21 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Yangihayot tumanidagi 331-maktabda ta’lim oluvchi bir guruh qizlar o‘rtasida janjal kelib chiqqani ko‘rsatilgan video tarqaldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2006 yilda tug‘ilgan H.S. va 2007 yilda tug‘ilgan D.U. qurilishi tugallanmagan obektda 2009 yilda tug‘ilgan S.X.ni urib, unga yengil tan jarohati yetkazishgan.
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi bosh boshqarmasi xabar berishicha, voqea 12 aprel kuni darsdan so‘ng sodir bo‘lgan, uni o‘quvchilarning o‘zi tasvirga olib, tarmoqlarga tarqatgan.
«Ushbu holatdan maktab ma’muriyati 12 aprel kuni kechki payt xabar topgan. Ertasi kuni janjal ishtirokchilarining ota-onalari chaqirtirilib, ular bilan tushuntirish ishlarini olib borilgan. Voqea yuzasidan maktab ma’muriyati Yangihayot tumani IIO FMBga murojaat qilgan. Ayni paytda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda», — deyiladi rasmiy izohda.
Poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi janjal 13 aprelda yuzaga kelganini yozmoqda. Holat yuzasidan Yangihayot tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.