Kuchaygan Gemini, va’dasidan voz kechgan Google va yanada ochilgan ChatGPT - texnodayjest

Fan-texnika 10:52 / 09.02.2025 2090

Kun.uz yakunlanayotgan haftaning eng qiziqarli texno xabarlarini jamladi.

Gemini – yanada aqlliroq

Google o‘zining eksperimental sun’iy intellekt modelining yangilanishini taqdim etdi. Gemini 2.0 Flash Thinking nomli model murakkab savollarga qanday javob berganini tushuntirish qobiliyatiga ega. Ya’ni foydalanuvchi biror savolga javob olgach, sun’iy intellektdan bu javobni qanday qilib tuzganini batafsil so‘rab olishi mumkin.

Gemini foydalanuvchilari 5 fevraldan boshlab yangi modelni ishlata boshlashdi. Shu kundan boshlab YouTube, Google-qidiruv va Google-xaritalar bilan integratsiyalasha oladigan yana bir versiya ham tajriba tariqasida taqdim etildi.

Sun’iy intellekt texnologiyalari dasturchilarning ishini osonlashtiryapti. Google e’lon qilgan yangiliklar qatorida pulli versiya – Gemini 2.0 Pro modelining eksperimental versiyasi ham bor. Bu model kod yozish va matematik vazifalarni hal qilishda avvalgisidan ko‘ra aqlliroq ish tutadi.

Ma’lumot uchun, Google bu yil SI tadqiqotlariga 75 milliard dollar ajratishni rejalashtirmoqda, bu – 2023 yildagi 32,3 milliard dollardan ancha ko‘p.

Jadvaldan – diagrammaga

Google Sheets va Gemini integratsiyasi bilan, endilikda foydalanuvchilar jadvaldagi ma’lumotlarni vizual shaklga o‘tkazishlari mumkin. Sun’iy idrok jadvaldagi ma’lumotlar asosida trendlarni tahlil qilib, diagrammalar yasay oladi. Bu funksiya Google Workspace'ning aksariyat pulli tariflariga qo‘shilgan. Qolaversa, oylik to‘lovi 19,99 dollar bo‘lgan Google One AI Premium obunachilari ham yangi qulaylikdan foydalanishlari mumkin.

Gemini diagramma yasashda jadvaldagi ma’lumotlarni Phyton dasturlash tiliga o‘tkazadi yoki oddiy formulalardan foydalanadi. Hozircha bu funksiyaning asosiy kamchiliklaridan biri, yaratilgan diagrammalar statik bo‘lib, jadvaldagi ma’lumotlar o‘zgarganda avtomatik yangilanmaydi.

Insonga qarshi qurollar

Google o‘zining sun’iy intellekt sohasidagi tamoyillarini yangilab, “bezarar texnologiyalar” yo‘nalishida olgan majburiyatlaridan voz kechdi. Endilikda kompaniya shaxslarni kuzatuvga olish, qurollar va odamlarga zarar yetkazishga qaratilgan sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqmaslik majburiyatini olmaydi. Google bu qarorini “murakkab geosiyosiy vaziyat” bilan izohladi.

Ma’lumot uchun, Google ilgari AQSh Mudofaa vazirligi va Isroil hukumati bilan harbiy loyihalarda hamkorlik qilgan. Bunga qadar Meta va OpenAI kabi raqobatchilar ham o‘z mahsulotlaridan harbiy maqsadlarda foydalanishga ruxsat bergandi.

ChatGPT'dan akkaunsiz ham foydalansa bo‘ladi

ChatGPT'dan endi akkaunt ochmasdan yoki akkauntga kirmasdan turib ham foydalansa bo‘ladi, deya e’lon qildi OpenAI. Chatbotdan umuman akkaunt ochmagan holda foydalanish bilan bepul akkaunt orqali foydalanish o‘rtasida biror farq bor-yo‘qligi hozircha ma’lum emas.

Eslatib o‘tamiz, ChatGPT ilk marta ishga tushirilganida faqat pulli obunachilar uchun mo‘ljallangan edi. Keyinroq eng mashhur sun’iy intellektdan hamma foydalanishi mumkin bo‘ldi. Endi esa hatto akkaunt ochmay turib chatbotni ishlatish imkoni yaratildi. Bu bilan ChatGPT endi qidiruv tizimi sifatida Google va Bing bilan raqobatlashishi kutilmoqda.

Gavhar Ziyodullayeva tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: