“Maqsadim pul emas, bolalarga yordam berish” – gapirish va eshitishda nuqsoni bor bolalar uchun robotlar yasayotgan o‘zbek yigiti

O‘zbekiston 11:57 / 24.02.2024 6365

Nutqida va eshitishda nuqsoni bolalarga yordam berishni o‘z oldiga maqsad qilgan Nodir Kamolov tili chuchuk bolalarning gapirishiga yordam beruvchi robotlar seriyasini kashf qilgan. Biroq yosh ixtirochi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston sharoitida robototexnikadan daromad ko‘rish qiyin ekanligini aytdi. “Chunki bu yo‘nalishda buyurtma oluvchilar yo‘q”, — dedi u.

Nodir Kamolov 29 yoshda. U Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida tahsil olgan. Hozirda mazkur ta’lim dargohining doktoranturasida izlanishlarini davom ettirmoqda. O‘zbek tilida so‘zlashuvchi robotlar ustida tadqiqotlar olib boradi. Shu bilan birga Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent davlat axborot texnologiyalari universitetida matbuot kotibi sifatida ishlab keladi.

Eshitish va gapirishda nuqsoni bor bolalarga yordam berish robototexnik bo‘lishga undadi”

6 yildan buyon o‘zbek tilida so‘zlashuvchi robotlar bo‘yicha izlanishlar o‘tkazaman. Bir necha yil avval eshitish va nutqida nuqsoni bor bolalarga mo‘ljallangan Olmazor tumanidagi bir maktabga tadbirga borganimda o‘sha yerdagi bolalarni kuzatib, ularga yordam berishni o‘z oldimga maqsad qilgan edim. Shundan so‘ng tili chuchuk bolalarning gapirishiga ko‘maklashadigan robotlarni ixtiro qilish bo‘yicha chuqurroq izlana boshladim. Hozirgacha “Nodbot” deb nomlanuvchi robotlar seriyasini ixtiro qildim, uning 3 ta rusumi ishlab chiqilgan.

“Nodbot” ning so‘nggi modeli maktab yoshidagi bolalar bilan o‘zbek tilida so‘zlashadi. Ushbu robotni eshitish qobiliyatida nuqsoni bor bolalarga koxlear implantatsiya amaliyotini bajargandan keyingi reabilitatsiya jarayonida ham qo‘llash mumkin. “Nodbot”ning 3 versiyasi logoped tomonidan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar o‘rnini muayyan darajada bosa oladi. Robot bilan muloqot geymifikatsiya (kompyuter o‘yinlariga xos bo‘lgan texnik yondashuvlar) ko‘rinishida bo‘lgani uchun boladagi reabilitatsiya jarayoni odatdagidan ko‘ra tezroq kechadi.

Bu robotimizga 1200 dollardan oshiqroq xarajat qildik. Unga o‘zbekcha so‘zlar, hatto murakkab jumlalar ham kiritilgan. Ma’lumki, Google, Yandeks xizmatlari o‘zbek tilidagi g‘, h, q tovushlarini qabul qilolmaydi, lekin bu robot dasturiga ayni shu harflar ham joylashtirilgan.

Robototexnikada daromad yuqori, biroq…

Sohada daromad topish dunyo miqyosida yaxshi, ammo respublikamiz doirasida sal qiyinroq masala. O‘zim ham bu sohada daromad uchun faoliyat yuritmayman, robototexnika yo‘nalishida yoshlarga yordam berish, talaffuzida nuqsoni bor bolalarga ko‘maklashishga harakat qilaman, ya’ni mablag‘ topish asosiy harakat richagi emas.

Hozircha sohadagi daromad miqdori nisbiy: oyiga 2 mln ham yoki 200 mln ham topish mumkin. Ko‘proq pul ishlash uchun mutaxassis robotlarni o‘zi ixtiro qilishi va o‘sha ixtirosi qayerdadir qo‘llanishi kerak. Agar ixtiro haqiqatan biror korxona, zavod yoki tashkilotdagi jarayonlarni avtomatlashtirsa, o‘sha joydagi ishlarning tez va oson hal qilinishiga hissa qo‘sha olsagina, yaxshi homiylar chiqadi va startaplarni moliyalashtiradi. Biror korxonaning xodimi sifatida ishlash hisobida aytadigan bo‘lsak, o‘rtacha maosh 5 mln so‘m atrofida bo‘ladi.

Talabgir robototexnik bo‘lish uchun bir qancha sohalarni yaxshi bilish talab etiladi, xususan, dasturlash, sxemo-texnika, robot-dizayn singari yo‘nalishlardagi bilimlarni puxta o‘zlashtirish zarur. Robototexnikaning qiyin tomoni ham shu: bir vaqtning o‘zida bir nechta sohada o‘z ishining ustasi bo‘lish lozim.

Sohani rivojlantirish uchun avtomatlashtirishga ehtiyoj yetarli bo‘lishi kerak

Bizda aynan robototexnika bo‘yicha katta buyurtmalar oladigan markazlar yo‘q. Sohaning mamlakat miqyosida tez sur’atlarda rivojlanishi uchun yirik zavod-fabrikalar qurish kerak. O‘zbekistonda talabalar, maktab o‘quvchilari yasayotgan robotlar hali dunyodagi taraqqiy topgan boshqa davlatlar robotlari bilan raqobatlasha olmaydi, sababi ular ishlatayotgan xomashyolar oddiy (nodir xomashyolar katta mablag‘ talab etadi), yasagan robotlarining intellekt darajasi pastroq. AQSh, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya singari davlatlarda robototexnika yaxshi rivojlangan, ulkan zavod-fabrikalar bor, sohaga katta investitsiya kiritiladi. Ammo ularda ham rivojlanish tezda bo‘lib qolgani yo‘q, ushbu mamlakatlarda bir necha o‘n yillardan beri shu sohada tadqiqotlar o‘tkaziladi. Misol uchun, Yaponiyada robot-girgittonlar bor, kurerlarniku aytmasa ham bo‘ladi, bu narsa mijozlarga ham zavq bag‘ishlaydi.

Tibbiyot sohasida operatsiya jarayonlarida robotlardan foydalanilyapti, bu samaradorlikni oshiradi, sababi robotlarda aniqlik kuchli bo‘ladi. Xitoyda hatto pardoz qilib qo‘yadigan robotlar ham bor. Bunday ixtirolar vaqtni tejaydi, odam 1 soatda qiladigan ishni 20 daqiqada bajarib tugatadi. Mamlakatimizda robotlashtirishga ehtiyoj tug‘ilsa, bu soha tezroq rivojlanadi.

Soxta “olim”lar

Oliy maqsadim – akademik bo‘lish. Hozirgi vaqtgacha respublika va xalqaro miqyosidagi turli jurnallarda 20 dan ziyod ilmiy maqolalar chiqarganman. Ilmiy izlanishlar haqida qisqacha to‘xtalmoqchiman – bizdagi olimlar ancha kamtar, qilgan ishlarini ko‘rsatib, yetarlicha piar qilishmaydi. Tashqaridagi odamlar ularning nima ish bilan shug‘ullanayotgani, qanday yangiliklarni ishlab chiqishayotganini bilishmaydi. Fikrimcha, olimlarimiz ommaviy axborot vositalarida turli videochiqishlar bilan qilayotgan ishlarini ko‘rsatishlari kerak. Shunda ilm sohasiga yoshlarda ham qiziqish ko‘proq ortardi.

Tan olish kerak, ilmiy sohada bir qancha og‘riqli nuqtalarimiz bor. So‘nggi vaqtlarda ilmiy darajaga erishish uchun turli g‘irrom yo‘llardan foydalanish holatlari ko‘p uchrab turibdi. Xususan, pulga yozdirilgan ilmiy maqolalar, ko‘chirilgan ilmiy ishlar va hokazo... Scopus, Elsevier kabi yirik xalqaro jurnallarga mamlakatimizdagi ba’zi izlanuvchilar tomonidan yuborilgan ilmiy maqolalar plagiat bo‘lib chiqyapti, bu esa xalqaro ilm jamiyatida o‘zbek olimlariga nisbatan hurmat va ishonchni pasaytiryapti.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Abduqodir To‘lqinov, Javohir G‘ayratov,
Montaj-ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov.

Ko‘proq yangiliklar: