Raqobat qo‘mitasi raisi Shohruh Shorahmedov Kun.uz’ga bergan intervyusida Uzum va Click kompaniyalari birlashuvi faqat qo‘mita ruxsati bilan amalga oshishini aytdi.
«Kompaniyalar birlashishga tayyorgarlik ko‘radi, bu normal holat. Ikki kompaniya kelishadi, hujjatlarni tayyorlaydi va qo‘mitaga topshiradi. Birlamchi kelishuv bo‘ladi, keyin hamma ruxsat hujjatlarini olgandan keyin yakuniy kelishuvga erishiladi.
Ammo buning uchun Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi ularning birlashuviga ruxsat berishi kerak. Chunki ular juda katta kompaniya. Birlashuviga ruxsat beramizmi-yo‘qmi, aniq ayta olmayman, chunki o‘rganishimiz kerak.
Aktivlari, aylanmalari, bozordagi raqobatchilari haqida ma’lumot berishi kerak. Biz bozordagi boshqa raqobatchilardan «sizlar qanday firkdasizlar, qanday xavf-xatarlar bor?» deb so‘raymiz. Ruxsat beramiz yoki bermaymiz – keyin aniq bo‘ladi», dedi Shorahmedov.
U Click kompaniyasining 11 milliondan ziyod foydalanuvchisi borligi, Uzum esa tez ommalashayotgani, shuning o‘ziyoq monopoliya xavfini tug‘dirishi mumkinligi haqidagi savolga javoban boshqa to‘lov tizimlarida ham million-million foydalanuvchilari borligini keltirdi.
«Bizda litsenziya olib, faoliyat yuritadigan to‘lov tizimlarining soni 52 ta. To‘lov tizimi bo‘lgani bilan, siz bemalol banklarning xizmatlaridan foydalanishingiz mumkin. Shunday bo‘lsa-da, ular bizning ruxsatimizsiz birlashsa, jazoga tortamiz», dedi qo‘mita raisi.
Ma’lumot uchun, kompaniyalar birlashuvi haqidagi rasmiy xabarlarda ular «kundalik muammolarni hal qilish va biznesni rivojlantirish uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta yangi servislarni ishga tushirishni rejalashtirayotgani» ma’lum bo‘lgandi. Click superapp’ga aylantirilishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekistondagi eng yirik ikki IT-kompaniya – Uzum va Click birlashishini ma’lum qildi. Birlashish bo‘yicha keyingi qadamlar to‘g‘risidagi bitim 12 iyun kuni Toshkentda imzolandi.
Jamoatchilikda Click va Uzum kompaniyalari qo‘shilishi borasida raqobat qonunchiligi yuzasidan savollar tug‘ilgach, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi rasmiy bayonot bergandi.
Qo‘mita rasmiy bitim hali tuzilmagani, Click ta’sischilari ro‘yxatiga o‘zgarishlar kiritilmagani va kompaniyalar qo‘mitaga murojaat qilmaganini bildirgandi. Ammo kompaniyalarning rasmiy bayonotida Click mulkdorlari Uzum'ning aksiyadorlariga aylanishi ma’lum qilingandi.
2022 yil dekabrida Uzum kompaniyasi «Kapitalbank»ning 50 foiz ulushini sotib oldi, undan avvalroq esa bankning shu’ba korxonasi bo‘lmish «Apelsin» raqamli banki Uzum ekotizimiga qo‘shildi va o‘z nomini Uzum Bank deb o‘zgartirdi. Ayni paytda bu brend ostidagi marketpleys ommalashib boryapti.