Eng arzon segmentdagi avtomobillar uchun boj to‘sig‘i pasaydi
Juma kuni kechqurun haftaning eng asosiy yangiliklaridan biri – ayrim toifadagi avtomobillar uchun boj to‘lovlarini kamaytirish bo‘yicha prezident qarori e’lon qilindi.
Qarorga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshmagan, dvigatel hajmi 1000 sm kubdan yuqori bo‘lmagan yangi yengil avtotransport vositalari uchun bojxona boji 2026 yil 1 yanvargacha 0 foiz deb belgilandi. Dvigatel hajmi 1000–1200 sm kub bo‘lgan avtomobillarni olib kirishda esa 5 foizlik boj stavkasi qo‘llanadi.
Bu ikki toifadagi avtomobillar uchun amaldagi stavkalar 15 foizdan bo‘lib, asosiy stavkaga qo‘shimcha koeffitsiyentlar ham belgilangan edi.
Rasmiylarga ko‘ra, yangi qaror natijasida narxi 10 ming dollar, dvigatel hajmi 1 000 sm kubgacha bo‘lgan avtomobilni O‘zbekistonga olib kirishdagi jami bojxona to‘lovlari taqriban 4 ming dollardan 2 ming dollarga kamayadi. Narxi 20 ming dollar, dvigatel hajmi esa 1,2 litr bo‘lgan avtomobilni olib kirish xarajatlari esa 10 ming dollardan 7 ming dollarga pasayadi.
Ikki yirik moliyaviy IT-kompaniya birlashmoqda
Uzum va Click kompaniyalari birlashyapti. Birlashish bo‘yicha keyingi qadamlar to‘g‘risidagi bitim 12 iyun kuni Toshkentda imzolandi.
“Kompaniyalar kundalik muammolarni hal qilish va biznesni rivojlantirish uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta yangi servislarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda” deyiladi Uzum kompaniyasi xabarida. Kompaniyalar Clickni superapp'ga aylantirishni rejalashtiryapti.
O‘tgan yil dekabrda Uzum kompaniyasi “Kapitalbank”ning 50 foiz ulushini sotib oldi, undan avvalroq esa bankning shu’ba korxonasi bo‘lmish “Apelsin” raqamli banki Uzum ekotizimiga qo‘shildi va o‘z nomini Uzum Bank deb o‘zgartirdi. Ayni paytda bu brend ostidagi marketpleys ommalashib boryapti.
Click va Uzum kompaniyalarining qo‘shilishi borasida jamoatchilikda raqobat qonunchiligi yuzasidan savollar tug‘ildi. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu kompaniyalarning birlashishiga Raqobat qo‘mitasi ruxsat berganmi, degan savolni o‘rtaga tashladi.
Uning ta’kidlashicha, Uzum guruhining moliyaviy xizmatlar va boshqa raqamli mahsulotlar segmentini kosmik tezlikda egallab borayotgani, Click esa to‘lov tizimi bozorida 11 million foydalanuvchi bilan eng katta o‘yinchi bo‘lgani hisobga olinsa, talabgorlar o‘zlari murojaat qilmagan taqdirda ham Antimonopoliya organi o‘zi mustaqil o‘rganish o‘tkazishi kerak edi.
Raqobat qo‘mitasi bunga javoban birlashish haqidagi rasmiy bitim hali tuzilmagani, Click ta’sischilari ro‘yxatiga o‘zgarishlar kiritilmagani va kompaniyalar qo‘mitaga murojaat qilmaganini bildirdi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, kompaniyalarning rasmiy bayonotida Click mulkdorlari Uzumʼning aksiyadorlariga aylanishi ma’lum qilingan.
Suv bo‘yicha “keskin takliflar”
Hukumat suvdan foydalanish bo‘yicha keskin takliflar tayyorlayapti. Bu haqda o‘tgan yilgi budjet ijrosi yuzasidan parlamentga hisob bergan iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Qudbiyev ma’lum qildi. Uning aytishicha, 2024 yilgi davlat budjetiga suvni tejashni rag‘batlantiradigan mexanizmlar kiritiladi.
“Suvni sarflash madaniyati va uni o‘lchash, yetkazib berish bo‘yicha juda keskin takliflar tayyorlanyapti. Ular tayyor bo‘lishi bilan 2024 yil budjet loyihasida ham ko‘rasizlar, suvga bo‘lgan munosabatimizni keskin o‘zgartiradigan va uni tejashni rag‘batlantiradigan mexanizmlar haqida o‘ylayapmiz”, – dedi vazir.
Qudbiyevning ma’lum qilishicha, 2022 yilda 1 mln 600 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlangan, 3,4 mln aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta O‘zbekistonga kelgan Xalqaro valuta jamg‘armasi raisi Kristalina Georgiyeva suv muammosiga e’tibor qaratgandi. U O‘zbekistonda suvning bozor narxi shakllanmagani, bu suvni tejashga rag‘bat uyg‘otish uchun birinchilardan bo‘lib qilinishi kerak bo‘lgan islohot ekanini aytgandi.
Ipoteka bank Yevropa kompaniyasiga sotildi
O‘zbekistonning beshinchi yirik banki bo‘lmish Ipoteka bankning 73,7 foiz ulushi Vengriyaning OTP guruhi nazoratiga o‘tdi. OTP bank O‘zbekiston hukumatining Ipoteka bankdagi ulushlaridan 75 foizi uchun kelishilgan summani 13 iyun kuni o‘tkazib bergan. Qolgan 25 foiz uch yil ichida sotib olinadi.
Vengriya banki va O‘zbekiston hukumati bu borada 2020 yildan beri muzokara o‘tkazadi. 2022 yil oxirida tomonlar o‘rtasida oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan.
OTP bank boshqaruv raisi o‘rinbosari Laslo Volfning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, birinchi bosqichda sotib olingan bankning 74 foiz ulushi uchun OTP guruhi 240 mln dollar to‘lagan. Bankning umumiy narxi esa 324 mln dollarga baholangan.
Hozircha Ipoteka bank nomi o‘zgartirilmadi, ammo bank nazoratchilari keyinchalik uning nomini OTP bankka o‘zgartirishi mumkin.
Bank boshqaruv raisi o‘rinbosari bankning moliyaviy imkoniyatlari kattaligidan kelib chiqib arzon xizmatlar taklif eta oladimi, degan savolga ham javob berdi.
“Men bozor narxidan past narxda xizmatlar taklif qilamiz deb o‘ylamayman. Lekin, albatta, biz narx oralig‘ining pastki qismida bo‘lishni xohlaymiz. Qayta moliyalash va depozitlar OTP banki uchun ham [boshqalar bilan] bir xil narxga ega bo‘ladi. Shuning uchun biz nisbatan arzonroq banklar qatorida bo‘lishga harakat qilamiz, lekin men ko‘pchilik raqobatchilarimizga qaraganda ancha arzon bo‘lishiga va’da bera olmayman”, - dedi Laslo Volf.
Muomaladan chiqqan pullarni almashtirish davom ettiriladi
Markaziy bank muomaladan chiqqan 50, 100, 200 va 500 so‘mlik pullarni almashtirish muddatini uzaytirdi.
2023 yilning 1 yanvarigacha qobiliyatini yo‘qotgan pul belgilari – 50 va 100 so‘mlik tangalarini, shuningdek, 50, 100, 200 va 500 so‘mlik banknotlarni amaldagi pul belgilariga almashtirib olish mumkin edi. Markaziy bank matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, muomaladan chiqqan bu banknotlarni almashtirish davom etadi.
Lekin buni tijorat banklarida qilib bo‘lmaydi, faqat Markaziy bankning Hisob-kitob kassa markazlariga murojaat qilish kerak. Rasmiy relizga ko‘ra, muddat uzaytirilganiga fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar asos bo‘lgan.
Asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldi
Markaziy bankdan uzoqlashmaymiz. 15 iyun kuni regulyatorning boshqaruv yig‘ilishi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, iqtisodiyotda inflatsiyaning fundamental va mavsumiy omillar ta’sirida sekinlashish dinamikasi davom etyapti. Yil oxirigacha joriy tendensiyalar saqlanib qolinishi bilan birga, inflatsiyani keskin oshiruvchi xatarlar vujudga kelishi ehtimollari kamayyapti.
Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining saqlanib qolinishi va tashqi sharoitlarning narxlarga nisbatan ta’sirlari mo‘’tadilligi inflatsiyani pasaytiruvchi omillar bo‘lgan.
Markaziy bank kelgusida asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlari yuzaga kelishi mumkinligini ta’kidladi, buning uchun bazaviy inflatsiya va inflyatsion kutilmalarning barqaror pasayish trayektoriyasiga o‘tishi, iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlanib qolishi kerak.
Soliqlardan yengilliklar e’lon qilindi
Jismoniy shaxslarning ayrim soliq qarzlaridan voz kechilmoqda. 14-iyunda qabul qilingan prezident farmoniga muvofiq, jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlariga hisoblangan penya summalari hisobdan chiqarilyapti. Ya’ni bunda 2023 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha muddatida to‘lanmagan qarziga hisoblangan penya summalari bekor qilindi.
Bundan tashqari:
- oxirgi 6 oy mobaynida moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan YaTTning qat’iy belgilangan miqdorlardagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqdan vujudga kelgan qarzi hamda ularga hisoblangan penya va jarimalar summasi;
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi uchun qo‘llangan jarimalar summasi ham bekor qilinyapti.
Ushbu soliq qarzi, penya va jarimalarni undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlari tugatiladi.
2024 yil 1 iyungacha yer uchastkalaridan hujjatlarsiz foydalanayotgan jismoniy shaxslarga yer solig‘ining 3 karra oshirilgan stavkasida soliq hisoblash tartibi to‘xtatiladi.
Fermer xo‘jaliklariga 2023 yil 1 iyun holatiga shakllangan suv solig‘idan qarzini 12 oy mobaynida teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etildi.
Madina Ochilova tayyorladi.
Operator – Mirvohid Mirrahimov.
Montajchi – Asror Almurodov.