Le Pen Putinning ta’siri haqidagi ayblovlarni rad etdi

Jahon 08:24 / 25.05.2023 6086

Fransiyaning o‘ng qanot populistik “Milliy birlashuv” partiyasi yetakchisi Marin Le Pen Rossiya prezidenti Vladimir Putinning unga nisbatan siyosiy ta’siri bo‘yicha ayblovlarni rad etdi, deb xabar beradi 24 may, chorshanba kuni AFP axborot agentligi.

"Men hech qachon ta’sir o‘tkazishga urinish qurboni bo‘lmaganman", dedi u parlamentda tashqi siyosiy aralashuv bo‘yicha eshituvlar chog‘ida. Uning partiyasi 2014 yilda Birinchi Chexiya-Rossiya bankidan olgan 9,4 million yevro miqdoridagi kreditni sharhlar ekan, Le Pen pulni hech qanday siyosiy majburiyatsiz olganini aytdi. "Agar men biror narsani (majburiyatlarni) o‘z zimmamga olishim kerak bo‘lsa, men unga imzo chekmagan bo‘lardim", dedi u.

Le Penning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda fransuz banklari uning partiyasi bilan biznes yuritishni istamagan va u xorijdan mablag‘ izlashga majbur bo‘lgan. “Men Vladimir Putindan emas, bankdan kredit oldim”, dedi siyosatchi.

“Milliy birlashuv” Birinchi Chexiya-Rossiya bankidan 2014 yilda – Le Pen qo‘llab-quvvatlagan Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishidan olti oy o‘tgach kredit oldi. 2016 yilda Rossiya Markaziy banki bankrot deb e’lon qilingan Birinchi Chexiya-Rossiya banki litsenziyasini qaytarib oldi. Keyin kreditga bo‘lgan huquqlar Rossiya harbiy korxonasi "Aviazapchasti" OAJga o‘tdi, u sovet davrida tashkil etilgan kompaniyaning vorisi bo‘lib, chet elda samolyot uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Ko‘proq yangiliklar: