsatadi. “Bu buyuk shaxs bizning tarixda muhim o‘ringa ega, sababi u ilk bor Pokiston g‘oyasini bergan. Uning g‘oyasiga ko‘ra, Janubiy Osiyo musulmonlari o‘zlarining vatanlariga ega bo‘lishga haqli. Uning fikrlariga tayanib biz Pokistonga erishdik. Pokiston tushunchasi ortida uning fikrlari yotibdi. Yaqinda, 9 noyabrda mutafakkirning tug‘ilgan kuni munosabati bilan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Iqbol kunini nishonladik”, – deydi u.

Elchining xonadonida Pokiston asoschisi Muhammad Ali Jinnaning suratiga ham ko‘zimiz tushadi. “Biz ularni Quaidi A’zam (Buyuk sardor) deb ataymiz. U zot ozodlik uchun uzoq kurash olib borgan va Pokiston xalqining mustaqilligiga erishishida asosiy rol o‘ynagan”, – deydi xonadon sohibi.

Ahmad Faruq Pokiston Tashqi ishlar vazirligi tizimida 25 yildan buyon turli lavozimlarda, xususan vazir ma’muriyati rahbari, vazirlik hududiy boshqarma boshlig‘i, Pokistonning BMTdagi doimiy vakilining o‘rinbosari va Pokistonning Xitoydagi elchisi o‘rinbosari kabi vazifalarda ishlagan. 2023 yil mart oyidan buyon Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.

“Pokiston va O‘zbekiston juda mustahkam aloqalarga ayniqsa ayni din, bir xil madaniyat, umumiy tarix va mushtarak kelajakka ega. Imom Termiziy, Imom Buxoriy kabi buyuk islom ulamolari, Buxoroning so‘fiy avliyolari va Naqshband so‘fiylik tariqati Pokistonda ham e’zozlanadi. Tarixga to‘xtaladigan bo‘lsak, Zahiriddin Muhammad Bobur tarixdagi eng buyuk saltanatlardan biri bo‘lgan Janubiy Osiyodagi Boburiylar saltanati asoschisi hamda bizning tariximizda katta ahamiyatga ega shaxs. Madaniyatga kelsak, bizning liboslar, taomlarimiz ko‘pgina o‘xshashliklarga, jumladan, urdu va o‘zbek tillari 3000 dan ortiq o‘xshash so‘z boyligiga ega. O‘zbekiston va Pokistonning Janubiy Osiyo va Arab dengiziga yo‘l ochish va tijoratni keng targ‘ib qilish kabi umumiy manfaatlari bor”, – deydi Pokistonning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari.

O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari so‘nggi 4-5 yil ichida ancha faollashdi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar qaysi omillarga asoslanadi?

— Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Pokiston-O‘zbekiston munosabatlari sezilarli chuqurlashdi va agar siyosiy munosabatlarni olsak, Pokiston bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi bo‘ldi. Keyin O‘zbekiston prezidenti 2022 yilda Pokistonga tashrif buyurdi, 2023 yilda yana bir qancha oliy darajadagi muloqot va uchrashuvlar bo‘ldi. Sentyabrda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida O‘zbekiston prezidenti va Pokiston bosh vazirining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Keyin Pokiston bosh vaziri O‘zbekistonga tashrif buyurdi, xuddi shunday vazirliklar darajasida ham qator tashriflar bo‘ldi. Bundan tashqari, so‘nggi bir necha yil ichida har ikki davlat munosabatlarini boshqarish va institutsionalizatsiya qilishning o‘ndan ortiq mexanizmlari ishlab chiqildi. Shunday qilib, bu ishlar katta ahamiyat kasb etadi va ular ancha oldinga siljidi. Buning asosi, aytganimdek, ko‘p tomonlama hamkorlik, umumiy manfaat va ikkala xalqqa foydadir. Bu ishlar natijasi o‘laroq, biz qurgan mustahkam aloqalarga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Pokiston Markaziy Osiyoga juda yaqin joylashgan. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston va Pokistonning mintaqaviy xavfsizlikdagi roliga ham to‘xtalib o‘tsak.

— Bilasizmi, agar iqtisodiy hamkorlik, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar va aloqa haqida gapiradigan bo‘lsak, xavfsizlik juda muhim element. Xavfsizliksiz inson rivojlana olmaydi. Pokiston ham, O‘zbekiston ham mintaqaviy barqarorlik va ayniqsa, terrorizm hamda giyohvandlikning oldini olishdan manfaatdor. Ya’ni bular ham Pokiston, ham O‘zbekistonning manfaatidir. Mintaqaviy barqarorlikni va xavfsizlikni ta’minlash uchun ushbu masalalarda bir-birimiz bilan faol hamkorlik qilmoqdamiz. Pokiston ham, O‘zbekiston ham ShHT va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi tashkilotlarga a’zo. Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida BMT va boshqa millatlararo tashkilotlarda ham faol hamkorlik mavjud.

Suhbatlarda ko‘p to‘xtaladigan mavzu bor – Afg‘oniston orqali Pokistonga chiquvchi Transafg‘on temiryo‘li. Bugun mana shu Transafg‘on temiryo‘li qaysi bosqichda va bu mavzuda qanday yangiliklarni kutishimiz mumkin?

— Transport aloqalari Pokiston va O‘zbekistonning juda muhim qo‘shma loyihasidir. Pokiston butun Markaziy Osiyoning dengizga chiqishi uchun eng qulay davlat hisoblanadi. Pokiston va O‘zbekiston Afg‘oniston bilan birgalikda Markaziy Osiyoni Arab dengizi bilan Pokiston orqali bog‘lash ustida ishlamoqda. Siz aytgan Transafg‘on temiryo‘li bu loyihaning muhim nuqtasidir. Hozirda Pokistonning Karachi portidan Toshkentga yuk 10-12 kun ichida yetib boradi. Yuklar soni ko‘payib bormoqda va har bir iqtisodchi bu juda istiqbolli yo‘l ekanini aytadi. Agar bu temiryo‘l qurilsa, bu masofa 3-4 kungacha qisqaradi. Bu nafaqat O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston xalqiga, balki butun Markaziy Osiyoga qanday farovonlik olib kelishini tasavvur qilib ko‘ring. Bu butun mintaqaning barqarorlashishga yordam beradi va bu barcha mamlakatlar aholisi uchun foydali bo‘ladi. Barcha 3 hukumat transport aloqalari va temiryo‘l loyihasini targ‘ib qilishga bel bog‘lagan.

O‘tgan yili Pokiston-O‘zbekiston-Afg‘oniston yo‘nalishi bo‘yicha ushbu poyezd qatnovi qayerdan o‘tishini kelishib oldi. Endi biz loyihani imkon qadar tezroq boshlash uchun boshqa bosqichlarni yakunlayapmiz.

Bu yerda asosiy masala moliyalashtirish bilan bog‘liqmi?

— Ha, moliyaviy tomoni loyihaning juda muhim jihati, chunki moliyasiz biz amalga oshirolmaymiz. Uch davlat birgalikda xalqaro hamkorlarni ushbu loyihada bizga qo‘shilishga chaqiryapmiz. Investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlik qilyapmiz.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida kelajakda kutilayotgan va hozirda boshlangan loyihalar, hamkorlik bosqichlari haqida ham to‘xtalsangiz.

— Pokiston va O‘zbekiston o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga oshirishga kelishib olgan. Shu maqsadda ikkala davlat ham bozorlarni o‘rganmoqda. O‘zbekistonlik va bizning mutaxassislar savdo-sotiqni qanday rivojlantirish mumkinligini bilish uchun O‘zbekiston va Pokiston bozorini birgalikda ko‘rib chiqmoqda. Ko‘rib turganingizdek, Pokiston 250 million aholisi bo‘lgan davlat, har qanday eksport uchun ulkan bozor. Bu – o‘sib borayotgan iqtisodiyot. O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholi yashaydigan o‘lka. Tijoratni rivojlantirish uchun salohiyat bor va biz oldinga intilyapmiz.

Bu yil iyun oyida Toshkentda katta “Katta Pokiston – yagona davlat” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi, unda yuzga yaqin pokistonlik eksportyorlar o‘z loyihalari bilan O‘zbekistonga kelishadi. Pokistonda ham shunday ko‘rgazma O‘zbekiston tomonidan o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu o‘zaro savdo hajmini ko‘paytiradi. Biz mudofaa va madaniy hamkorlikni hamda boshqa turli yo‘nalishlarni ham rivojlantiryapmiz, ko‘p qirrali siljishlar sodir bo‘lmoqda. Munosabatlarimizni har tomonlama rivojlantirishga harakat qilmoqdamiz.

O‘zaro savdoda asosan qaysi mahsulotlar katta o‘rin tutadi?

— O‘zbekiston Pokistondan dori vositalari, kartoshka va boshqa sabzavotlar, mevalarni import qiladi. Pokiston esa minerallar, mevalar va boshqa tovarlarni import qiladi.

Kelajakda biz jarrohlik amaliyotida qo‘llanadigan buyumlar savdosini oshirishimiz mumkin. Pokiston eng yaxshi jarrohlik buyumlarini ishlab chiqaradi. Savdoni yaxshilashga misol qilib, mango mevalari Pokistondan keltirilayotganini ham aytish mumkin. O‘tgan yili Pokistondan mango keltirdik va u odamlarga juda yoqdi. Pokiston mandarinlari O‘zbekistonga kelayotganini ko‘rib turibmiz. Ko‘p narsa qilish mumkin. Bizning ishimiz elchixona va diplomat sifatida ikki tomon ishbilarmonlarini bog‘lashdir.

Masalan, to‘qimachilik bor, albatta, ikkala taraf to‘qimachilik bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, hamkorlik qilishimiz mumkin bo‘lgan ko‘plab sohalar mavjud, biz ko‘proq import qilishimiz va bozorni kengaytirishimiz mumkin. Bizning vazifamiz – tadbirkorlarni birlashtirish, uyog‘iga tadbirkorlarning o‘zi olib ketadi. Shuning uchun biz joriy yilning iyun oyida ko‘rgazmani O‘zbekistonda o‘tkazmoqchimiz.

Transafg‘on temiryo‘li kabi yangi yo‘llarning ochilishi ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmini, mahsulot turlarini oshiradi, iqtisodiyotni yuqori darajaga ko‘taradi, deb umid qilamiz.

— Bu davom etayotgan jarayon. O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Pokistonga bordi. U bilan birga biznes delegatsiyasi ham bor edi. Savdoni qanday rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar bo‘ldi. Ko‘p narsa kelishib olindi va biz ularni amalga oshirishga harakat qilyapmiz. Shuningdek, Pokiston-O‘zbekiston-Afg‘oniston hamkorligini kengaytirish yuzasidan uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uni amalga oshirishga umid qilamiz. Bizning vazifamiz – qilingan xayrli ishlarga o‘z hissamizni qo‘shishdir.

Ikki davlat o‘rtasidagi turizmni rivojlantirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tsak.

— Turizmda salohiyat juda katta. Pokistondan O‘zbekistonga ko‘p odamlar tashrif buyurishlarini aytgan bo‘lardim. Ayniqsa, Samarqand va Buxoroga. Ular bizning umumiy madaniy merosimiz bo‘lgani sababli ham odamlar ko‘rishni juda xohlaydi. Aytib o‘tganimdek, Pokiston 250 million aholiga ega mamlakat, shuning uchun O‘zbekistonga kelishi mumkin bo‘lgan pokistonliklar soni ko‘p.

Afsuski, koviddan keyin biz to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni tiklay olmadik. Parvozlarni qayta tiklay olsak va to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga ega bo‘lsak, katta imkoniyatlar mavjud. Har ikki tomon bu borada ishlamoqda. Bu – xalqlar o‘rtasida aloqa o‘rnatishning asosidir. Qachon ular kelib, bir-birlarini ko‘rishganda buni tushunishadi. Pokistonlik sifatida yana shuni aytolamanki, O‘zbekistonning mehmonlarga ko‘rsatadigan ko‘p narsalari bor.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Pokiston va O‘zbekistonning bir qancha shaharlari birodar shaharlarga aylanishgan.

— Darhaqiqat, Toshkent va Islomobod allaqachon qardosh shaharlar va ular mahalliy hokimiyatlararo hamkorlikni rivojlantirish uchun bir-biri bilan ish olib bormoqda. Samarqand va Lahor orasida ham shunga erishish sari harakatlar boshlangan. Chunki Samarqand O‘zbekistonning muhim madaniy shahri, Lahor esa Pokistonning madaniy poytaxti. Bu hamkorlikni rivojlantirish uchun boshqa shaharlar ustida ham ishlayapmiz. G‘oyamiz – xalqlarimizning o‘zaro munosabatini o‘rnatish.

O‘zingiz necha yoshligingizda va qanday qilib O‘zbekiston haqida tasavvurlaringiz shakllangan?

— To‘g‘risi, hozirgi lavozimimga kelgunga qadar men Markaziy Osiyoda hech qachon xizmat qilmaganman. Aytganimdek, mening xizmatim boshqa mintaqalarda bo‘lgan. Men Toshkentga ilk bor 2019 yilda Shanhay Hamkorlik Tashkiloti majlisida va yana bir marta rasmiy uchrashuvda qatnashish uchun kelganman. O‘zbekiston haqida bila boshlaganimda O‘zbekistonga elchi bo‘lib, Pokiston vakili bo‘lishimni bilmasdim. Lekin mening O‘zbekiston bilan tanishuvim ancha oldin bo‘lgan, chunki otam menga Bobur haqida juda ko‘p hikoyalar aytib berar edi. Shuning uchun o‘g‘limga O‘zbekistonga ketayotganimizni aytganimda, u “Yashasin! Bobur yurtiga ketyapmiz”, dedi. Farg‘ona, Samarqand tarixi – bular men bilan umrim davomida birga bo‘lgan.

Pokistonda Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyatiga qanday qaraladi?

— Men esa sizga shuni aytamanki, ko‘plab yosh bolalarga Bobur ismi qo‘yilgan – barchaga birdek tanish ism. Uning nomi bilan atalgan yo‘llar bor. Aytganimdek, men otamdan Bobur haqidagi hikoyalarni eshitardim. Bu juda keng tarqalgan, bizning madaniyatimiz, tariximizning bir qismidir. Bobur, Olamgir, Xurram – bular ko‘p uchraydigan ikki xalqqa tegishli ismlardir.

23 mart – Pokistonda milliy kun sifatida nishonlanadigan bayram. Shu kun haqida ham gapirib bersangiz.

— Ta’kidlaganingizdek, 23 mart Pokiston tarixida juda muhim kundir. Janubiy Osiyo juda katta hudud va ko‘plab xalqlarga ega va ular orasida, albatta, musulmon xalqi ham bor. Janubiy Osiyo musulmonlari 1940 yil 23 martda Quaydi A’zam (Buyuk sardor) – Muhammad Ali Jinna boshchiligida rezolyutsiya qabul qilib, o‘z vatani sifatida Janubiy Osiyoda mustaqil Pokistonga ega bo‘lishni xohlashlari haqida rasman qaror qilgan va buning uchun siyosiy kurashni boshlagan. Quaydi A’zam boshchiligidagi 7 yillik tinch siyosiy kurash orqali biz Pokistonga erishdik. Bu Pokiston rezolyutsiyasi kuni deb ham yuritiladi.

1930 yilda faylasuf shoir Muhammad Iqbol o‘zining musulmon xalqiga qilgan mashhur murojaatida musulmonlarga Janubiy Osiyoda alohida vatan bo‘lishi uchun harakat qilish kerakligini taklif qilgan edi. Murojaatdan 10 yil o‘tib, rezolyutsiya qabul qilindi. Nihoyat, Quaydi A’zam rahnamoligida mustaqillikka erishdik. Bu juda muhim kun va har yili Pokiston armiyasi, dengiz floti va havo kuchlari tomonidan juda katta harbiy parad bilan nishonlanadi. Shu kuni boshqa ko‘plab tadbirlar qatori Pokiston Islom Respublikasi prezidenti san’at, adabiyot, ilm-fan va boshqa sohalarda ulkan xizmatlarini ko‘rsatgan insonlarni mukofotlar va nishonlar bilan taqdirlaydi.

Muqaddas Ramazon oyida turibmiz. Kuzatuvchilarga Ramazon tabrigi, tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat.

— Biz hozir O‘zbekiston va Pokiston kabi butun dunyo musulmonlari uchun juda muhim bo‘lgan barakali, fayzli va muqaddas Ramazon oyida turibmiz. Bu oy Alloh Subhanu taoloning marhamati yog‘iladigan oydir. Shunday ekan, men birodar O‘zbekiston xalqiga o‘zimning eng yaxshi tilaklarimni tilayman. Pokiston xalqi, o‘zim va oilam nomidan O‘zbekiston xalqini kelayotgan Hayit bayrami bilan tabriklayman. Pokiston va O‘zbekiston do‘stligi abadiy bo‘lsin!

Elchi bilan kamera qarshisidagi suhbatimizni iftorlik vaqtida yakunladik – xonadon bekasi Lina Faruq bizni pokistonliklarning milliy taomlari bilan bezatilgan dasturxonga taklif etdi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: