AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z ma’muriyatiga Kolumbiyaga nisbatan boj tariflari va sanksiyalar joriy etishni buyurdi, deb xabar berdi BBC. Avvalroq, bu mamlakat rasmiylari migrantlarni olib ketayotgan AQSh harbiy samolyotlarini qabul qilishdan bosh tortgan, oqibatda samolyotlar orqaga qaytgan edi.
Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida «ko‘p sonli noqonuniy jinoyatchilarni olib ketayotgan AQSh ikki repatriatsiya samolyotiga Kolumbiyaga qo‘nishga ruxsat berilmagani haqida ma’lum bo‘lganini» yozdi.
Tramp bu harakat AQSh milliy xavfsizligiga zarar yetkazishini aytdi, shuning uchun u Kolumbiyaga qarshi turli choralar ko‘rishni buyurdi, jumladan:
- Kolumbiyaning barcha tovarlari uchun 25% boj;
- Kolumbiya hukumati amaldorlari va ularning barcha ittifoqchilari va tarafdorlari uchun sayohatni taqiqlash va AQSh vizasini darhol bekor qilish;
- Kolumbiyaning barcha partiya a’zolari, ularning oila a’zolari va Kolumbiya hukumati tarafdorlariga qarshi viza sanksiyalari.
«Bu choralar faqat boshlanishi», deb yozdi Tramp.
AQSh yangi prezidenti mamlakatni noqonuniy migrantlardan tozalashga, jumladan, ularni o‘z vataniga deportatsiya qilishga va’da bermoqda.