BMT doirasida bu ish bo‘yicha huquqiy jarayonlar avvalroq boshlangan. Falastin hukumati tayyorlagan ariza loyihasi 2022 yil 11 noyabrda BMT Bosh Assambleyasining 6 ta asosiy qo‘mitasidan biri bo‘lmish Maxsus siyosiy va dekolonizatsiya qo‘mitasi tomonidan ma’qullangan. Falastin BMTning to‘laqonli a’zosi bo‘lmagani sababli loyiha Nikaragua nomidan ovozga qo‘yilgan.
2022 yil 30 dekabrda rezolyutsiya Bosh Assambleya tomonidan 87 davlatning ma’qullashi, 26 davlatning qarshi chiqishi va 80 davlatning yo betaraf qolishi, yoki ovoz berishda ishtirok etmasligi bilan qabul qilingan. O‘zbekiston Maxsus siyosiy va dekolonizatsiya qo‘mitasi yig‘ilishida bu so‘rovni yoqlab ovoz bergan, Bosh Assambleyadagi ovoz berishda esa ishtirok etmagan.
2023 yil 20 yanvar kuni BMT Xalqaro adolat sudi bu so‘rov BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonidan sudga taqdim etilganini ma’lum qildi. Ish doirasidagi eshituvlarda 52 ta davlat va 3 ta xalqaro tashkilot ishtirok etishini bildirgan. Ular orasida bu rezolyutsiyaga qarshi chiqqan AQSh ham bor.
Rezolyutsiyaning 18-bandida suddan quyidagi masalalar bo‘yicha tavsiyaviy fikr berish so‘ralgan:
(a) Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi Isroil tomonidan muttasil ravishda toptalishidan, Isroilning 1967 yildan beri bosib olingan Falastin hududlarini uzoq vaqtdan buyon okkupatsiya qilib turishidan, bu yerlarga fuqarolarini ko‘chirib keltirishi va bu yerlarni anneksiya qilishidan, shuningdek, bu hududlardagi demografik tarkibni va muqaddas Quddus shahrining xususiyatlari va maqomini o‘zgartirishga qaratilgan harakatlaridan hamda yuqoridagilarga bog‘liq holda diskriminatsion qonunchilik va chora-tadbirlarni qabul qilishidan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar qanday?
(b) Isroilning yuqoridagi 18 (a) bandda keltirib o‘tilgan siyosati va amaliyoti okkupatsiyaning huquqiy maqomiga qanday ta’sir qiladi hamda bu maqom barcha davlatlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti uchun qanday huquqiy oqibatlarga olib keladi?
Kun.uz “Geosiyosat” dasturida bu mavzu borasida siyosiy tahlilchilar Farhod Karimov va Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.
— 52 mamlakat va uchta tashkilot – Arab davlatlari ligasi, Islom hamkorlik tashkiloti va Afrika Ittifoqi sudyalar oldida chiqish qiladi. Bu bilan musulmon dunyosida o‘zaro kelishuv shakllanyapti deyish mumkinmi?
Farhod Karimov: — 52 davlatning hammasi musulmon davlatlar emas, Yevropa, Afrika, Janubiy Amerika davlatlari, AQShning o‘zi ham bor. Agar shu davlatlar ichida AQSh va boshqa G‘arb davlatlari bo‘lmaganda bu ish ko‘rilmagan ham bo‘lardi, balki ular shu tarkibda bo‘lgani uchun ham bu ish sudda ko‘rilyapti deb o‘ylayman. Musulmon davlatlarning o‘zi yetarli bo‘lmasligini Islom hamkorlik tashkiloti va Afrika Ittifoqi birlashgani bilan ham izohlashimiz mumkin. Da’vo shunday bo‘lyaptiki, 1967 yilgi chegaralarga qaytish va 1967 yildan keyingi harakatlar, noqonuniy egallash xatti-harakatlariga baho berish. Faqat yer masalasi emas, u yerda yashayotgan odamlarga nisbatan qilingan jinoyatlarga nisbatan ham yuridik baho berish ko‘zda tutilgan.
Bu murojaatlarni tinglov 26 fevralgacha davom etadi, davlatlar o‘z pozitsiyasini, da’vosini bildiradi. Shundan so‘ng qaror qabul qilish bo‘ladi, oylab ham cho‘zilishi mumkin qaror chiqarish. Bu tinglovda musulmon davlatlari, Islom hamkorlik tashkilotining pozitsiyasi emas, shu paytgacha Isroilni qo‘llab kelgan davlatlarning pozitsiyasi qanday bo‘lishi muhim. Isroilni qo‘llab kelayotgan davlatlarning 51 davlat ichida bo‘lishi qiziq holat. Shu o‘rinda pozitsiyalar o‘zgaryaptimi yoki musulmon davlatlarining bu konfliktga aralashishi oldini olib vaqtdan yutishmi, degan savollar ham paydo bo‘ladi. Rostdan ham qaysidir ma’noda vaqtdan yutish borasida Isroilga qo‘l kelishi mumkin bu. Hali bu davlatlarning pozitsiyasini to‘liq bilmaymiz, balki ular Isroilning pozitsiyasini tushuntirish uchun chiqar, balki Isroil harakatlarini qoralab chiqishar.
Kamoliddin Rabbimov: — Boshlangan yangi sud ishi konsultativ maqomga ega. O‘ylashimcha, bu sud jarayoni keyinchalik xalqaro huquq doirasidagi ma’lum bir qadamlardan biri bo‘lishi mumkin. Arab davlatlari ligasi, Afrika Ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, YeIning ta’siri katta davlatlari, AQSh, Xitoy, Pokiston, Turkiya kabi davlatlar bor. Boshida bu tarkibda AQSh yo‘q edi, keyin qo‘shildi, bunga sabab tashabbusni global janubga yoki boshqa opponentlariga berib qo‘ymaslik deb o‘ylayman. Rasmiy Vashingtonda ham Isroilga nisbatan munosabat ikki xil, yagona qarash yo‘q.
Ikkita savol qo‘yilyapti. Falastinning uchta hududi: G‘arbiy sektor, G‘azo, Quddusda 1967 yildan keyin Isroilning xatti-harakatlari qanday bo‘ldi? Inson huquqlari buzildimi? Falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zlari belgilash huquqiga ta’sir qildimi, degan savollar qo‘yilyapti. Ikkinchisi esa, shunday bo‘lgan bo‘lsa, xalqaro huquqqa, tinchlikka qanday ta’sir qildi, degan savol qo‘yilyapti.
Xalqaro ekspertiza o‘tkazilsa, hech bir davlat Falastin xalqining haq-huquqi buzilmadi, Isroil Falastin hududiy yaxlitligiga ta’sir qilmadi, deb javob berolmaydi. Chunki Isroil muttasil Falastin davlatchiligining imkoniyatini bo‘g‘ib kelyapti, G‘arbiy sohilning taxminan 45 foizida yahudiylar aholi punktlari tashkil qilindi. Ya’ni Isroil tinch okkupatsiya siyosatini olib boryapti. Xalqaro ekspertlar fikricha, Isroilda haddan oshish, jazolanmaslik tafakkuri shakllanib bo‘lgan, bu esa AQShning global qudratiga salbiy ta’sir qilyapti. Lekin bir tomonni tanlash qiyin, ichki lobbilar Isroil tarafida, tashqi bosim esa Falastin tarafida.
Janubiy Afrika Respublikasining murojaati bilan bo‘layotgan sud 7 oktyabrdan keyin genotsid bo‘ldimi, degan savolga javob bersa, ikkinchi sud 1967 yildan keyingi Isroil xatti-harakatlariga baho beradi.
— BMT xalqaro sudi Isroil tomonidan Falastin yerlarining noqonuniy bosib olingani bo‘yicha avval ham ish ochganmi?
Kamoliddin Rabbimov: — Falastinliklar tomonidan Isroilga qarshi birinchi sud emas. 2004 yilda ikkinchi ommaviy Isroilga nisbatan namoyishdan keyin Isroil Falastin bilan chegarada devor qurgan 700 kmdan uzunroq. BMT bosh assambleyasi so‘roviga ko‘ra, bu qonuniy devor emas, chunki G‘arbiy sohilning katta qismini qo‘shib olgan bu devor bilan va Falastin xalqini ikkiga bo‘lib qo‘ygan. Ammo Isroil buni inkor qilib keladi. Devorning ikki tomonidagi odamlar bir-biri bilan aloqa qilolmaydi.
Xalqaro huquqni buzishda Isroilga yetadigani yo‘q. 7 oktyabrdan keyin shunday global kontekst paydo bo‘lyaptiki, dunyo hamjamiyati Isroil xatti-harakatlariga chidashi qiyin bo‘ladi. Global jamoatchilik fikri, jumladan, G‘arb jamoatchiligi vaziyatni boshqa tomondan ko‘ra boshladi, ayniqsa, YeI jamoatchiligi Falastin tomonda. AQShdagi isroilparast propaganda sabab nisbatan ularda Isroilni qo‘llash ko‘p edi, ammo so‘nggi vaqtlarda ularda ham bu tushuncha o‘zgarib bormoqda.
Farhod Karimov: — Isroil va Falastin o‘rtasidagi devor 2003 yil qurib boshlangan edi, balandligi 6 metr, tikanli simlar bilan himoyalangan, kichik bufer hududi ham bor. Bu devor terroristik hujumlarning oldini olish uchun qilingan degan vajlari bor. Bu devor Falastin hududi hisobiga qilingan, devorning o‘zi ham bufer hududlari bilan ancha joyni egallagan. 2004 yildagi sud devor Falastin yerlari hisobiga bo‘lganini e’tirof etgan, ammo bu sud hujjatlari Isroil tomonidan ratifikatsiya qilinmagan. O‘shanda ham AQSh pozitsiyasi eshitilgan, unda AQSh Isroil harakatlarini tushuntirish pozitsiyasida bo‘lgan. Hozirgi holatda ham tinglovlar qanday bo‘lishi noma’lum. To‘g‘ri, davlatlarda tushuncha o‘zgargan, lekin umumiy vaziyatga nisbatan hali ham HAMASni terroristik tashkilot deb bilishadi, hatto arab davlatlarida ham shu narsa bor. Hozirgi holatda ham katta ehtimol bilan Falastin davlati masalasi ko‘tariladi, faqat Isroil va HAMAS mojarosi emas. Asosiy masala Falastin xalqi huquqini o‘ziga berish va 1967 yilgi chegaralarda mustaqil davlat qurish bo‘ladi. Bu suddan katta narsa kutib bo‘lmaydi, tavsiyaviy ahamiyatga ega bo‘ladi bu.
— Isroilning homiysi bo‘lgan AQSh bu jarayonga qanday munosabatda bo‘ladi va qanday ta’sir o‘tkazishi mumkin?
Kamoliddin Rabbimov: — AQSh har doim ikki mustaqil davlat pozitsiyasida bo‘lgan, barcha prezidentlar buni takrorlab kelgan. Masalan, Klinton ikki davlatni yarashtirib, alohida davlatlar tuzishga ko‘p urindi, ammo Isroildagi o‘ng kuchlar bunga yo‘l qo‘ymadi. Isroil siyosiy elitasida shakllangan pozitsiya shundayki, Falastin davlati tashkil topsa, Isroil majruhlanib, ma’lum bir hududda bloklanib qoladi degan tushuncha bor. Ashaddiy o‘ng kuchlarda Isroil borgan sari kengayib borishi kerak, degan ambitsiya bor, yashirmaydi ham bu ambitsiyani.
Bugungi AQShda Isroil yukidan charchash ham bor. Tashqi bosim kuchli, arab dunyosidan yirik ittifoqchilari bor. Rossiya va Xitoy global janubni shakllantiryapti shu fonda, agar arab davlatlari AQShdan hafsalasi pir bo‘lib bu tarafga og‘ib ketsa, kuchlar global janubga o‘tib ketishi mumkin. Lekin yahudiy lobbisi Isroilni himoya qilish pozitsiyasida qat’iy turibdi. Agar Falastin davlati tashkil topmasa, AQShning global mavqeyiga katta zarar keltiradi.
Farhod Karimov: — AQShning Isroilga ajratadigan mablag‘larining bir yillik rejasi ko‘rib chiqildi, bu AQSh pozitsiyasini ham bildiradi. AQSh bir-ikkita holatdan keyin Isroilga nisbatan pozitsiyasini o‘zgartiradi deganimas. U doim bunday vaziyatda yo‘l izlagan. AQShda Isroilga nisbatan ikki xil munosabat bor: Isroil davlatiga nisbatan strategiya va Isroil hukumatiga nisbatan strategiya. Hukumatga bo‘lgan strategiya o‘zgarib turadi. Yaqin Sharqda mavjud bo‘lishlik Isroil bilan bo‘ladi AQSh uchun. AQShning bu pozitsiyasini boshqa davlatlar ham tushunib bo‘lgan. Faqat Isroil hukumatiga nisbatan taktik pozitsiyasini o‘zgartiradi, bunday holat AQSh tashqi siyosati tarixida ko‘p bo‘lgan.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.