2025−2026-yillarda O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish ishlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 2024 yil 4 mart kuni prezident imzolagan qaror ilovasida belgilab qo‘yilgan.
Prezident qarori bilan tasdiqlangan rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasida Prezident huzuridagi Statistika agentligiga 2025−2026-yillarda aholini ro‘yxatga olish ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan.
Yo‘l xaritasida 2024 yil davomida agentlik aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini davom ettirishi belgilangan.
Jumladan:
- aholini ro‘yxatga olishni aholining keng ommasiga tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flayer va bukletlar tayyorlash;
- 2021 yilda o‘tkazilgan sinov natijalari va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida aholini ro‘yxatga olish savolnomalari shakllarini takomillashtirish;
- xalqaro tajriba va ekspertlar tavsiyalari asosida «Aholini ro‘yxatga olish» axborot tizimini takomillashtirish;
- «STATA» amaliy dasturiy paketi litsenziyasini xarid qilish va unda ro‘yxatga olish natijalarining chiquvchi jadvallari namunalarini shakllantirish;
- aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejasini ishlab chiqish vazifalarini amalga oshirish belgilangan.
Aholini ro‘yxatga olish esa 2025−2026-yillarda o‘tkazilishi, natijalar 2026−2027-yillarda tayyorlanishi va e’lon qilinishi belgilangan.
O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish umummilliy tadbiri 2022 yilda o‘tkazilishi kerak edi. Xususan, 2019 yil 5 fevralda «O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident farmoni, 2020 yil 16 martda «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingandi.
Keyinchalik koronavirus pandemiyasi tufayli mazkur tadbirni o‘tkazish muddati uzaytirildi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, respublikada aholini ro‘yxatga olish ishlari 2023 yilning 1-25 noyabrida o‘tkazilishi belgilangandi. Biroq bu tadbir 2023 yilda ham amalga oshirilmadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda so‘nggi marta aholini ro‘yxatga olish ishlari sobiq ittifoq davrida, 1989 yilda o‘tkazilgan.