Germaniyalik muhandis Ryudiger Kox Panama sohillaridagi maxsus kapsula ichida 120 kun yashab, suv ostida eng ko‘p qolgan inson sifatida yangi rekord o‘rnatdi, deb xabar beradi The Guardian.
Qayd etilishicha, erkak yashagan 30 metr kvadratli kapsula 11 metr chuqurlikda bo‘lgan va barcha zamonaviy qulayliklar bilan jihozlangan, jumladan, u yerga karovat, hojatxona, televizor, kompyuter o‘rnatilgan. Shuningdek, kapsulaga internet ham tortilgan, hatto trenajyorda mashq qilish sharoiti ta’minlangan.
Kapsula uchun elektr energiyasi quyosh batareyalari yordamida ishlab chiqarilgan, ammo zaxira generatori ham bo‘lgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Koxning suvosti kapsulasi oziq-ovqat mahsulotlari uzatib turilgan suvosti xonasi bilan bog‘langan. Tashrif buyuruvchilar, jumladan, shifokorlar ham ushbu xonadan foydalangan.
Kox suv ostida 100 kun yashagan amerikalik Jozef Diturining rekordini yangiladi. Yangi rekord darhol Ginnesning rekordlar kitobi vakillari tomonidan qayd etilgan.
Ma’lum qilinishicha, Kox — Jyul Vernning «Suv ostida 80 ming kilometr» romani personaji kapitan Nemoning muxlisi hisoblanadi. U suv ostida ham kitobni qo‘lidan qo‘ymagan. Rekordchining so‘zlariga ko‘ra, shu orqali muhandis insonlar suv ostida yashay olishini isbotlamoqchi bo‘lgan.