Maishiy texnika importida yangi talab. Energosamaradorlik testlari ko‘p vaqt va xarajat talab qilyapti

Iqtisodiyot 17:47 / 20.02.2024 45556

2024 yil fevral oyidan boshlab O‘zbekistonga olib kiriladigan sovutkich, muzlatkich va konditsionerlar energosamaradorlik bo‘yicha sinovdan o‘tkazila boshlandi. Bu sinov bayonnomasini olmasdan turib, ularga muvofiqlik sertifikati berilmaydi va tovarni O‘zbekistonda sotish mumkin bo‘lmaydi.

Bu haqda Kun.uz'ga bir nechta maishiy texnika importyorlari ma’lum qildi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, sinov bayonnomasini olish qimmatga tushyapti, chunki energosamaradorlik bo‘yicha faqat bitta korxona – “O‘zeltexsanoat” uyushmasi huzuridagi “Eltech-Lab” MChJ sinov bayonnomasini bera oladi. Test natijalari chiqishi sovutkich va muzlatkichlar uchun 13 sutkani, konditsionerlar uchun esa 3-4 sutkani tashkil qiladi. Laboratoriya atigi bitta bo‘lgani uchun hozirda 30 dan ziyod importyorlar navbati kelishini kutayotgani aytilmoqda.

“Men hozir konditsioner olib kirsam, “Eltech-Lab” 1 oyda navbatingiz keladi deydi, navbatim kelganidan keyin kamida 3 sutka yana kutishim kerak. Ungacha tovarim bojxona omborida turadi”, deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan tadbirkor.

Yana bir tadbirkorning aytishicha, “tanish-bilish” bo‘lgani uchun u kamida 1 oy kutishi kerak.

“Tanish-bilish bo‘lgani uchun 1 oy kutishim kerakligini aytishdi, tanish bo‘lmaganlar 2 oy kutishini aytishmoqda. 2 oydan keyin navbat kelsa, sovutkich uchun 13 sutka, juda cho‘zilsa 18 sutkada sinov natijalari chiqarkan. Bungacha olib kelgan tovarim bojxona omborida turadi, har bir kun uchun to‘lov hisoblanib ketaveradi”, deydi u.

Hozircha “Eltech-Lab” faqat sovutkich, muzlatkich va konditsionerlarni sinovdan o‘tkazmoqda.

Tadbirkorlarni norozi qilayotgan yana bir jihat – sinovdan o‘tkazish to‘lovining qimmatligi. Ma’lum bo‘lishicha, bir turdagi konditsionerni sinovdan o‘tkazish to‘lovi 3 mln 800 ming so‘mni, sovutkich esa 9 mln 700 ming so‘mni tashkil qiladi. Bundan tashqari, tadbirkor bir xil markali maishiy texnika import qilsa-da, har bir partiyada kelgan tovar qayta va qayta sinovdan o‘tkazilishi kerak.

“Deylik, men 4 xil firma ishlab chiqargan konditsionerdan 50 tadan olib kelsam, 4 xilidan bittadan olib, laboratoriyaga topshirishim kerak. Har bitta konditsioner uchun 3 mln 800 ming so‘mdan to‘lov olishyapti, 15 mln 200 ming so‘m ularga pul to‘lashim kerak”, deydi konditsioner olib kiradigan tadbirkor.

Sovutkich va muzlatkichlar bilan bog‘liq vaziyat murakkabroq ekani aytilyapti.

“5 turdagi sovutkichkich olib kelaman, ularning ushlagichi, tepa va pastki qismlari bo‘linganida 5 xil sovutkich 25 xilga aylanadi. Jami 250 mln so‘m to‘lov qilishim kerak. Bunday tovardan bir oyda 4 marta olib kelsam, 1 mlrd so‘m to‘lashim kerak.

Ekologik sinov biz uchun ancha yengil, 1000 dona sovutkichdan bir dona olib, sinovdan o‘tkazib berishadi, 1 dona tovar uchun to‘lov qilamiz.

Bir xil firma, bir xil mahsulot olib kiraman, nega energosamaradorlik testida har bir partiya alohida sinovdan o‘tkaziladi? Bitta narsaga besh marta to‘lov qilishga majburlashyapti”, – deydi tadbirkor.

Barcha tadbirkorlar uchun bitta laboratoriya ishlagani sababli navbati kelishini kamida bir oy kutishga majbur bo‘ladigan tadbirkorlarning tovarlari sinov natijalari chiqquncha bojxona omborida turishi kerak.

Kun.uz'ning aniqlashicha, 120 kub tovar (tadbirkorlar asosan shu hajmda tovar olib kirishini aytmoqda) bir kun bojxona omborida turishi 120 ming so‘mni tashkil qiladi. Bu bir oy uchun tadbirkorga 3 mln 600 ming so‘m ortiqcha to‘lov degani.

“Bu shunchaki sun’iy ravishda importni cheklash. Laboratoriya davlatning biror korxonasi sifatida tashkil qilinsa, mayli edi, qanaqadir bitta MChJga bu huquq berib qo‘yilyapti.

“Eltech-Lab” energosamaradorlikni tekshiraman deb olib kelgan uskunaning o‘zi qanchalik ishonchliligi borasida ham bizda savollar bor. Laboratoriyaga borib keldim, uch nafar odam o‘tiribdi: bitta direktor, bitta o‘rinbosar va bitta ishchi ishlaydi.

4 dona xolodilnikni olib borsangiz, o‘zingiz tushirib berishingiz kerak. Laboratoriya xodimlari ham 3 kishi qanday qilib shuncha importyorning tovarlarini sinovdan o‘tkazamiz deb shikoyat qiladi”, – deydi tahririyat bilan gaplashgan maishiy texnika importchisi.

Sovutkich import qiladigan tadbirkorlardan birining aytishicha, u olib kirayotgan maishiy texnikalar jahon brendlari bo‘lib, ularning har bir uskunasi uchun ko‘pdan ko‘p patentlari bor.

“Brend sovutkichlar olib kiraman. Ularning Yevropa, Amerikada zavodlari bor, ularni Xitoy apparati bilan tekshirish umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Savollarimizga hech kim javob bermayapti. Nega bir xil narsani qayta-qayta sinovdan o‘tkazishim kerak. Konveyyerdan bir xil chiqadi-ku? Nega hozir “Eltech-Lab” degan bir MChJgina sinovdan o‘tkazyapti? Nega ulardan boshqa tashkilot yo‘q? Tadbirkorlar navbati kelguncha 1-2 oylab navbatda turishi kerak, yo‘qotiladigan vaqtimizning xarajatlarini kimdir hisob-kitob qiladimi? Bundan tashqari, mavsumiylik degan masala ham bor”, – deydi u.

Bu talab qayerdan paydo bo‘ldi?

2019 yildagi 4422-sonli prezident qaroriga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan boshlab ilgari foydalanishda bo‘lgan generator uskunalari, kuchlanishni pasaytiruvchi transformatorlar, elektr dvigatellar, shuningdek, energiya samaradorligi “B” va undan quyi toifadagi energiya sarflovchi maishiy elektr priborlarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlanadigan energiya samaradorligi “B” va undan quyi toifadagi energiya sarflovchi maishiy elektr priborlari ro‘yxatiga 18 turdagi texnikalar kiritilgan. Bular – markaziy isitish qozonlari, havo tortish kolpaklari, konditsionerlar, sovitkichlar, muzlatkichlar, suv isitkichlari, idish yuvish mashinalari, kir yuvish mashinalari, changyutkichlar, mikroto‘lqinli pechlar, monitorlar, maishiy statsionar elektr plitalar kabilardir.

Texnik tartibga solish agentligi matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, yuqoridagi hujjatga asosan maishiy texnikalarni testdan o‘tkazadigan sinov laboratoriyalarini ishga tushirish katta mablag‘ – 1 mln dollardan 3 mln dollargacha talab qilgani bois ishlar kechikkan. Birinchi laboratoriya (Eltech-Lab) ishga tushishi bilan birinchi bosqichda sovutkich va konditsionerlarni sinovdan o‘tkazish boshlangan.

2023 yil 8 dekabrda agentlik tizimidagi Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti 14 ta sertifikatlashtirish idoralariga xat yuboradi (hujjat Kun.uz ixtiyorida bor). Unda isitish qozonlari, sovitish va muzlatish uskunalari qo‘shimcha ravishda energosamaradorlik bo‘yicha sinovdan o‘tkazilishi shartligi nazarda tutiladi.

“Sertifikatlashtirish idorasi tomonidan muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirish jarayonida barcha ko‘rsatkichlarni sinovdan o‘tkazib, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirishingiz so‘raladi. Sinovlar to‘liq o‘tkazilmagan holatlar aniqlanganda, ushbu mahsulotlar sifati kafolatlanmagan hisoblanadi va importiga taqiq kiritiladi”, – deyiladi xatda.

Sertifikatlashtirish idoralari sertifikatlashtirish ishlarini bajarishda belgilangan tartib-taomillar buzilgan taqdirda 300 BHM (102 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortilishidan ogohlantirilgan.

Shunday qilib, bu tovarlarni O‘zbekistonga olib kiruvchi tadbirkorlar muvofiqlik sertifikati olishi uchun avval energosamaradorlik bo‘yicha sinov bayonnomasini olishi kerak, aks holda, ular bu mahsulotlarni olib kira olmaydi.

“Eltech-Lab”

Kun.uz muxbiri maishiy texnika importchisi sifatida “Eltech-Lab” MChJga borib, ayrim savollarga javob oldi. MChJ hozirda “Eltexsanoat” binosi ichida, laboratoriya esa “Texnopark”da joylashgan. Tashkilot xodimlarining aytishicha, 30 dan ziyod sovutkich va konditsioner import qiluvchi firmalar sinov natijalarini kutmoqda.

“Narx – elektr toki iste’moli, uskunalarning xarajatlari va xodimlarning maoshidan kelib chiqib belgilanadi. Bir tekshirishda 12 ta xolodilnikni tekshira olamiz. Bitta sovutkich 13 kun maboynida kamerada turadi”, – deydi xodimlardan biri. U tadbirkorlar kamida 1 oy kutishi kerakligini tasdiqladi.

Xodimlar nima sababdan bir xil markali tovar yangi partiyada kelsa, qayta sinovdan o‘tkazilishi haqidagi savolga javob bermadi.

“Yangi partiya tovar olib kelsangiz, yangi navbat va yangidan to‘lov qilib, kutasiz. Tovaringiz markasi bir xil bo‘lsa ham, yangi partiyadan olib kiryapsizmi, bo‘ldi, sinovdan o‘tkazilishi kerak”, – deydi xodimlardan biri.

E’tiborlisi, 2024 yil 10 yanvarda qabul qilingan 15-sonli qarorda 2024 yilda “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga “Eltech-Lab” MChJda sinov laboratoriyasini jihozlash uchun davlat budjetidan bosqichma-bosqich 25 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

15-sonli qaror mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yangi imtiyozlar paketini taqdim etishi va importga qo‘shimcha talablar kiritishi bilan yanvar oyida muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Keyinchalik bu hujjatning ayrim qismlari Adliya vazirligi ekspertizasidan o‘tkazilmagani, hujjatning o‘zi esa Savdo-sanoat palatasi va Prezident huzuridagi kengash bilan kelishilmagani ma’lum bo‘ldi.

“Eltech-Lab” MChJ 2022 yil 11 noyabrda Toshkent shahri, Shayxontohur tumanida ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – boshqa toifalarga kiritilmagan professional, ilmiy va texnik faoliyat. Ustav fondi – 1 mlrd 150 mln so‘m. Korxonaning 100 foiz ulushi O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari uyushmasi – “O‘zeltexsanoat”ga tegishli.

Korxona rahbari sifatida Qo‘shaqov Sardorbek Inomjonovich ko‘rsatilgan.

Nega bu huquq faqat bitta MChJda?

Kun.uz'ning bu savoliga javoban Texnik tartibga solish agentligining ma’lum qilishicha, shu yil 10 yanvardagi 15-sonli qarorning 8-bandiga asosan, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan majburiy ko‘rsatkichlarni aniqlashni to‘liq ta’minlaydigan, belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan sinov laboratoriyasi mavjud bo‘lmagan sertifikatlashtirish organlari tomonidan elektrotexnika mahsulotlariga muvofiqlik sertifikatlarini berish taqiqlangan.

“Bugungi kunda respublikada maishiy sovutkichlar va konditsionerlarga talablarni belgilovchi ISO 5151, GOST R MEK 62552-3-2018, GOST R MEK 62552-2-2018 standartlari amalda bo‘lib, ushbu standartlarda xavfsizlik, energiya samaradorlik va elektromagnit moslashuvchanlik ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha talablar belgilangan.

Jumladan, “Eltech-Lab” MJCh qoshidagi laboratoriya energiya samaradorlik ko‘rsatkichini sinash imkoniyatiga ega.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qolgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha sinovlarni 14-sertifikatlashtirish idorasi qoshidagi akkreditlangan sinov laboratoriyalarida amalga oshirish imkoniyati bor.

GOST R MEK 62552-3-2018, GOST R MEK 62552-2-2018 standarti talablariga ko‘ra, maishiy sovutkichlarning sinov jarayoni 13 sutkani, konditsionerlarniki 3 sutkani tashkil qiladi”, – deyiladi agentlik izohida.

Agentlik matbuot kotibi Abdurauf Rasulov bergan qo‘shimcha izohga ko‘ra, hozir energosamaradorlik bo‘yicha respublikada akkreditatsiyadan o‘tgan bitta laboratoriya bor, yilning oxirigacha 2 ta laboratoriya tashkil qilinadi.

“O‘zimizdagi laboratoriyani 204 mln yevro Koreya granti asosida qilyapmiz. “Eltexsanoat” ham laboratoriyasini kengaytiradi. Hozirgi bilan qo‘shilgan holda yangi laboratoriya tashkil qilinadi”, – dedi agentlik matbuot kotibi o‘z izohida.

U nima sababdan laboratoriyalar soni ko‘paytirilib, tanlov imkoniyati yaratilganidan keyin bunday majburiy talab qo‘yilmadi, degan savolga agentlik mas’ul boshqarmasi javobini taqdim qildi:

“Tadbirkorlik shunaqa soha-da, pul nuqtayi nazaridan ishlaydi. Ular bunday talablar qo‘yilayotganini oldindan bilgan, shunga qaramay mol olib kelgan. Bugungi kunda bitta laboratoriya ekanini bilib turib ham mol olib kelyapti. Xuddi shu qulaylik yaratib berish uchun 2400 yevroga biz, qariyb 1 mln dollarga “Eltexsanoat” yangi laboratoriya qilyapti. Laboratoriyani tashkil etish bitta uskuna, ikkita odam bilan bo‘lib qolmaydi, katta mablag‘ bilan bo‘ladigan masala bu.

Navbatlar masalasini ham o‘ylayapmiz. Smena qo‘yib, 24 soat laboratoriyani ishlatish masalasini ham ko‘rib chiqyapmiz”.

Texnik tartibga solish agentligiga ko‘ra, yil oxirigacha ishga tushadigan laboratoriyalar imkoniyatidan kelib chiqib, boshqa maishiy texnikalarni ham energosamaradorlik bo‘yicha sinovdan o‘tkazish boshlanadi.

Madina Ochilova,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: