Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, loyiha doirasida yuk terminali, keytering, yonilg‘i quyish majmuasi va boshqa xo‘jalik binolari qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, aeroportning yo‘lovchi terminali quvvati soatiga 1 ming nafarga yetkaziladi. Yuk terminali tadbirkorlik, eksport va tranzit salohiyatini oshiradi.
Shu bilan birga, maxsus servis texnikalari parki yangilanadi. Bu istalgan turdagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkonini yaratadi.
“Davlatimiz rahbari aeroportning samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Mahalliy va xalqaro reyslarni ko‘paytirish, logistika imkoniyatlaridan to‘la foydalanish zarurligini ta’kidladi. Chiptalar narxini aholiga qulay qilish asosiy vazifa etib qo‘yildi”, – deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2023 yil 1 sentabr kuni Uzbekistan Airports Namangan xalqaro aeroporti terminalining 1-bosqich rekonstruksiya ishlari yakunlangani haqida xabar bergandi.
O‘shanda foydalanishga topshirilgan uchib kelish zalida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning umumiy maydoni 720 kvadrat metrdan 1756 kvadrat metrgacha oshirilgani, bu bilan terminalning o‘tkazish qobiliyati 3 baravarga oshib, eng tig‘iz vaqtda 300 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata olish imkoniyatiga ega bo‘lgani xabar qilingandi.
- Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.