Arablar nimani Urzul Buxoriy deb atashadi? – “Zakovat”ning yil finalidan reportaj

Jamiyat 19:51 / 19.01.2024 11448

Jamoa a’zolari (suratda chapdan o‘ngga):

Sheroz Ismatullayev - metrolog;

Shavkat Ulug‘ov - muhandis-texnolog;

Farrux Rafiqov - muhandis-loyihachi (jamoa sardori);

Azizbek Abdullayev - ilmiy tadqiqotchi;

Mirjalol Kattayev - menejyer;

Abdug‘ani Inoyatov - shifokor.

Farrux Rafiqov jamoasi 2023 yilning qishki mavsum finali – yil finalida ishtirok etadi.

1-raundda Yosh arab yozuvchisi Adham Sharqoviy alam bilan yozishicha, hozirgi kunda odamlar Urzul Buxoriy haqida Imom Buxoriy haqida bilganlaridan ko‘ra ko‘proq bilishi ta’kidlanib, sandiqchada arablar Urzul Buxoriy deb ataydigan nima borligi so‘raldi. Bilimdonlar 1-raund savoliga javob topa olmagani bois hisob teletomoshabinlar foydasiga ochildi – 0:1.

Jamoa a’zosi Abdug‘ani Inoyatov 

2-raundda Mumbaydagi oliy toifali taksi kompaniyasi haydovchilari har kuni hindlarning 1 rupiylik tangasidan nima ishda foydalanishi haqida savol o‘ynaldi. Ushbu savol ham jamoaga qiyinchilik tug‘dirdi hisob 0:2 ko‘rinishini oldi.

Jamoa a’zosi Aziz Abdullayev 

3-raundda mashhur golland rassomi Vinsent van Gog iqtibosi asosida tuzilgan savol o‘ynaldi. Avvalgi o‘yinidan farqli ravishda bu o‘yinda jamoaning ishlari hadeganda yurishavermadi. 3-raund ham teletomoshabinlarga boy berildi. Hisob – 0:3.

Jamoa a’zosi Mirjalol Kattayev 

4-raundda Amir Temurning alifbodan dars bergan keksa ustozi mulla Alibekning qaysi nuqsoni sababli butun sinf qiynalgani so‘raldi. Ushbu raundga kelib nihoyat bilimdonlar ochko olishga muvaffaq bo‘ldi. Hisob – 1:3.

Jamoa sardori Farrux Rafiqov 

5-raundda 1369 yilda tug‘ilgan qaysi mashhur ijodkor haqida yozilgan maqolada, u xuddi pilladan ajralib chiqqan kapalakdek bo‘lgan – degan ibora ishlatilgani haqida savol o‘ynaldi. Muhokama davomida to‘g‘ri javob jamoaning o‘zida chiqqan bo‘lsa-da, jamoa bu variantga ishonmadi va daqiqa so‘ngida klub yordami olishga qaror qildi. Ammo klubdagilar ham birvarakayiga shu variantni aytganidan so‘ng, jamoa ushbu variantni berishga qaror qildi. Klubning to‘g‘ri yordami natijasida hisob 2:3 ko‘rinishiga keldi.

Jamoa a’zosi Shavkat Ulug‘ov 

Keyingi raundda inson 100 ming yillar burun bajara boshlagan qaysi ishda dastlab dengiz chig‘anoqlaridan foydalanilgani haqidagi savol berildi. Muhokama davomida jamoa har xil ko‘chaga kirib chiqqan bo‘lsa-da, afsuski, to‘g‘ri javob chiqmadi. Hisob – 2:4. 

Jamoa a’zosi Sheroz Ismatullayev 

7-raundda AQShda davlat kotibi bo‘lib ishlagan Madlen Olbrayt xonimning uchrashuvlarga turli hayvonlar tasviri tushirilgan to‘g‘nag‘ichlarda tashrif buyurgani haqidagi qiziqarli savol o‘ynaldi. Bu raundda ham jamoa turli variantlarni o‘rtaga tashlagan bo‘lsa-da, ular orasida to‘g‘ri variant yo‘q edi. Hisob – 2:5.

8-raundda yapon oshxonasi haqida savol o‘ynaldi. Yapon oshxonasida 2 ta jihatga qattiq e’tibor qaratilishi, unga ko‘ra, birinchi jihat – mahsulot yangi bo‘lishi kerakligi aytilib, bilimdonlardan ikkinchi jihatni topish so‘raldi. Taassufki, bu raundda ham jamoa to‘g‘ri javobga yetib bora olmadi va yil finalini teletomoshabinlarga boy berdi. Hisob – 2:6.

Shunday qilib, navbatdagi yil finalida ham bilimdonlar jamoasi mag‘lubiyatga uchradi. Shu sababli, qoidaga ko‘ra, yilning eng yaxshi bilimdoni finaldagi teletomoshabinlar (savol mualliflari) jamoasidan tanlandi. Madlen Olbrayt haqidagi savol finalning eng yaxshi savoli deb topilishi oqibatida ushbu savol muallifi Akmal Oripovga 100 million so‘m bilan birga yilning eng yaxshi bilimdoniga atalgan esdalik ham topshirildi. 

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin. 

1-raund. Savol muallifi: Suhrob G‘aybullayev, G‘ijduvon tumani

Boshlovchi: Zakovat sandiqchasi.

Yosh arab yozuvchisi Adham Sharqoviy alam bilan yozishicha, hozirgi kunda odamlar Urzul Buxoriy haqida Imom Buxoriy haqida bilganlaridan ko‘ra ko‘proq bilishadi. Sandiqchada butun dunyo biladigan Urzul Buxoriy bor.

Diqqat savol: Arablar nimani Urzul Buxoriy deb atashadi? Sandiqchada nima bor?

Javobni Azizbek Abdullayev beradi: Sandiqda tilla taqinchoq bor.

To‘g‘ri javob: Palov. Aytishlaricha, Saudiya Arabistoniga palovni Imom Buxoriy olib borgan ekan. Shu sababdan bu taomni Buxoriy palovi deb atashar ekan. Rostdan ham hozirgi kunda odamlar palov haqida Buxoriy hazratlari haqida bilgandan ko‘ra ko‘proq bilishadi.

Hisob: 0 - 1

Savol muallifi Suhrob G‘aybullayev 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

2-raund. Savol muallifi: Abdulaziz Do‘stmuhammad, Toshkent shahri

Boshlovchi: Xodimimiz qo‘lidagi tangaga qarang.

Bu hind 1 rupiylik tangasi. Mumbaydagi oliy toifali taksi kompaniyasi haydovchilarining cho‘ntagida albatta mana shu tangadan bitta bo‘lsa ham bo‘lishi talab etilar ekan. Haydovchilar har kuni bu tangadan bir ishda foydalanishadi.

Diqqat savol: Bu tangadan haydovchi har kuni aniq nima ishda foydalanadi?

Javobni Azizbek Abdullayev beradi: Oliy toifali taksi kompaniyalari mijozga har tomonlama qulaylik yaratishi kerak. Shu tanga orqali mashinada motor ishlayotganda ortiqcha silkinishlar yo‘qligini bildirish uchun tangani qo‘yadi. Tanga yuza bilan yaxshi ovoz chiqarganidan bilib olsa bo‘ladi.

To‘g‘ri javob: Har kuni reysga chiqishdan oldin tangani mashina ballonining izlariga tiqib ko‘radi. Agar ballon yedirilgan bo‘lsa, tangadagi sher ko‘rinib qoladi. Tanga to‘liq ko‘rinsa, ballonlar sifatli emas, uni almashtirish kerakligi aytiladi. Ular axir oliy tofiali taksi kompaniyasida ishlashadi.

Hisob: 0 - 2

Savol muallifi Abdulaziz Do‘stmuhammad 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

3-raund. Savol muallifi: Nigina Normatova, Chirchiq shahri

Boshlovchi: Mashhur golland rassomi Vinsent van Gog “Insonlar hayotining chuqur bilimdoni bo‘lgan. Inson vafot etgach, ularning ruhi osmon-u falakka asta-sekin yo‘l olib yulduzlarga aylanadilar, o‘z joniga suiqasd qilganlar tez yurar transportda u yerga yetib borishadi”, – degan.

Diqqat savol: Vinsent van Gog falakdagi yulduzlar oldiga oddiy poyezd va kemalarda yetib boruvchilar deb kimlarni aytgan?

Javobni Farrux Rafiqov beradi: Bu transportlarni biz ozgina tasavvur qilib ko‘rdik. Belanchakka o‘xshab yuradi, harakatlanadi deb o‘yladik. O‘ylashimcha, yosh bolalar va go‘daklar haqida gap ketyapti.

To‘g‘ri javob: Tez yurar emas, oddiy yuradigan kema va poyezdlarda falakdagi yulduzlar oldiga – vabo kabi yuqumli kasalliklardan kasallanib, vafot etganlarni nazarda tutgan. Chunki ular ancha yosh vafot etib ketishlari ham mumkin.

Hisob: 0 - 3

Savol muallifi Nigina Normatova 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

4-raund. Savol muallifi: Orifjon Bobonazarov, Paxtachi tumani

Boshlovchi: Sohibqiron Amir Temur hazratlari boshlang‘ich ma’lumotni muallim mulla Alibekdan olgan ekanlar. Qarangki, alifbodan dars beradigan mulla Alibekning bir nuqsoni sababli butun sinf juda qiynalishganligi yoziladi.

Diqqat savol: Yoshi o‘tgan tajribali o‘qituvchi mulla Alibekning qanday nuqsoni bo‘lgan?

Javobni Abdug‘ani Inoyatov beradi: Savol oxirida yoshi o‘tgan degan jumlalar ham bor edi. Bizningcha, yoshi o‘tgan sari uni tishlari tushishni boshlagan va bu narsa uni harflarni to‘g‘ri talaffuz qilishiga halaqit bergan. O‘qituvchi doim o‘rgatyotganda ba’zi harflarni talaffuz qilib beradi va bolalar orqasidan qaytarishadi. Shuning uchun o‘quvchilar harflarni o‘rganishga qiynalishgan.

To‘g‘ri javob: Mulla Alibek keksa tajribali bo‘lgan, keksa kishilarda esa bir nuqson paydo bo‘la boshlaydi. Mulla Alibekning old qatorda tishlari bo‘lmagani uchun talaffuzda qiynalishni boshlagan

Hisob: 1 - 3

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

5-raund. Savol muallifi: Xurshid Tursunov, Norin tumani

Boshlovchi: 1369 yilda tug‘ilgan bu mashhur ijodkor haqida yozilgan maqolada, u xuddi pilladan ajralib chiqqan kapalakdek bo‘lgan – degan ibora ishlatilgan. Bu bilan u ijodkorning qismatiga baho berilgan.

Diqqat savol: Qaysi o‘rta asr mashhuriga bu ta’rif berilgan?

Jamoa klub yordamidan foydalandi.

Javobni Farrux Rafiqov beradi: Nasimiy

To‘g‘ri javob: Nasimiyga. Said Imomiddin Nasimiyga. Misr hukmdori Sulton Muayyad tomonidan terisi shilib olingan. Maqolada terisi shilingan Nasimiy, pilladan ajralib chiqa olgan kapalakka qiyoslanadi.

Hisob: 2 - 3

Savol muallifi Xurshid Tursunov 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

6-raund. Savol muallifi: Xusan Yorqulov, G‘allaorol tumani

Boshlovchi: Inson bu ishni 100 ming yillar burun bajara boshlagan. Bu ishda dastlab insonga dengiz chig‘anoqlari yordam bergan ekan. Zamonaviy satiriklardan birining fikriga ko‘ra, erkak miyasi shu paytda bexato ishlashga harakat qilar ekan.

Diqqat savol: Qachon erkaklar miyasi chalg‘imay ishlaydi?

Javobni Shavkat Ulug‘ov beradi: Erkak kishi ayolini aldayotganda miyasi bexato ishlaydi.

To‘g‘ri javob: Bu paytda insonni xayoli chalg‘imasligi kerak, agar boshqa ishlarga xayoli ketib qolsa lat yeb qolishi mumkin. Keyin bu ish bilan asosan erkaklar shug‘ullanishadi. Bu ish soqol olish. 

Hisob: 2 - 4

Savol muallifi Xusan Yorqulov 8 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

7-raund. Savol muallifi: Akmal Oripov, Toshkent shahri

Boshlovchi: Bu 1997-2001 yillarda AQShda davlat kotibi bo‘lib ishlagan Madlen Olbrayt xonimning JAR prezidenti Nelson Mandela bilan tushgan surati. Olbrayt xonim juda jiddiy va cho‘rtkesar ayol bo‘lgan. U doim uchrashuvlarga kiyimiga turli tasvirdagi to‘g‘nog‘ichlar taqib borgan. Bu orqali uchrashgan kishilariga signal berib turgan, uchrashuv ijobiy tugaydimi yoki salbiy. Masalan, yuqoridagi suratda u zebra shaklidagi tanqinchog‘ini taqqan. Bu oq tanli va qora tanli insonlar tengligini, shu bilan muzokara ijobiy tugashini bildirgan. 1999-yilda Yugoslaviyadagi urush boshlangach, Olbrayt xonim bir uchrashuvda bu masalada savol berish kerak emasligini bildirish uchun bir jonzot tasvirlangan taqinchoq taqib keladi. Buni ko‘rgan jurnalistlar Yugoslaviya mavzusida savol berishmagan.

Diqqat savol: U qaysi jonzot tasvirlangan taqinchoqni taqib kelgan?

Javobni Abdug‘ani Inoyatov beradi: Taxminimizcha, baliq tasvirli to‘g‘nog‘ich taqib olgan. 

To‘g‘ri javob: Taqinchoqda bu jonzot 3 xil pozada tasvirlangan. Hech narsa eshitmayman, deb qulog‘ini berkitgan, hech narsa ko‘rmayman, deb ko‘zini, hech narsa gapirmayman, deb og‘zini berkitib olgan – maymun tasvirlangan. Maymun javobi to‘g‘ri. Bitta taqinchoqda 3 xil pozadagi maymun tasvirlangan.

Hisob: 2 - 5

Savol muallifi Akmal Oripov 10 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

8-raund. Savol muallifi: Rizo Jabborov, Karmana tumani

Boshlovchi: Yapon oshxonasi haqida ko‘p gaplar yozilgan. “Sakura va eman” asarida Yapon oshxonasida 2 ta jihatga qattiq e’tibor qaratilishi haqida yozilgan. Unga ko‘ra 1-jihat, mahsulot yangi bo‘lishi kerak. Ikkinchi jihat ham mahsulotga bog‘liq. Qolaversa 1-jihatdan kelib chiqilsa maqsadga oson yaqinlashishingiz mumkin.

Diqqat savol: Yapon oshxonasida yuqori baholanadigan ikkinchi jihat nima ekanini toping.

Javobni Farrux Rafiqov beradi: Mahsulot o‘zida tabiiy yetishtirilgan bo‘lishi kerak.

To‘g‘ri javob: 1-jihat mahsulot yangi bo‘lishi kerak. 2-jihat mavsumiy mahsulotlardan foydalanish. Bahorda bahorgi mahsulotlar, kuzda esa kuzda pishadigan mahsulotlardan taom tayyorlash haqida ketmoqda.

Hisob: 2 - 6

Savol muallifi Rizo Jabborov 12 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - Akmal Oripov (Madlen Olbrayt haqidagi savol bilan)

Akmal Oripov 100 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Akmal Oripov – 2023 yilning eng kuchli bilimdoni!

“Zakovat” teleo‘yini nizomiga ko‘ra, yil finalida teletomoshabinlar jamoasi g‘alaba qozongan taqdirda, yilning eng kuchli bilimdoni ham teletomoshabinlar jamoasidan aniqlanadi. Shu sababli yil finalida eng yaxshi savol muallifi deb topilgan Akmal Oripovga qoida tariqasida 2023 yilning eng kuchli bilimdoniga atalgan maxsus kubok ham topshirildi! 

O‘yinning to‘liq videosini ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: