Isroil prezidenti Isaak Hersog Ozarboyjonda bo‘lib o‘tgan BMT iqlim sammitiga (COP29) safarini bekor qildi. Yedioth Ahronot gazetasiga ko‘ra, bunga Turkiya havo hududini uning samolyoti uchun yopib qo‘yilgani sabab bo‘lgan. Boku bu borada Anqara bilan muzokara olib borgani, ammo ular «natija bermagani» ta’kidlanmoqda.
Prezident devoni dastlab safarning bekor etilishiga «xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar» sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Biroq, Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligining ismini oshkor etmagan rasmiysi Hersog xavfsizlik muammolari tufayli emas, balki Turkiya taqiqi tufayli Bokuga kelmaganini aytdi.
«Ozarboyjon iqlim konferensiyasida barcha tomonlarning ishtirok etishi uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratib berdi, biroq Isroil prezidenti tashrifi bilan bog‘liq holat mamlakatimizga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra yuzaga keldi», dedi manba.
Anqara va Tel-Aviv o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi harbiy amaliyoti fonida yomonlashdi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroil siyosatini bir necha bor tanqid qilib, anklavda sodir bo‘layotgan voqealarni genotsid deb atagan. Avgust oyida Turkiya parlamenti Adliya komissiyasi raisi Juneyt Yuksel mamlakat Isroilga qarshi Xalqaro Sudga kiritilgan jamoaviy da’voga qo‘shilganini e’lon qilgan edi.