Rossiyalik harbiy muxbir joniga qasd qildi. U Rossiya Avdiyivkada 16 ming askar yo‘qotgani haqida yozgandi

Jahon 18:00 / 21.02.2024 15216

Rossiyalik harbiy muxbir, «Nam pishut iz Yaniny» telegram-kanali muallifi, RF armiyasining Murz laqabi bilan tanilgan harbiy xizmatchisi Andrey Morozov o‘z joniga qasd qildi. Uning o‘limi haqida 21 fevral tongida «PriZrak Novorossii», «Soldatskaya pravda» va «Zapiski Veterana» kabi Z-kanallar xabar tarqatdi.

Harbiy muxbirlar bilan gaplashgan advokat Maksim Pashkovning aytishicha, Murz o‘zini otgan. «Tunda biz u bilan gaplashgandik. Bunday bo‘lishining hech qanday belgilari yo‘q edi», — deya qo‘shimcha qilgan Pashkov. Igor Strelkovning rafiqasi Miroslava Reginskaya ham Murz halok bo‘lganini tasdiqlagan. «Uni nima o‘ldirganini ko‘proq odamlar bilishi kerak», — deya yozgan Reginskaya o‘z telegram-kanalida va «Nam pishut iz Yaniny» kanalidagi so‘nggi postdan skrinshot keltirgan.

«DXR» jamoat palatasi rahbari Aleksandr Kofman Murzning o‘limi yuzasidan hamdardlik bildirgan. «Tinch uxla, Murz. Sen ulkan xatoga yo‘l qo‘yding, ammo uning uchun endi sendan boshqa hech kim javob bermaydi…» — deya yozgan u telegram-kanalida. «Meduza»ning e’tibor qaratishicha, Rossiyadagi RIA Novosti va TASS davlat agentliklari, shuningdek «Rossiyskaya gazeta» Kofmanning postiga asoslanib tarqatgan xabarlarida Murz vafot etganini yozishgan, ammo u o‘z joniga qasd qilganiga to‘xtalmagan.

RF mudofaa vazirligi ham Murzning vafoti yuzasidan izoh bermagan.

Andrey Morozov o‘z kanalidagi so‘nggi postlarda o‘lim oldidan yozilgan gaplarini joylashtirgan va «o‘zini otmoqchiligi»ni bildirgan. U o‘limidan «qayg‘uga tushmaslik»ni va o‘zini «LXR»dagi qabristonga ko‘mishni so‘ragan.

Postlarda aytilishicha, 20 fevral kuni qo‘mondonlik Murzni kanaldan qaysidir xabarni o‘chirishga majburlagan. Gap katta ehtimol bilan Murz Donetsk oblastining Avdiyivka shahrini egallagani yuzasidan bildirgan sharhi haqida ketmoqda. «Harbiy muxbir» anonima manbasiga tayangan holda Rossiya armiyasining Avdiyivkaga yurish davomidagi tiklanmas yo‘qotishlari soni 16 ming kishini tashkil etgan, bundan tashqari, 300 ga yaqin zirhli texnikalar yo‘q qilingan.

Rossiyalik propagandachilar bu post uchun Murzni qattiq tanqid qilib, uning Avdiyivkadagi yo‘qotishlar to‘g‘risidagi so‘zlari «feyk va RF mudofaa vazirligiga tuhmat hisoblanishi»ni aytishgan, deya yozadi BBC rus xizmati. Morozovning telegram-kanalida aytilishicha, uning postini o‘chirish to‘g‘risidagi buyruq «Vladimir Solovyov boshchiligidagi siyosiy fohishalar bosimi ostida» berilgan.

«Solovev Live» efirida Morozovni bulling qilishda ishtirok etgan rossiyalik propagandachi Yuliya Vityazeva ham o‘z telegram-kanalida uning o‘limi haqida post yozgan, ammo uning nomini keltirmagan. Vityazeva «o‘zini o‘ldirish — gunoh, zaiflik va mag‘lubiyat» ekanini ta’kidlab,  sodir bo‘lgan voqea «o‘z do‘sti va quroldoshining muammolari haqida bilaturib, unga hech qanday yordam ko‘rsatmaganlarning vijdoniga havola» ekanini qo‘shimcha qilgan. U avvalroq o‘z postida Morozovni o‘zini o‘ldirishga chaqirgandi, hozirda bu post o‘chirib yuborilgan. Vladimir Solovyov o‘z manziliga bildirilgan ayblovlarga munosabat bildirmagan.

Morozovning telegram-kanalida uning vasiyatnomasi va 1487-sonli artilleriya polki harbiysining harbiy prokurorga murojaati ham paydo bo‘lgan, unda qurollar taqchilligi, rotatsiya va tibbiy yordam yo‘qligi haqida so‘z boradi.

Ko‘proq yangiliklar: