«Manchester Siti» - «Chelsi» (3:1) o‘yinidan keyin Sky Spors efirida Pep Gvardioladan Abduqodir Husanovning debyuti va 3-daqiqadagi golga sabab bo‘lgan xatosi haqida so‘rashgach, ispaniyalik murabbiy yosh shogirdini qo‘llab-quvvatladi.
«U ingliz tilida gapirmaydi, shuning uchun biz Abduqodir bilan hali to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilolmayapmiz. Ehtimol, u bilan gaplashish uchun o‘zbek yoki rus tilini o‘rganishimga to‘g‘ri kelar. Unda hammasi joyida bo‘ladi. U hali faqat bitta yoki ikkita mashg‘ulotda qatnashdi, xolos. Men Chempionlar ligasidagi muhim o‘yinni inobatga olgan holda, Jon Stounzni jarohatidan keyin maydonga tushirib tavakkal qilishni istamagandim.
Jamoada futbolchilarning birdamligi juda muhim – bugun shuni ko‘rdik. Har qanday o‘yinchi xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin. Muxlislar hamisha yangi futbolchilarni qo‘llab-quvvatlaydilar. U hali juda yosh va u albatta o‘rganadi» – dedi «Manchester Siti» bosh murabbiyi Sky Spors efirida.
Ispaniyalik murabbiy BBC efirida ham Husanov haqida to‘xtaldi.
«U uchun bu oson emas. Tushuning, u bitta mashg‘ulot o‘tkazdi va shundan keyin Jyekson, Palmer, Madueke, Sancho kabi o‘yinchilarga qarshi maydonga tushdi.
Biz yosh futbolchini sotib olganimizda, bunday holatlar jarayonning bir qismi bo‘lishini bilganmiz. U o‘rganadi. Bunday vaziyatlar eng yaxshi saboq bo‘la oladi», - dedi Gvardiola Abduqodir haqida.
Ma’lumot uchun, ushbu bahsda Abduqodir 54-daqiqagacha harakat qildi va sariq kartochkasi sababli Gvardiola tomonidan zaxiraga olindi. «Siti» navbatdagi uchrashuvni YeChL guruh bosqich so‘nggi turi doirasida «Bryugge»ga qarshi o‘tkazadi. 29 yanvar kungi bahsda «shaharliklar» keyingi bosqichga chiqishi uchun faqat g‘alaba qanoatlantiradi.