Chevrolet Silverado, Nissan X-Trail va BYD SF – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 18:47 / 27.05.2023 75444

340 ot kuchiga ega Nissan X-Trail

Nissan Xitoy bozorida X-Trail modelining savdosini boshladi. U ikki xil komplektatsiyada xaridorlarga taklif etilmoqda. Xususan, Deluxe pozitsiyasi 27 000 dollarga baholangan bo‘lsa, Supreme komplektatsiyasi uchun 28 350 dollar so‘ralmoqda. Ikkala pozitsiya texnik tomondan bir xil, faqatgina qo‘shimcha imkoniyatlar bilan farqlanadi.

Foto: autohome.com.cn

“Supergibrid” Nissan X-Trail 2-avlod e-POWER gibrid tizimiga ega bo‘ladi. Ichki yonuv dvigateli faqat generator vazifasini bajarib beradi, ya’ni uning mashina g‘ildiraklariga umuman aloqasi yo‘q. Shu tomondan X-Trail elektromobilga juda o‘xshab ketadi. Ikkita elektromotor o‘rnatilgan — old va orqada. Ular jami 340 ot kuchini berishga qodir. Avtomobil batareyasini 1,5 litr hajmga ega 144 ot kuchini beradigan turbodvigatel quvvatlab turadi.

Foto: autohome.com.cn

Sun’iy Oy

Kanadalik tadbirkor Maykl Xenderson Dubayda Oyning ulkan nusxasi qurish taklifi bilan chiqdi. Qurilish qiymati 5 milliard dollarga baholanmoqda. 

Foto: AP

Qayd etilishicha, sharsimon inshoot 30 metrli binoning tepasiga o‘rnatiladi. Uning ichida 4000 xonali mehmonxona va dam olish maskani, 10 ming kishini sig‘dira oladigan sport saroyi, sog‘lomlashtirish markazi joylashgan kurort hamda mehmonlar sayr qilishlari mumkin bo‘lgan “oy koloniyasi” bo‘ladi.

BYD SF yo‘ltanlamasi

BYD kompaniyasi tez orada F nomi ostida yangi modelni taqdim etishini ma’lum qildi. Biroq batafsil rasmiy ma’lumot e’lon qilinmadi.

Mart oyida yo‘ltanlamasning ilk suratlari paydo bo‘lgandi. Ekspertlar BYD SF’ni Mercedes G-Class’ning raqobatchisi sifatida ko‘rmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, SF iyun oyida Xitoy bozori uchun sotuvga chiqishi mumkin.

Foto: bydglobal.com

Model uzunligi 5 metrga teng. U 680 ot kuchini beradigan dvigatel bilan jihozlanadi. Bir martalik to‘la quvvatlanish bilan 1200 kmgacha masofani bosib o‘ta oladi va o‘zida eng zamonaviy texnologiyalarni mujassam qiladi. Narx esa komplektatsiyasiga qarab 57 000 dollardan 85 620 dollargacha bo‘ladi.

YouTube Stories funksiyasi tugatiladi

Joriy yilning 26 iyunidan boshlab YouTube platformasi Stories funksiyasini tugatadi. Ushbu funksiya dastlab 2017 yilda Reels nomi bilan taqdim etilgan bo‘lib, 10 mingdan ortiq obunachiga ega foydalanuvchilar uchun mavjud edi. Biroq bu format ommaviylashmadi.

Chevrolet Silverado

AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) ma’lumotlariga ko‘ra, Chevrolet Silverado elektropikapining Work Truck komplektatsiyasi to‘la quvvat bilan 724 km masofani bosib o‘ta oladi.

Foto: Chevy
Foto: Chevy

Silverado WT 2023 yil yozidan sotuvga chiqadi. To‘rtala g‘ildirak ham tortish kuchiga ega, dvigatel esa 510 ot kuchini beradi. Tezkor quvvatlash imkoniyati mavjud. 10 daqiqada 160 km masofaga yetadigan quvvatga ega bo‘lish mumkin. Model narxi borasida hozircha rasmiy ma’lumot taqdim etilgani yo‘q.

Mask miya chiplarini odamlarda sinashga ruxsat oldi

Ilon Maskning miya chiplari ishlab chiqaruvchi Neuralink kompaniyasi klinik sinovlarni o‘tkazishga ruxsat oldi. Neuralink 26 may, juma kuni Twitter’dagi sahifasida: «Biz FDA (Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi) ruxsatnomasini olganimizni mamnuniyat bilan e’lon qilamiz», — deb yozdi.

Foto: Getty images

Xabarda Neuralink texnologiyasi ko‘pchilikka yordam berishiga ishonch bildirilgan. Kompaniya, shuningdek, birinchi klinik sinovlarda ishtirok etishni xohlovchilarni olish hali boshlanmaganini, biroq qo‘shimcha ma’lumotlar yaqin vaqt ichida ommaga e’lon qilinishini bildirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: