Rossiya maxsus xizmatlari nemis amaldorlarini yollash uchun ularning ijtimoiy tarmoqlarini kuzatyapti - BfV

Jahon 08:22 / 27.07.2024 1865

Rossiya maxsus xizmatlari nemis rasmiylarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini «ta’sir o‘tkazishga urinishlarga moyil bo‘lishi mumkin bo‘lgan odamlarni aniqlash» uchun tahlil qilmoqda. Bu haqda 26 iyul, juma kuni Germaniya Konstitutsiyasini himoya qilish federal idorasi (BfV) rasmiy saytida e’lon qilingan «Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar» hisobotida aytiladi.

Departament, shuningdek, Rossiyaning Yevropadagi qo‘poruvchilik faoliyati kuchayganligini qayd etib, uning intensivligi Ukrainadagi urushning borishi va Moskvaning G‘arb davlatlari bilan munosabatlariga bog‘liq, degan xulosaga keldi. 

Xabarda aytilishicha, rossiyaparast hakerlar Germaniyaning turli departamentlari va kompaniyalari veb-saytlariga hujum qilishda davom etmoqda. Biroq, odatda, ularning harakatlari faqat internet sahifalariga kirishni vaqtincha cheklashga olib keladi. 

BfV ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya agentlari Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlarida ham o‘t qo‘yish holatlarini sodir etyapti. Bundan tashqari, xavfsizlik kuchlari Rossiya maxsus xizmatlari ishtirok etishi mumkin bo‘lgan vandalizm va tashviqot faoliyati holatlarini tekshirmoqda. Bunday operatsiyalarni «asosan yoshlar, rusiyzabon, mafkuraviy jihatdan rossiyaparast va past saviyali» agentlar amalga oshiradi, ular ham ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali yollanadi. 

Germaniya Rossiya maxsus xizmatlari diversiyalariga tayyorlanmoqda

2024 yil aprel oyi o‘rtalarida Bavariyaning Bayroyt shahrida politsiya Rossiya maxsus xizmatlari ko‘rsatmasi asosida Germaniyada qo‘poruvchilik tayyorlashda gumon qilingan ikki kishini qo‘lga oldi. Germaniya bosh prokuroriga ko‘ra, ularning vazifasi, xususan, «Germaniya tomonidan Ukrainaga ko‘rsatilayotgan harbiy yordamga putur yetkazish» edi.

10 iyul kuni Amerikaning CNN telekanali harbiy doiralardagi manbasiga tayanib «Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tuzilmalar» diversiyalar tayyorlayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar tufayli AQShning Yevropadagi harbiy bazalari iyun oyi oxirida yuqori darajadagi shay holatga keltirilgani haqida xabar berdi. Masalan, Shtutgartdagi AQShning Yevropa qo‘mondonligi shtab-kvartirasi joylashgan bazada xavfsizlik 10 yil ichida birinchi marta «Charli» darajasiga qadar kuchaytirildi. Bu daraja faqat «hodisalar sodir bo‘lganda, terroristik hujumi, harbiy xizmatchilar yoki inshootlarga hujum qilish ehtimolini ko‘rsatuvchi razvedka ma’lumotlari mavjud bo‘lganda» qo‘llanadi.

Ko‘proq yangiliklar: