10,8 ming dollardan sotuvga chiqqan Geely Coolray krossoveri va ekransiz noutbuk – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 20:02 / 20.05.2023 78517

Geely Coolray 2023

Greely kompaniyasi Coolray krossoverining 2023 yil uchun restayling versiyasini taqdim etdi. Yangilangan krossover allaqachon Xitoy bozorida sotuvga chiqarilgan.

Foto: autostat.ru

Avtomobil konfiguratsiyaga qarab 75,8 ming yuandan 95,8 ming yuangacha(10800 dollardan 13700 dollargacha) bo‘lgan narxlarda baholangan.

Foto: autostat.ru

Krossoverdagi asosiy o‘zgarish Geely Coolray’ning texnik imkoniyatlariga taalluqli: 3 silindrli turbodvigatel 1,5 litr hajmga ega, 181 ot kuchini beradigan 4 silindrli turbodvigatelga almashtirilgan. Avtomobilning maksimal tezligi – 200 km/soat.

Motorola Razr 40 Ultra

Motorola kompaniyasi o‘zining yangi smartfoni Razr 40 Ultra’ni ommaga taqdim etishga tayyor. Razr 40 Ultra buklanadigan smartfon bo‘lib, uning xususiyatlari, imkoniyatlari va narxi haqida hozircha rasmiy ma’lumot mavjud emas.

Foto: GSM Arena
Foto: GSM Arena

Insayderlarga ko‘ra, smartfon Snapdragon 8+ Gen1 chipida ishlaydi. Operativ xotira esa 12 gigabaytgacha bo‘ladi. Akkumulyatori sig‘imi – 3640 mA/soat. Tezkor quvvatlash imkoniyati mavjud. Qora, kulrang va qizil rangda sotuvga chiqishi aytilmoqda.

Qozog‘iston o‘zining aloqa sun’iy yo‘ldoshlarini ishlab chiqmoqchi

Qozog‘iston Fransiya kosmik sanoati yetakchilari bilan hamkorlikda o‘zining aloqa sun’iy yo‘ldoshlarini ishlab chiqarishni rejalashtiryapti.

Uch yildan so‘ng mahalliy dizaynerlar Qozog‘istonda yig‘ilgan qurilmani ishga tushirishga va’da berishyapti. Fransiya dunyodagi kosmik apparatlarni ishlab chiqarishning to‘liq sikliga ega bo‘lgan ikkita sanoatdan biridir – konsepsiya va texnologiyadan tortib, ishga tushirish va texnik xizmat ko‘rsatishgacha.

«Qozog‘istonda sun’iy yo‘ldosh yig‘uvchi korxonamiz bor. Shu sababli, ishlab chiqarish imkoniyatlarimizni Airbus kabi bozor yetakchilari bilan birlashtirishni istaymiz. Bizning asosiy maqsadlarimizdan biri - ana shunday hamkorlikdagi ishlar natijasida Qozog‘istonda to‘liq yig‘ilgan o‘z qozoq sun’iy yo‘ldoshimizni yaratish. Tashrif davomida ushbu masalalarni hal qilish bo‘yicha barcha texnik va tashkiliy masalalarni faol muhokama qildik», - degan Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoati vaziri Bag‘dat Musin.

Ekransiz noutbuk

Isroilning Sightful startapi Spacetop deya nomlangan noutbukni taqdim qildi. Innovatsion qurilmada odatiy ekran mavjud emas, foydalanuvchi AR-ko‘zoynak taqqanida qarshisida 100 dyuymli virtual ekran paydo bo‘ladi.

Foto: tomshardware

Spacetop'ning pastki qismi klassik noutbuklardan farq qilmaydi: sensorli panel, klaviatura, barmoq izlari skaneri va ulagichlar mavjud. Yuqori qismida esa ko‘zoynak uchun chuqurcha va boshni kuzatish uchun maxsus datchiklardan boshqa hech narsa yo‘q. AR noutbukining asosiy afzalligi ekranga qanday tasvirlar chiqqani va siz nima bilan shug‘ullanayotganingizni tashqaridan hech kim ko‘rolmaydi.

Foto: tomshardware
Foto: tomshardware

Noutbuk Android operatsion tizimida ishlaydi va Qualcomm Snapdragon 865 chipi bilan jihozlangan. Xotirasi 8+256 GB, og‘irligi 1,5 kg.

Asosiy kamchiligi — faqat veb-ilova orqali ishlay oladi. Spacetop taqdimotida may oyining oxirida bo‘lishi va 2000 dollar bilan sotuvga chiqishi kutilmoqda.

Exeed’dan 3ta premium model

Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida bir qator shartnomalar imzolandi. Xususan, Sirdaryoda Xitoyning Exeed brendi ostida avtomobillar ishlab chiqarish boshlanishi kutilyapti.

Foto: EXEED
Foto: EXEED

Zavodda uchta premium Exeed modeli — LX ixcham krossoveri, TXL o‘rta o‘lchamli krossoveri va VX to‘liq o‘lchamli yo‘ltanlamasini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ularning sotuvi iyun oyida boshlanadi va o‘sha vaqtda narxlar ma’lum bo‘ladi.

Loyiha butlovchi qismlardan yig‘ish (SKD) bosqichida yiliga 20 mingtagacha va to‘liq ishlab chiqarish sikli (SKD) bosqichida yiliga 150 ming donacha avtomobil ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.

Dubai Reefs

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yana bir futuristik obekt quriladi. Dubai Reefs nomi bilan atalgan turar joy maydoni suv ustida joylashadi. 

Dastlab, milliard marjondan iborat dunyodagi eng katta sun’iy rif quriladi. Uning ustida hashamatli villalar, savdo markazlari, istirohat bog‘lari, dengiz tadqiqoti laboratoriyalari va turli xil sayyohlik obektlari bo‘ladi. 

Bundan tashqari, o‘n millionlab mangrov ko‘chatlari ekiladi. Loyiha mualliflarining fikricha, Dubai Reefs noyob ekotizimga aylanishi lozim.

Obektning asosiy xususiyati ekologik toza oziq-ovqat ishlab chiqarish texnologiyasi bo‘lgan regenerativ dengiz dehqonchiligi bo‘ladi. Qayd etilishicha, turar-joy maydoni Dubayni global isish va dengiz sathining ko‘tarilishidan himoya qilishning muhim elementiga aylanishi kerak. 

Redmi’ning eng kuchli smartfoni

Redmi’ning eng kuchli smartfoni maqomini olishi kutilayotgan Redmi K60 Extreme Edition (Redmi K60 Ultra) iyul oyida taqdim etiladi.

Foto: shiftdelete.net

Smartfon MediaTek Dimensity 9200+ chipida ishlaydi. Bu chip o‘yinlarning ishlashida yuqori samaradorlikni ta’minlab beradi.

Qurilma 1,5 K tekis ekranga ega va u juda ingichka ramka bilan o‘ralgan hamda o‘ta yuqori bo‘lgan 144 gers chastotani qo‘llab-quvvatlaydi. 

Smartfon 5000 mA/soat quvvatga ega akkumulyator bilan jihozlangan. Tezkor quvvatlantirish imkoniyati mavjud. Asosiy kamera 50 megapikselli (IMX8 seriyasidagi kamera) bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, u flagmanlarga xos suratlarni qayta ishlash xususiyatini ham o‘zida jamlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: