Yevropa Ittifoqi kengashi Yevropa Ittifoqining yettita davlatida ortiqcha budjet taqchilligi yuzasidan rasman surishtiruv boshladi. Bu haqda 26 iyul, juma kuni kengashning rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda aytiladi.
Budjet taqchilligi haddan tashqari ko‘p bo‘lgan mamlakatlar qatorida Belgiya, Fransiya, Italiya, Vengriya, Malta, Polsha va Slovakiya bor. Ularning barchasida o‘tgan yili yalpi ichki mahsulotning 4 foizdan ortiq budjet taqchilligi kuzatilgan, Yevropa Ittifoqi qoidalariga ko‘ra esa, ruxsat etilgan maksimal qiymat 3 foizni tashkil qiladi.
Shunday qilib, Belgiyaning 2023 yil uchun budjet taqchilligi YaIMning 4,4 foizini, Polshada - 5,1 foiz, Fransiyada - 5,5 foiz va Italiyada - 7,4 foizni tashkil etdi - bu o‘rganilayotgan yetti mamlakat ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich.
Xabarga ko‘ra, yil oxirigacha Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga «defitsitni to‘g‘rilash uchun samarali choralar ko‘rish» bo‘yicha tavsiyalar ro‘yxatini ishlab chiqishi kerak. «Tavsiyalar raqamlar bilan ifodalangan tuzatuvchi budjet kursini va ularni amalga oshirish muddatini o‘z ichiga olishi mumkin», deb tushuntirdi Yevropa Ittifoqi kengashi. YeK noyabr oyida tavsiyalar berishi kutilmoqda.
Yevroparlament YeI budjet taqchilligi bo‘yicha yangi qoidalarni tasdiqladi
2024 yil aprel oyida Yevroparlament Yevropa Ittifoqining fiskal qoidalarini isloh qilishni ma’qulladi. O‘zgarishlar tufayli yuqori darajada qarzdor a’zo davlatlar qarz va budjet taqchilligini kamaytirishda ko‘proq moslashuvchanlikka ega bo‘ladi.
Yangi qoidalarda umumiy qarz yalpi ichki mahsulotning 60 foizidan oshmasligi kerakligi haqidagi talab saqlanib qolgan. Tashqi qarzi 90 foizdan ortiq bo‘lgan davlatlar esa har yili uning koeffitsiyentini 1 foiz punktga kamaytirishlari talab etiladi. 60-90 foiz ko‘rsatkichli davlatlar - 0,5 foiz punktiga.